Turkiy davlatlar tashkiloti integratsiyasi va Markaziy Osiyo integratsiyasi: o‘zaro raqobat yoki to‘ldiruvchan hamkorlik?

Sharh

24 Iyun 2026

Ulashish

Turkiy davlatlar tashkiloti integratsiyasi va Markaziy Osiyo integratsiyasi: o‘zaro raqobat yoki to‘ldiruvchan hamkorlik?

Muallif: Zulxumor Maxmudova, JIDU tayanch doktoranti

XXI asrning ikkinchi o‘n yilligidan boshlab Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va integratsiya jarayonlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, O‘zbekiston tashqi siyosatida yuz bergan transformatsiyalar mintaqa davlatlari o‘rtasidagi siyosiy muloqotni faollashtirib, Markaziy Osiyo integratsiyasining yangi modelini shakllantirdi. Shu bilan bir qatorda, Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT) ham oddiy madaniy-gumanitar platformadan siyosiy, iqtisodiy va geostrategik hamkorlikning muhim institutiga aylanib bormoqda. Mazkur ikki integratsion jarayonning parallel rivojlanishi ilmiy doiralarda muhim savolni yuzaga chiqarmoqda: TDT va Markaziy Osiyo integratsiyasi o‘zaro raqobatlashuvchi loyihalarmi yoki ular turli darajadagi siyosiy integratsiyaning bir-birini to‘ldiruvchi shakllarimi?

Ko‘plab tadqiqotchilar Markaziy Osiyo integratsiyasini geografik yaqinlikka asoslangan hududiy integratsiya modeli sifatida baholaydilar. Haqiqatan ham, mintaqa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik umumiy tarixiy taraqqiyot, xavfsizlik muammolari, ekologik tahdidlar, suv resurslaridan foydalanish va iqtisodiy bog‘liqlik kabi omillarga asoslanadi. 2018-yildan boshlab muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy siyosiy muloqotning asosiy maydoniga aylandi. Ayniqsa, 2024-yilda Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan VI Maslahat uchrashuvida “Markaziy Osiyo – 2040” taraqqiyot konsepsiyasining qabul qilinishi mintaqa davlatlari o‘rtasidagi siyosiy yaqinlashuvning yangi bosqichga ko‘tarilganligini ko‘rsatdi. Ushbu hujjat mintaqaviy hamkorlikning uzoq muddatli strategik yo‘nalishlarini belgilab berdi hamda siyosiy muloqot, iqtisodiy hamkorlik va xavfsizlik masalalarida umumiy yondashuvlarni shakllantirishga qaratildi.

Biroq Markaziy Osiyo integratsiyasining o‘ziga xos xususiyati shundaki, u hali to‘liq institutsionallashmagan. Mintaqada Yevropa Ittifoqi, ASEAN yoki hatto TDTga o‘xshash doimiy kotibiyat, parlament yoki maxsus integratsion organlar mavjud emas. Qarorlar asosan davlat rahbarlari darajasidagi siyosiy muloqot va konsensus asosida qabul qilinadi. Bu holat bir tomondan integratsiyaning moslashuvchanligini ta’minlasa, ikkinchi tomondan uning institutsional barqarorligini cheklab qo‘ymoqda. Shu sababli Markaziy Osiyo integratsiyasini hozirgi bosqichda siyosiy konsolidatsiya va mintaqaviy ishonchni mustahkamlash modeli sifatida tavsiflash mumkin.

Turkiy Davlatlar Tashkiloti esa siyosiy integratsiyaning boshqa modelini namoyon etadi. Agar Markaziy Osiyo integratsiyasi geografik yaqinlikka asoslansa, TDT umumiy tarix, til, madaniyat va turkiy o‘zlik omillariga tayanadi. Bu jihatdan TDT hududiy emas, balki transregional integratsiya modelini ifodalaydi. Tashkilot tarkibiga Markaziy Osiyo davlatlaridan tashqari Turkiya va Ozarbayjon ham kirishi uning geografik qamrovini sezilarli darajada kengaytiradi. Shu sababli TDTni faqat mintaqaviy tashkilot sifatida emas, balki turkiy dunyo miqyosidagi siyosiy hamkorlik platformasi sifatida baholash mumkin.

Shu o‘rinda muhim savol tug‘iladi: TDTning rivojlanishi Markaziy Osiyo integratsiyasiga tahdid soladimi? Rossiya, Yevropa va AQSh ekspertlik doiralarida TDT hamda Markaziy Osiyo integratsiyasi o‘rtasidagi munosabatlarga nisbatan turli yondashuvlar mavjud. Rossiyalik tadqiqotchilar V.Avatkov, A.Lukin va boshqa ekspertlar TDTning kuchayishini Yevroosiyoda shakllanayotgan yangi mintaqaviy hamkorlik formatlaridan biri sifatida baholaydilar. Ularning fikricha, TDT turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni institutsional jihatdan mustahkamlayotgan bo‘lsa-da, yaqin istiqbolda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi yoki MDH kabi tuzilmalarga muqobil geosiyosiy markazga aylanish salohiyatiga ega emas. Shu bilan birga, ayrim rossiyalik ekspertlar TDTning siyosiy va iqtisodiy faollashuvi Markaziy Osiyoda Turkiyaning ta’sirini kuchaytirishi mumkinligini ta’kidlaydilar.

