Tolibon gidrosiyosati: suv omili Afg‘oniston–Pokiston munosabatlarini qayta shakllantirmoqda

Tahliliy nashrlar

21 Iyun 2026

Ulashish

Tolibon gidrosiyosati: suv omili Afg‘oniston–Pokiston munosabatlarini qayta shakllantirmoqda

Afg‘oniston Janubiy Osiyoning suv geografiyasida yetakchi o‘rinni egallaydi. Hindukush tog‘larining muzliklari va qor maydonlari sharqqa - Pokiston tomon oqadigan daryo tizimlarini to‘ldiradi, bu esa Afg‘onistonni mintaqaviy gidrologiyaning asosiy ishtirokchisiga aylantiradi. Iqtisodiy zaifligiga va xalqaro izolyatsiyasiga qaramasdan, Tolibon hukumati Pokiston muqobil manbalar orqali almashtira olmaydigan daryolarning yuqori oqimlarini nazorat qiladi.

Hokimiyatga kelganidan beri Tolibon hukumati yuqori oqim daryolari ustidan nazoratni tobora ko‘proq mamlakatni rivojlantirish vositasi sifatidagina emas, balki siyosiy richag, suverenitetni tasdiqlash va an'anaviy diplomatik yoki iqtisodiy vositalar mavjud bo‘lmaganda Pokistonga bosim o‘tkazish usuli sifatida ko‘rib chiqmoqda.

Birinchidan, vaziyatni murakkablashtiruvchi omil shundaki, na Afg‘oniston, na Pokiston 1997 yilgi BMTning xalqaro suv yo‘llaridan suv transporti bilan bog‘liq bo‘lmagan foydalanish huquqi to‘g‘risidagi Konventsiyasini ratifikatsiya qilmagan. Ikki mamlakat hech qachon suv resurslarini taqsimlash bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma ham tuzgani yo‘q, bu esa hamkorlikning institutsional asosini yanada zaiflashtirib qo‘yadi. Vaziyatni yanada murakkablashtiruvchi holat shundaki, suv resurslarini taqsimlash bo‘yicha har qanday rasmiy kelishuv amalda Dyurand chizig‘ini qonuniy xalqaro chegara sifatida tan olishni anglatadi - bu esa Tolibon davrida yanada kuchaygan Afg‘onistonning uzoq yillik siyosiy yo‘nalishiga ziddir.

Ikkinchidan, Tolibonning 2025 yilda Kunar daryosida to‘g‘on qurilishi haqida - ochiqchasiga Pokistonning bosimiga javoban e'lon qilingan - bayonoti suvning yashirin tahdiddan faol ikki tomonlama qarama-qarshilik elementiga aylanganidan darak beradi. Pokiston Kobul daryosida quyi oqim davlati bo‘lsa-da, hozirda u foydalanishga yaroqli suvning katta qismini iste'mol qilmoqda - bu asosan Afg‘onistonning yuqori oqimda infratuzilma rivojlantirish imkoniyatidan uzoq vaqt mahrum bo‘lganligidan kelib chiqadi. Bu muvozanat Afg‘oniston 1 177 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan 12 ta to‘g‘on qurilishini ilgari surishi bilan tobora noziklashib bormoqda. Bu esa Pokistonga yillik suv oqimini taxminan 3,7 milliard kubometrga (16–17%) kamaytirishi mumkin va suv xavfsizligi, oziq-ovqat xavfsizligi hamda iqtisodiy barqarorlik uchun jiddiy xavf tug‘diradi.

Afg‘oniston Kobul daryosi suvlaridan asosan qirg‘oq bo‘ylab joylashgan aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida foydalanadi. Pokiston esa bu suvlarni keng ko‘lamli strategik maqsadlarga yo‘naltiradi: qishloq xo‘jaligini sug‘orish, Varsak va Mohmand to‘g‘onlari kabi obyektlarda gidroenergetika ishlab chiqarish, hamda Kobul daryo tizimiga bog‘liq taxminan 20 million kishini ichimlik suvi bilan ta'minlash. Tolibon vakillari o‘z harakatlarining strategik mantiqini ochiq ifoda etdilar, ayrim ekspertlar esa bu holatni, suvni Pokistonning Afg‘oniston ichki ishlariga aralashuviga javoban mavjud bo‘lgan “yagona harbiy bo‘lmagan qurol” sifatida ta’rifladilar. Suv infratuzilmasi endi faqat suv mustaqilligiga erishish vositasi sifatida emas, balki faol ikki tomonlama qarama-qarshilik sharoitida majburlov diplomatiyasining quroli sifatida ham ko‘rilmoqda.

Biroq muhim bir cheklovni ta'kidlash zarur. Afg‘onistonning moliyaviy resurslari cheklangan, texnik salohiyati o‘n yillar davom etgan mojarolar tufayli zaiflashgan, va Tolibon nazorati ostida ishlashga tayyor xorijiy pudratchilar juda oz. To‘g‘on qurilishi haqidagi siyosiy signal hozircha joylardagi haqiqiy muhandislik imkoniyatlaridan ancha o‘zib ketmoqda.

