Mualliflar: Roksana Izzatova, Dilorom G‘ulomjonova, Mushtariybonu Nazarova, JIDU talabalari, IXTI amaliyotchilari
2017-yilda Emmanuel Macron va Angela Merkel tashabussi bilan tashkil qilingan Future Combat Air System (FCAS) hozir parchalanish yoqasiga kelib qoldi. Germaniya va Fransiya o‘rtasida yangi avlod qiruvchi samolyotlarini ishlab chiqish bo‘yicha kuchayib borayotgan ziddiyat faqat sanoatga oid kelishmovchilik emas, balki Yevropaning xavfsizlik sohasida strategik mustaqillikka erishish ambitsiyasining zaif ekanligini ham ko‘rsatadi. FCAS dasturi va Yevropaning mudofaa integratsiyasi, kuchayib borayotgan siyosiy, sanoat va strategik xavflar tufayli tahdid ostida qolmoqda.
Ukrainadagi mojaro va transatlantik makondagi o‘zgarishlar Yevropaning o‘z xavfsizlik masalalarida ko‘proq mas’uliyatni zimmasiga olishi kerakligi haqidagi talablarni kuchaytirdi. Bir necha 10 yillar davomida Yevropa xavfsizligi asosan NATO va shu orqali AQSHga bog‘liq bo‘lib kelgan. Biroq Fransiya strategik noaniqlik va AQShning uzoq muddatli majburiyatlariga oid xavotirlar sabab “strategik avtonomiya” konsepsiyasini yana kun tartibiga olib chiqdi. Germaniya esa o‘zining an’anaviy atlantik yondashuviga qaramay, ayniqsa 2022-yildagi Zeitenwendedan so‘ng bu qarashni tobora ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Ammo strategik avtonomiyaga ehtiyoj borligi bo‘yicha umumiy kelishuv mavjud bo‘lsa-da, hamkorlikdagi sa’y-harakatlar oson kechmayapti.
FCAS loyihasi Yevropaning kelajakdagi havo kuchlari salohiyatining asosi bo‘lishi kerak edi, u ilg‘or qiruvchi samolyotlar, dronlar va raqamli jangovar tizimlarni birlashtirishni nazarda tutgan. Biroq kelishmovchilik markazida harbiy talablar o‘rtasidagi tub nomuvofiqlik yotadi. Fransiya bir tomondan o‘z mudofaa sanoatidagi strategik mustaqilligini va eksport erkinligini saqlab qolmoqchi. Germaniya esa boshqa tomondan umumiy boshqaruv va parlament nazoratiga urg‘u beradi. Fransiyaga yadro qurollarini tashiy oladigan va aviatashuvchilardan uchib chiqadigan samolyot kerak, Germaniyada esa bunday ehtiyoj yo‘q. Bu farqli operatsion talablar, hayratlanarlisi, loyiha boshida umuman muvofiqlashtirilmagan. The Guardian nashriga intervyu bergan sobiq yuqori lavozimli fransuz amaldoriga ko‘ra, loyiha “juda yuqori siyosiy darajada” ishlab chiqilgan bo‘lib, ikki davlat haqiqatan ham bir xil samolyotga ehtiyoj sezadimi-yo‘qmi, degan savol yetarlicha muhokama qilinmagan.
Sanoat omili muammoni yanada murakkablashtirdi. Dassault Aviation o‘z intellektual mulkini Airbus bilan bo‘lish majburiyatini sezmayapti, Berlin esa tobora Fransiyaning bu xatti-harakatlarini Parij nazorat qiladigan platforma uchun Germaniyadan moliyalashtirishni jalb qilishga urinish sifatida baholamoqda. Germaniyaning sabri tugab bormoqda. Nemis deputatlaridan biri FCASni “strategik zarurat emas, balki Dassault uchun sanoat sovrini” deb ta’riflagan. Hozirgi vaziyatni ayniqsa muhim qilayotgan omil — bu asosiy kuch muvozanatining o‘zgarishidir. FCAS boshlangan paytda Germaniyaning mudofaa xarajatlari nisbatan past edi. Hozir esa Berlin 2029-yilgacha 150 milliard yevrosarflashni rejalashtirmoqda, bu esa deyarli Fransiya byudjetidan ikki baravar ko‘p. Germaniya endi itoatkor rolni o‘ynashga tayyor emas, Fransiyaning Dassault Rafale eksportdagi muvaffaqiyati esa Dassault uchun murosaga kelishga katta tijoriy rag‘bat qoldirmayapti.
