Timur Dadabayev о‘z maqolasida Yaponiyaning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosati evolyutsiyasini tahlil qilib, 2025 yilda Tokio “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formati doirasida sun’iy intellekt (SI) sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratganini ta’kidlaydi. Infratuzilmaviy va texnologiyaga yo‘naltirilgan modellardan farqli o‘laroq, Yaponiya AIni, avvalo, institutsional rivojlanish, boshqaruv va kadrlar tayyorlash vositasi sifatida ilgari surmoqda.
Muallifning qayd etishicha, yapon yondashuvi boshqa Osiyo davlatlari strategiyalaridan sezilarli darajada farq qiladi. Agar Xitoy va Koreya Respublikasi raqamli infratuzilma hamda korporativ texnologik loyihalarga tayanayotgan bo‘lsa, Yaponiya AIni mavjud ma’muriy jarayonlarga, ayniqsa davlat boshqaruvi, bojxona va logistika sohalariga bosqichma-bosqich integratsiya qilishga urg‘u bermoqda. Bu holatda sun’iy intellekt mustaqil texnologiya emas, balki davlat institutlari samaradorligini oshirish vositasi sifatida namoyon bo‘ladi.
Dadabayev fikricha, bunday model SIni joriy etish bilan bog‘liq siyosiy va boshqaruv risklarini kamaytiradi. Shu bilan birga, u tashqi boshqaruv standartlarining mustahkamlanishiga ham olib kelishi mumkin. Chunki algoritmlar va tahliliy modellar ko‘pincha mintaqadan tashqarida ishlab chiqiladi va Markaziy Osiyo davlatlari samaradorlik, risk va “yaxshi boshqaruv” haqidagi tashqi tasavvurlarni yetarli darajada mahalliy moslashtirmasdan qabul qilib qolish xavfi mavjud.
Maqolada transport va logistika bog‘liqligida, jumladan Transkaspiy yo‘nalishi doirasida AIdan foydalanish masalasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Raqamlashtirish xarajatlarni kamaytirish va savdo jarayonlarining bashorat qilinuvchanligini oshirishga xizmat qilsa-da, muallif tashqi ma’lumotlar va standartlarga qaramlikni oldini olish uchun milliy tahliliy salohiyatni rivojlantirish zarurligini ta’kidlaydi.
Xulosa qilib, Timur Dadabayev Markaziy Osiyo davlatlari uchun SI diplomatiyasida ishtirok etish nafaqat texnologik moslashuvni, balki o‘z sun’iy intellekt tizimlarini shakllantirish va tartibga solishga qodir institutsional tayyorgarlikni ham talab qilishini qayd etadi. Aks holda, hamkorlikdan olinadigan foyda nosimmetrik bo‘lib qolishi va mintaqaning strategik avtonomiyasini cheklashi mumkin.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.