Islomxon Gafarov “Oʻzbekiston 24” telekanalining “Studiya 24” dasturida mehmon sifatida ishtirok etdi. Dastur davomida u Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi integratsiya jarayonlari, mintaqaviy siyosatdagi ijobiy o‘zgarishlar hamda “C5+” formati doirasidagi xalqaro hamkorlik masalalarini tahlil qildi.
Uning ta’kidlashicha, hozirgi bosqichda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida ochiq siyosiy muloqot shakllanmoqda. Tashqi savdo, energetika, transport-kommunikatsiya loyihalari va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish kabi yo‘nalishlarda sezilarli yaqinlashuv kuzatilmoqda. Bu esa mintaqaviy integratsiyani faqat siyosiy emas, balki iqtisodiy va gumanitar sohalarda ham mustahkamlayapti.
Mutaxassis, shuningdek, “C5+” formati – AQSh, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Koreya Respublikasi va Xitoy kabi yirik tashqi hamkorlar bilan mintaqaviy muloqot maydonining kengayib borayotgani haqida to‘xtalib o‘tdi. Bu format, Gafarovning fikricha, mintaqaviy manfaatlarni global kun tartibiga olib chiqish, xavfsizlik, barqarorlik va taraqqiyot bo‘yicha birgalikda yechimlar topishda muhim vositaga aylanmoqda.
Suhbat davomida u O‘zbekiston tashqi siyosatining ochiqlik va konstruktiv hamkorlikka asoslangan yangi modeli, davlatlararo ishonch muhitining kuchayishi va bu jarayonlarda fuqarolik jamiyati roliga ham alohida e’tibor qaratdi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.