Xalqaro xavfsizlik Afg‘onistondagi jarayonlar bilan bevosita bog‘liq

Ommaviy axborot vositalarida chiqishlar

19 Fevral 2025

Ulashish

Xalqaro xavfsizlik Afg‘onistondagi jarayonlar bilan bevosita bog‘liq

“Xalqaro maydon” podkastining ilk sonida Afg‘oniston va Janubiy Osiyo tadqiqotlari markazi katta ilmiy xodimi, doktor Islomxon Gafarov Afg‘onistondagi jarayonlar va global xavfsizlik o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni atroflicha ochib berdi. O‘z intervyusida u bu mamlakatdagi beqarorlik nafaqat mintaqa, balki butun xalqaro hamjamiyat uchun asosiy tahdidlardan biri bo‘lib qolayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy va Janubiy Osiyoning barqaror rivojlanishi, shuningdek, terrorizm, narkotrafik va qurolning noqonuniy aylanishi kabi transmilliy tahdidlarga qarshi kurash samaradorligi ko‘p jihatdan Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga bog‘liq.

 

Mutaxassis 2021-yilda “Tolibon” hukumatga kelganidan so‘ng mintaqaning siyosiy manzarasi sezilarli o‘zgarishlarga uchraganini ta’kidladi. Xalqaro hamjamiyat yangi tuzumni tan olishga nisbatan ehtiyotkor yondashuvni saqlab qolayotganiga qaramasdan, mintaqa mamlakatlari de-fakto Kobul hokimiyati bilan pragmatik muloqot o‘rnatishga majbur. Xususan, O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik va gumanitar tashabbuslar orqali barqarorlikni saqlab qolishga qaratilgan jalb etish siyosatiga amal qilmoqda. Ekspert, shuningdek, Afg‘onistonda xavfsizlik masalalari yirik geosiyosiy jarayonlar, jumladan, yetakchi davlatlar raqobati, noan’anaviy tahdidlar ta’sirining o‘sishi va global boshqaruv tizimidagi o‘zgarishlar bilan uzviy bog‘liq ekanini ta’kidladi.

 

Uning fikricha, uzoq muddatli xavfsizlikni ta’minlash uchun nafaqat siyosiy va diplomatik mexanizmlarni, balki Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishini qo‘llab-quvvatlashni ham o‘z ichiga olgan kompleks xalqaro yondashuv zarur. Aks holda, mamlakat yana beqarorlik manbaiga aylanishi mumkin, bu esa nafaqat qo‘shni davlatlar, balki butun dunyo xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatadi.

 

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.