So‘nggi oylarda biz AQSHning ko‘plab mamlakatlar, ayniqsa Xitoyga nisbatan misli ko‘rilmagan tarif siyosatini qabul qilganiga guvoh bo‘ldik. Donald Trampning saylovoldi nutqlaridan ma’lum bo‘lganidek, u hokimiyatga kelgach Pekinga nisbatan qattiq savdo siyosatini yuritishi kutilgan edi. Bu bashoratlar o‘zini oqladi, biroq Xitoy tovarlariga bojlarning 145 foizga oshirilishi hamda Xitoy hukumatining o‘z navbatida Amerika tovarlariga bojlarni 125 foizga ko‘tarishi ko‘pchilik uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Javob choralarini ko‘rar ekan, Xitoy AQSH tahdidlariga bo‘ysunmasligini va bu savdo urushida “oxirigacha kurashishi”ni ma’lum qildi.
O‘z navbatida, Oq uy Xitoyning harakatlariga javoban qo‘shimcha bojlarni 245 foizgacha oshirish bilan tahdid qildi. The Wall Street Journal gazetasi xabar berishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp import bojlarini bekor qilish evaziga 70 dan ortiq davlatni Xitoy iqtisodiyotini izolyatsiya qilishga ko‘ndirishni rejalashtirmoqda.
Bunga javoban Pekin Yevropa Ittifoqi, ASEAN va “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusiga a’zo mamlakatlar bozorlariga bosqichma-bosqich yo‘nalish olishni boshladi. Bundan tashqari, Xitoy savdo aloqalarini diversifikatsiya qilish doirasida o‘z ishlab chiqarish quvvatlarini Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari va Meksikaga muvaffaqiyatli ko‘chirdi. Shuningdek, yuqori bojlar sharoitida Pekin Vashington bojlarining oshishidan zarar ko‘rgan yirik davlatlar hukumatlariga rasmiy maktublar yo‘lladi. Xususan, AQShning sharqiy ittifoqchilari – Janubiy Koreya, Yaponiya va Avstraliya bilan faol muzokaralar olib borilmoqda, 13-17 aprel kunlari esa Si Szinpinning Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari – Vetnam, Malayziya va Kambodja bo‘ylab safari amalga oshirildi.
Shu bilan birga, Tramp va Sining o‘zaro kelishuvga tayyor emasligiga e’tibor qaratish lozim. Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshida Xitoy vakillarining Vashington bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishga urinishlari natijasiz qoldi, Oq uyning yangi ma’muriyati esa Pekin bilan muzokaralarni boshlashga shoshilmayapti. Rahbarlar va ularning ishonchli vakillari o‘rtasida barqaror aloqa kanallarining yo‘qligi AQSH-Xitoy kelishmovchiliklarining yanada kuchayishi xavfini tug‘dirmoqda. Ehtimol, tomonlarning keyingi qadamlari o‘zaro aks etuvchi xususiyatga ega bo‘ladi, bu esa yuqori darajadagi to‘laqonli muzokaralarni boshlash istiqbollarini yanada murakkablashtiradi.
Shunday qilib, AQSH va Xitoyning jahon iqtisodiyotidagi umumiy ulushini (taxminan 43%) hisobga olsak, dunyoning ikki yetakchi iqtisodiyoti o‘rtasidagi savdo qarama-qarshiligining ko‘lami va chuqurligi misli ko‘rilmagan darajaga yetdi. Bu butun jahon iqtisodiyoti uchun, ayniqsa ta’minot zanjiri barqarorligini ta’minlash nuqtai nazaridan salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan global savdoda jiddiy keskinlikni keltirib chiqarishi mumkin. Yangi muammolarni hisobga olgan holda, ko‘plab mamlakatlar o‘z tashqi savdo aloqalarini diversifikatsiya qilishga intilmoqda, bu esa jahon savdosi tuzilmasining qayta ko‘rib chiqilishi va qayta shakllantirilishiga olib kelmoqda.
Tahlilchilarning fikricha, yuqori tariflarning joriy etilishi barqarorligi ko‘p jihatdan eksport daromadlariga bog‘liq bo‘lgan o‘rta darajada rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotiga ayniqsa og‘ir zarba beradi. Yaqin kelajakda bunday davlatlar kapitalning chiqib ketishi va o‘sish sur’atlarining pasayishiga duch kelishi mumkin. Biroq, AQSH va Xitoy o‘rtasidagi uzoq davom etayotgan savdo ziddiyatlari sharoitida yangi imkoniyatlar ham paydo bo‘lmoqda - xususan, har ikki tomondan investitsiyalarni jalb qilish, qo‘shma korxonalar tashkil etish va muqobil transport-logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.