Dunyo bo‘yicha kumir bozori yuqori darajada markazlashgan bo‘lib, asosiy ishlab chiqarish Osiyo mintaqasida jamlangan. Energy Institute (Statistical Review of World Energy 2025) ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy yiliga 4 780 million tonna kumir ishlab chiqaradi, bu esa dunyo bozorining yarmidan ko‘piga to‘g‘ri keladi. Shu bilan Xitoy nafaqat yirik ishlab chiqaruvchi, balki eng katta iste’molchidir. U Hindistondan 4,5 baravar, AQShdan esa deyarli 10 baravar ko‘p kumir qazib oladi. Bunga sabab – mamlakat energiya balansida kumir asosiy manba sifatida saqlanib qolayotgani, hatto qayta tiklanadigan manbalarga katta sarmoyalar kiritilgan bo‘lsa-da.
Hindiston — 1 085 mln tonna bilan ikkinchi o‘rinda turadi, bu ko‘rsatkich sanoat va uy-joy sektori uchun elektr energiyasiga bo‘lgan talab ortib borayotganini ko‘rsatadi. Indoneziya esa 836 mln tonna ko‘mir ishlab chiqarib, asosan eksportga yo‘naltirilgan – Janubiy-Sharqiy Osiyo, Xitoy va Janubiy Osiyoga yetkazib beradi.
G‘arb mamlakatlaridan AQSh (465 mln t) va Avstraliya (463 mln t) yetakchilar safida qolmoqda. Garchi "yashil energiya" siyosatlari ilgari surilayotgan bo‘lsa-da, bu davlatlar barqaror ishlab chiqarishni saqlab turibdi – AQSh ichki iste’mol, Avstraliya esa eksport uchun. Rossiya esa 427 mln tonna bilan katta geosiyosiy bosim va Yevropaga eksportning kamayishiga qaramay, muhim o‘yinchi sifatida qolmoqda. Qozog‘iston (113 mln t) va Mongoliya (107 mln t) esa Xitoy bozoriga yo‘naltirilgan eksport orqali o‘z pozitsiyalarini mustahkamlab bormoqda.
Yevropa davlatlari orasida Germaniya (92 mln t), Polsha (85 mln t) va Turkiya (87 mln t) kabi mamlakatlar uglerodni kamaytirish bo‘yicha strategiyalarga qaramay, energiya xavfsizligi ehtiyojlari sababli kumir qazib olishni davom ettirmoqda. Ayniqsa, 2022–2023 yillardagi energetik inqirozdan keyin tabiiy gazni boshqa manbalar bilan almashtirish zaruratiga e’tibor kuchaydi.
Xulosa qilib aytganda, Osiyo dunyo bo‘yicha kumir ishlab chiqarishning 75 foizidan ortig‘ini ta’minlovchi markazga aylangan. Shuning uchun Osiyo davlatlari iqlim siyosati bo‘yicha global kun tartibida muhim rol o‘ynaydi. Aynan Pekin, Nyu-Dehli va Jakarta qabul qiladigan strategik qarorlar global chiqindilar hajmiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.