Eron Markaziy Osiyo bilan transport aloqalarini diversifikatsiya qilmoqda

Sharh

03 Noyabr 2026

Ulashish

Eron Markaziy Osiyo bilan transport aloqalarini diversifikatsiya qilmoqda

Eron uzunligi 730 km bo‘lgan “Chobahor-Zohidon” temir yo‘li qurilishi yakunlanganini ma’lum qildi. Loyiha 2020-yildan buyon amalga oshirilayotgan bo‘lib, u mamlakatning mintaqaviy transport yo‘laklarini kengaytirish strategiyasiga to‘la mos keladi. Zero, ushbu yo‘nalish Islom Respublikasi 14-hukumatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilangan.

Yangi transport arteriyasi Eronning yagona chuqur suvli porti — Chobahorga temir yo‘l orqali chiqish imkonini beradi. Uning ishga tushirilishi bir vaqtning o‘zida bir nechta tashqi siyosiy o‘yinchilarning, birinchi navbatda, Hindistonning geoiqtisodiy manfaatlariga xizmat qiladi. Nyu-Dehli ushbu port infratuzilmasiga sarmoya kiritmoqda va 2016-yilgi Chobahor bitimi ishtirokchilaridan biri hisoblanadi. Mazkur bitim uzoq muddatli istiqbolda Hindistonning Afg‘oniston orqali Markaziy Osiyo bilan transport bog‘liqligini ta’minlashga qaratilgan. “Chobahor-Zohidon” temir yo‘li qurilishi esa ushbu maqsadni ro‘yobga chiqarishning eng muhim bosqichi sifatida ko‘rilmoqda.

Ushbu temir yo‘l tarmog‘i Eronning “Shimol-Janub” xalqaro transport yo‘lagidagi (XTY) mavqeyini mustahkamlashga qaratilgan. Chunki u Mashhadgacha davom ettiriladi va u yerdan ham Qozog‘iston, ham Turkmaniston orqali O‘zbekiston yo‘nalishlariga tarmoqlanishi mumkin.

“Chobahor-Zohidon-Mashhad” yo‘nalishi bo‘ylab Eronning janubi va shimoli o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri temir yo‘l qatnovining yo‘lga qo‘yilishi mamlakatning yana bir strategik tashabbusi — Afg‘onistonning shimoli-g‘arbiga chiquvchi “Xof-Hirot” temir yo‘li uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Mazkur yo‘lak davlatlararo yuk tashuvlari uchun allaqachon xizmat qilmoqda. 2025-2026-moliya yilida u orqali 640 ming tonnadan ortiq yuk tashildi, bu esa avvalgi davrdagi yuk oqimi hajmidan bir necha barobar ko‘pdir. Afg‘oniston-Pokiston chegarasidagi ziddiyatlar sovimayotgan bir paytda, Kobul “Xof-Hirot” tarmog‘ini jahon bozorlariga olib chiquvchi muhim aloqa kanali sifatida ko‘rib, unga katta umid bog‘lamoqda.

Eron kompaniyalarining bevosita ishtirokida Afg‘oniston hukumati Hirotdan Mozori Sharifgacha temir yo‘l izlarini yotqizishni rejalashtirmoqda. Bu esa Eron, shuningdek, Ko‘rfaz mamlakatlari va Turkiyaga O‘zbekiston orqali Yevroosiyo bozoriga qo‘shimcha chiqish imkonini taqdim etadi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Anqara 2025-yil oktyabr oyida Istanbulda bo‘lib o‘tgan Xalqaro temir yo‘llar ittifoqining 36-mintaqaviy yig‘ilishi doirasida imzolangan Mozori Sharifgacha temir yo‘lni birgalikda qurish to‘g‘risidagi bitimning uchinchi tomoni hisoblanadi.

“Hirot-Mozori Sharif” transport tarmog‘i nafaqat Erondan Afg‘onistonga o‘tuvchi transchegaraviy savdo yo‘lining davomi, balki umumiy uzunligi qariyb 2100 km bo‘lgan Besh davlat temir yo‘l yo‘lagining Afg‘oniston qismidagi muhim bo‘g‘in ham bo‘ladi. Besh davlat yo‘li Markaziy Osiyoning ikki mamlakati — Tojikiston va Qirg‘iziston chegaralarini kesib o‘tgan holda, Xitoyning Qashqar shahrigacha 1435 millimetrli yagona temir yo‘l izi (koleya) asosida loyihalashtirilgan. Global miqyosda bu “Sharq-G‘arb” o‘qi bo‘ylab yanada raqobatbardosh kontinental yo‘lak yaratilishini anglatadi va unda Afg‘onistonga shimoliy qo‘shnilari bilan birgalikda asosiy bog‘lovchi bo‘g‘in roli ajratilgan.

O‘zbekiston “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘lini So‘g‘d uchastkasi orqali Tojikistonga tarmoqlantirish hisobiga Besh davlat temir yo‘l yo‘lagi loyihasiga qo‘shilish imkoniyatiga ega. Bunda Toshkentdagi tirband transport tugunini chetlab o‘tishga va Afg‘onistongacha bo‘lgan masofani bir necha yuz kilometrga qisqartirishga erishiladi.

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.