Jahon oziq-ovqat dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 340 milliondan ortiq kishi o‘tkir oziq-ovqat tanqisligidan aziyat chekmoqda. Bu raqamlarning har biri ortida aniq insonlar turibdi. Bundan tashqari, ularning ikki millionga yaqini ochlik yoqasida bo‘lib, ahvoli fojiali deb baholanmoqda. Ya’ni, hozirgi kunda odamlar kasallik yoki qarilikdan emas, balki eng oddiy narsa – oziq-ovqat yo‘qligidan vafot etmoqda.
Shu bilan birga, BMTning atrof-muhit dasturi (YUNEP) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda yiliga 1 milliard tonnaga yaqin oziq-ovqat mahsulotlari yoki iste’molchilar uchun mavjud bo‘lgan barcha oziq-ovqatning beshdan bir qismi chiqitga chiqarilmoqda. Oziq-ovqat chiqindilari nafaqat ochlik muammosini kuchaytirmoqda, balki ekologiyaga ham jiddiy zarar yetkazmoqda. Ular global issiqxona gazlari chiqindilarining taxminan 10 foizini tashkil etadi. Shu sababli, oziq-ovqat chiqindilarini kamaytirish ham oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ham iqlimni muhofaza qilish va resurslardan oqilona foydalanishning muhim qadamidir.
Ta’kidlash joizki, oziq-ovqat chiqindilarining asosiy qismi (taxminan 60%) uy xo‘jaliklariga to‘g‘ri keladi, qolgan qismi umumiy ovqatlanish korxonalari (28%) va chakana savdo (12%) o‘rtasida taqsimlanadi. Bundan tashqari, mahsulotlarning qariyb 13 foizi peshtaxtalarga yetib bormasdan, ya’ni hosilni yig‘ish, saqlash va tashish bosqichlarida yo‘qoladi.
Dunyoning ko‘plab mamlakatlari, jumladan O‘zbekistonda ham oziq-ovqat chiqindilarini kamaytirish sohasida turli xil texnologik yechimlar tobora ko‘proq joriy etilmoqda. Shu nuqtai nazardan, bizningcha, qadimdan mavjud bo‘lgan oziq-ovqatga ehtiyotkorlik va hurmat bilan munosabatda bo‘lish kabi an’anaviy qadriyatlarni mustahkamlash muhim yo‘nalishdir. Bu nafaqat madaniy xususiyat, balki xalq axloqining ajralmas qismi bo‘lgan O‘zbekistonga ham bevosita taalluqlidir. Bugungi kunda ham, iste’molning o‘sishi va shaharlashtirish jarayonlariga qaramay, mamlakatimizda oilalarda bunday munosabatni saqlab qolish va rivojlantirish g‘oyat muhimdir.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.