Strategik avtonomiyaga erishish uchta asosiy omilni talab qiladi: sanoat integratsiyasi, siyosiy ishonch va qo‘shma mudofaa strategiyasi. Yevropada buning uchun texnologik bilim va resurslar mavjud. Biroq mudofaa ishlab chiqarishi kabi sohalarda suverenitetni bo‘lishishga tayyorlik masalasi hali ham ochiq qolmoqda. Yevropaning ikki yetakchi davlati, Germaniya va Fransiya o‘rtasida uyg‘unlik bo‘lmasa, Yevropa avtonomiyasi yagona xavfsizlik tizimi o‘rniga bir nechta parallel milliy loyihalarga bo‘linib ketish xavfi ostida qoladi. Bundan tashqari, Yevropaning strategik avtonomiya ambitsiyasi NATOdan uzilish sifatida talqin qilinmasligi kerak. Aksincha, bu Yevropa va AQSH o‘rtasida yanada muvozanatli munosabatni anglatadi, unda Yevropa ham sezilarli salohiyatga ega bo‘ladi. Ammo Yevropa ichidagi bo‘linish uning ta’sir kuchi va ishonchliligini susaytiradi. FCAS kabi yirik loyihalarda muvaffaqiyat bo‘lmasa, Yevropaning mustaqil xavfsizlik ta’minotchisi bo‘lish ambitsiyasi haqiqat emas, balki orzu bo‘lib qoladi.
Loyiha Germaniya va Fransiya o‘rtasidagi qarama-qarshi yondashuvlar sabab parchalanish yoqasiga kelib qoldi. 2025-yil 17-dekabrgacha uni amalga oshirish bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilish muddatibelgilangan bo‘lsa-da, tomonlardan hech biri murosaga kelishga tayyorligini bildirmadi. FCASning kechikishi yoki muvaffaqiyatsizligi har ikki davlatni o‘zlarining mavjud Dassault Rafale va Eurofighter Typhoon samolyotlarini qimmat vaqtinchalik modernizatsiya qilishga majbur qiladi, bu esa loyiha amalga oshirilishini yanada zaiflashtiradi.
Bundan tashqari, 2017-yilda FCAS bilan birga imzolangan yana bir loyiha, Main Ground Combat System (MGCS) ham FCAS muvaffaqiyatsiz bo‘lsa, xavf ostida qolishi mumkin. Shuningdek, bu holat Yevropa havo kuchlarining parchalanishiga olib kelishi ehtimoli bor, chunki davlatlar Next Generation Air Dominance (AQSh) yoki Buyuk Britaniya, Italiya va Yaponiya hamkorligidagi Global Combat Air Programme loyihalariga murojaat qilishlari mumkin. Yevropa sanoatidagi parokandalikni kamaytirish haqida ko‘p gapirilayotgan bir paytda, qit’a aksincha turli xil oltinchi avlod qiruvchi samolyot dasturlariga ega bo‘lib qolishi mumkin. Aynan Yevropa strategik uyg‘unlikni namoyish etishi zarur bo‘lgan bir davrda, FCAS inqirozi uning poydevori qanchalik zaif ekanini ochib bermoqda. Shu nuqtai nazardan, Germaniya va Fransiya o‘rtasidagi FCAS dasturidagi kelishmovchilik faqat samolyot dizayni yoki sanoat ishtiroki borasidagi farq emas. Bu yanada kengroq strategik savolni aks ettiradi — Yevropa milliy mudofaa manfaatlaridan oshib o‘tib, yagona integratsiyalashgan xavfsizlik tizimini yarata oladimi? Agar bu qarama-qarshiliklar hal etilmasa, Yevropaning tashqi xavfsizlik kafolatlariga bog‘liqligi davom etadi. Biroq agar ularni yenga olsa, FCAS dasturi yanada mustaqil va strategik jihatdan integratsiyalashgan Yevropa uchun asosiy tayanchga aylanishi mumkin.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.