G‘arb ekspertlari orasida esa boshqa yondashuv ustunlik qiladi. AQSh va Yevropa tadqiqot markazlari TDTni ko‘proq mintaqaviy hamkorlik va transport bog‘liqligini rivojlantirishga xizmat qiluvchi platforma sifatida baholaydilar. Ularning fikricha, tashkilotning kuchayishi Markaziy Osiyo davlatlarining xalqaro maydondagi siyosiy subyektligini mustahkamlash kengaytiradi va mintaqaning biror geosiyosiy markazga haddan tashqari qaram bo‘lib qolishining oldini oladi. Ayniqsa, Yevropa ekspertlari TDTni Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi va O‘rta koridorning rivojlanishi bilan bog‘liq holda tahlil qilib, uni Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi yangi geoiqtisodiy bog‘liqlikning muhim elementi sifatida ko‘rmoqdalar.

Shu bilan birga, AQShning ayrim strategik markazlari Markaziy Osiyo integratsiyasini mintaqa davlatlarining siyosiy subyektligini mustahkamlovchi omil sifatida baholaydi. Ularning fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqada mustaqil siyosiy kun tartibini shakllantirishga xizmat qilmoqda. TDT esa ushbu jarayonni kengroq turkiy makonda qo‘llab-quvvatlovchi qo‘shimcha platforma vazifasini bajarmoqda. Shuning uchun G‘arb ekspertlarining aksariyati TDT va Markaziy Osiyo integratsiyasini o‘zaro raqobatlashuvchi emas, balki turli darajadagi integratsion mexanizmlar sifatida talqin qiladilar.

Mazkur yondashuvlarni qiyosiy tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, Rossiya ekspertlari ko‘proq geosiyosiy oqibatlarga e’tibor qaratayotgan bo‘lsalar, Yevropa va AQSh tadqiqotchilari TDT hamda Markaziy Osiyo integratsiyasini transport bog‘liqligi, iqtisodiy diversifikatsiya va mintaqaviy barqarorlik nuqtai nazaridan baholamoqdalar. Biroq har uchala ekspertlik maktabida ham TDT va Markaziy Osiyo integratsiyasi o‘rtasidagi munosabatlarni to‘liq raqobat modeli orqali izohlash tobora qiyinlashib borayotgani e’tirof etilmoqda.

Birinchidan, TDTga a’zo Markaziy Osiyo davlatlari bir vaqtning o‘zida mintaqaviy maslahatlashuv formatlarining ham faol ishtirokchilari hisoblanadi. O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Markaziy Osiyo integratsiyasining ham, TDTning ham asosiy ishtirokchilari sifatida maydonga chiqmoqda. Agar mazkur ikki loyiha o‘zaro raqobatlashayotgan bo‘lsa, davlatlar ulardan birini tanlashga majbur bo‘lar edi. Amalda esa bunday holat kuzatilmayapti.

Ikkinchidan, TDT va Markaziy Osiyo integratsiyasi turli siyosiy funksiyalarni bajaradi. Markaziy Osiyo integratsiyasi mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash, qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash va umumiy muammolarni hal qilishga qaratilgan. TDT esa ushbu hamkorlikni kengroq geosiyosiy makonga olib chiqadi. Boshqacha aytganda, Markaziy Osiyo integratsiyasi “ichki siyosiy konsolidatsiya” vazifasini bajarsa, TDT “tashqi siyosiy proyeksiya” funksiyasini amalga oshirmoqda.

Bu holat O‘zbekiston tashqi siyosatida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Prezident Sh. Mirziyoyev so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo hamkorligini O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab kelmoqda. Shu bilan birga, TDT sammitlarida ham faol tashabbuslar ilgari surib, tashkilotning iqtisodiy va siyosiy salohiyatini kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu esa O‘zbekistonning ushbu ikki integratsion platformani bir-biriga qarama-qarshi emas, balki o‘zaro bog‘liq mexanizmlar sifatida ko‘rayotganidan dalolat beradi.

Neoliberal institutsionalizm nuqtai nazaridan qaralganda, TDT va Markaziy Osiyo integratsiyasi davlatlar manfaatlarini muvofiqlashtirishning turli darajadagi institutlari hisoblanadi. Markaziy Osiyo formati mintaqa ichidagi ishonch va hamkorlikni shakllantirayotgan bo‘lsa, TDT ushbu hamkorlikni institutsional jihatdan mustahkamlash va xalqaro maydondagi ta’sirini kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Konstruktivistik yondashuv nuqtai nazaridan esa Markaziy Osiyo integratsiyasi hududiy identiklikni mustahkamlayotgan bo‘lsa, TDT turkiy o‘zlik va umumiy tarixiy xotira asosida kengroq siyosiy hamjamiyat shakllantirmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Turkiy Davlatlar Tashkiloti va Markaziy Osiyo integratsiyasi o‘rtasidagi munosabatlarni “raqobat” tushunchasi orqali izohlash tobora qiyinlashib bormoqda. Zamonaviy siyosiy jarayonlar ushbu ikki integratsion formatning turli vazifalarni bajarishini ko‘rsatmoqda. Markaziy Osiyo integratsiyasi mintaqaviy siyosiy birdamlik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilayotgan bo‘lsa, TDT ushbu birdamlikni kengroq turkiy makonda siyosiy hamkorlik va xalqaro ta’sir imkoniyatlariga transformatsiya qilmoqda. Shu sababli ularni alternativ loyihalar sifatida emas, balki ko‘p darajali siyosiy integratsiyaning o‘zaro bog‘liq va bir-birini to‘ldiruvchi elementlari sifatida baholash ilmiy jihatdan asosliroq hisoblanadi. Aynan shunday yondashuv O‘zbekistonning milliy manfaatlari, ko‘p vektorli tashqi siyosati va mintaqaviy diplomatiyasining mazmunini to‘liq aks ettiradi.

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; buyerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bolib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.