Uchinchidan, Hindistonning Afg‘oniston gidroenergetikasiga tobora chuqur kirib borishi ikki tomonlama nizoni uchburchak geosiyosiy qarama-qarshilikka aylantirdi. Salma to‘g‘oni - o‘n minglab gektarlarni sug‘oruvchi va Hirot viloyati aholisini suv bilan ta'minlovchi - va Kobul daryosining irmoqlaridan birida rejalashtirilgan Shahtut to‘g‘oni Hindistonning Afg‘oniston suv sektoridagi infratuzilma ta'sirini yanada kuchaytiradi. Bu loyihalardan tashqari, Hindiston jami taxminan $1 milliardinvestitsiya kiritishga majburiyat olgani haqida xabarlar bor, bu esa Kobulning cheklangan moliyaviy imkoniyatlari sharoitida to‘g‘on qurilishining yo‘nalishi va sur'atiga hal qiluvchi ta'sir ko‘rsatmoqda. Pokiston, o‘z navbatida, buni neytral yordam sifatida emas, balki Hindistonning janubiy Panjob, Sind va Balujiston qishloq xo‘jaligi bazasini ikki tomondan "gidravlik siqish" strategiyasi sifatida ko‘rmoqda. Sababi shundaki, 2025-yil may oyida Hindiston Indus suvlari shartnomasini to‘xtatib qo‘yib, Pokistonning sharqiy qismidagi suv xavfsizligini xavf ostiga qo‘ydi, Afg‘onistonda Hindiston tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan to‘g‘on qurilishi esa g‘arbdan bosim o‘tkazmoqda.

To‘rtinchidan, nizoning dinamikasi Afg‘oniston uchun o‘ziga xos o‘z-o‘zini yo‘q qiluvchi xarakter namoyon etadi. Kuchayib borayotgan keskinlikka qaramasdan, Afg‘oniston asosiy oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishda Pokistonga strukturaviy jihatdan qaram bo‘lib qolmoqda: Pokistondan asosiy importning deyarli 80%ini bug‘doy, un va guruch tashkil etadi. Bu o‘zaro bog‘liqlik bir qarama-qarshilik yaratadi: Afg‘onistonning Pokiston qishloq xo‘jaligini zaiflashtirishga qaratilgan suv oqimlarini cheklash bo‘yicha har qanday urinishi, ehtimol, o‘z iqtisodiyoti uchun tezkor salbiy oqibatlarga olib keladi. Pokistonning qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining pasayishi oziq-ovqat narxlarini oshirishga olib keladi, bu esa import qilinadigan asosiy tovarlarga bog‘liqligi tufayli afg‘on bozorlariga bevosita ta'sir qiladi. Shu ma'noda, ikkala davlat ham bir xil daryo tizimining iqtisodiy "garovlaridur" va majburiy strategiyalar bir tomonlama ustunlik emas, balki o‘zaro zaiflikni keltirib chiqarish xavfini tug‘diradi. Binobarin, suvdan qurol sifatida foydalanish sezilarli o‘z-o‘zini yo‘q qiluvchi xarajatlarsiz samarali amalga oshirilishi mumkin emas.

Beshinchidan, nizo mavjud suv resurslarining umumiy hajmini asta-sekin qisqartiruvchi iqlim o‘zgarishining kuchayib borayotgan ta'siri bilan yanada murakkablashmoqda. BMT Taraqqiyot dasturining ma'lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda Afg‘oniston iqlim o‘zgarishiga eng zaif mamlakatlar orasida oltinchi, tabiiy ofatlarning umumiy xavfi bo‘yicha esa to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Bu iqlimiy o‘zgarishlar Kobul daryo tizimining asosiy manbalari bo‘lgan Hindukush muzliklarining tezlashgan erishi bilan yanada kuchaymoqda. Natijada, aholi o‘sishi va qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari tufayli talab o‘sishda davom etayotganiga qaramasdan, mavjud suvning umumiy hajmi kamayib bormoqda. Shu sababli, hatto yuqori oqimdagi kichik aralashuvlar ham ortib boruvchi siyosiy sezgirlikka ega, chunki ular tobora ko‘proq tanqislik va ekzistensial xavf prizmasida ko‘rilmoqda.

Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi suv munosabatlari tobora ko‘proq strukturaviy nomutanosiblik, zaif huquqiy asos va kuchayib borayotgan geosiyosiy raqobat bilan belgilanmoqda. Bir paytlar texnik masala bo‘lgan narsa infratuzilma, tashqi ishtirok va strategik paradigmalar ta'sirida siyosiy jihatdan sezgir soha bo‘lib qoldi. Kuchayib borayotgan keskinlikka qaramasdan, iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik va Afg‘onistonning ichki cheklovlari barqaror bir tomonlama bosimni jilovlab turadi.

Natijada, suv nizolari siyosiy keskinlikni kuchaytirishi va episodik inqirozlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lsa-da, ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurolli mojaroga aylanishi ehtimoldan uzoqdir. Aksincha, suv mavjud ishonchsizlik va mintaqaviy raqobatni kuchaytiruvchi katalizator vazifasini bajaradi, o‘zaro zaiflik esa eskalatsiya narxini oshiradi - bu esa ikki tomonni ham, hech bo‘lmaganda uzoq muddatda, ochiq qarama-qarshilik emas, balki murosali boshqaruv sari undaydi.

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.