Janubiy Osiyodagi geosiyosiy muvozanat va AQSh – Pokiston yaqinlashuvi

Sharh

20 Avgust 2025

Ulashish

Janubiy Osiyodagi geosiyosiy muvozanat va AQSh – Pokiston yaqinlashuvi

Muallif: Bobur Mingyasharov

 

2025-yil avgust oyida AQSh Davlat departamenti Balujiston Ozodlik Armiyasi (BLA) va uning tarkibiy bo‘linmasi – Majid brigadasini Xorijiy terroristik tashkilot (FTO) sifatida ro‘yxatga oldi. Bundan tashqari, Majid brigadasi BLAning ilgari maxsus tayinlangan global terrorchi (SDGT) maqomiga ega bo‘lgan tuzilmaga taxallus sifatida qo‘shildi. Ushbu qaror nafaqat mintaqaviy xavfsizlik, balki xalqaro geosiyosiy muvozanat nuqtayi nazaridan ham katta ahamiyat kasb etadi.

 

AQSh – Pokiston yaqinlashuvi. Mazkur qaror Pokiston armiyasi boshlig‘i, general Osim Munirning Vashingtonga tashrifidan so‘ng e’lon qilindi. Bu esa AQSh va Pokiston o‘rtasidagi aloqalarda yangi bosqichning boshlanishidan darak beradi. So‘nggi yillarda Islomobodning Pekin bilan siyosiy-iqtisodiy yaqinlashuvi kuzatilayotgan edi. Shunday sharoitda BLAni terrorchi tashkilot sifatida belgilash Vashington tomonidan Pokistonga bildirilgan siyosiy ishonch va hamkorlik signali sifatida talqin qilinishi mumkin.

 

Energetika omili. Bu jarayon fonida AQSh prezidenti Donald Tramp Pokiston bilan mamlakatning yirik neft zaxiralarini o‘zlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilganini e’lon qildi. Shartnoma Pokiston mahsulotlari uchun AQSh bojlari pasayishini ham ko‘zda tutadi. Pokiston moliya vaziri Muhammad Aurangzeb bu kelishuvni ikki tomonlama munosabatlar uchun “yutuq” deb atadi.

 

Kelishuvning tafsilotlari hozircha to‘liq ochiqlanmagan bo‘lsa-da, energetika hamkorligi Islomobod va Vashington o‘rtasida savdo-investitsiya aloqalarini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Muhimi shundaki, bu yangilik AQShning Hindistonga Rossiya bilan savdo aloqalari uchun 25 foizlik boj joriy qilganidan atigi bir kun o‘tib e’lon qilindi.

 

Hindiston va Xitoy omili. AQShning BLAni terrorchi tashkilot sifatida belgilash qarori Hindiston manfaatlariga zid bo‘lishi mumkin. Chunki BLA ko‘plab hujumlari orqali Xitoy-Pokiston iqtisodiy koridori (CPEC)ni zaiflashtirib kelgan, bu esa Dehliga ma’lum darajada qulaylik yaratgan edi. Endilikda guruh faoliyatining cheklanishi CPEC xavfsizligini oshiradi va Pekinning mintaqadagi pozitsiyasini mustahkamlaydi.

 

Shu bilan birga, AQShning Hindistonga qarshi boj choralarini joriy qilishi va Pokiston bilan energetika sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishi Janubiy Osiyoda yangi strategik vaziyatni yuzaga keltiradi. Bu holat Vashingtonning Nyu-Dehli bilan aloqalarida muvozanatni qiyinlashtirishi mumkin.

 

Xulosa. Umuman olganda, BLAni terrorchi tashkilot sifatida belgilash va Pokiston bilan energetika kelishuvi mintaqaviy geosiyosiy dinamikaga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Bir tomondan, AQSh – Pokiston munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda, boshqa tomondan, Hindiston va Xitoy bilan murakkab strategik muvozanat qayta shakllanmoqda. Bu jarayon Janubiy Osiyo va unga tutash hududlarda yangi diplomatik dinamika va raqobat maydonini yuzaga keltirishi kutiladi.

 

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.