Islomxon Gafarov Narendra Modining Vashingtonga tashrifi haqida o‘z fikrini bildirdi

Ommaviy axborot vositalarida chiqishlar

18 Fevral 2025

Ulashish

Islomxon Gafarov Narendra Modining Vashingtonga tashrifi haqida o‘z fikrini bildirdi

“O‘zbekiston 24” telekanalining “Xalqaro nigoh” dasturida so‘zga chiqqan Afg‘oniston va Janubiy Osiyo tadqiqotlari markazi katta ilmiy xodimi, doktor Islomxon Gafarov Hindiston bosh vaziri Narendra Modining Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi natijalarini tahlil qildi.

 

Mutaxassis Hindiston - Yaqin Sharq - Yevropa iqtisodiy yo‘lagi loyihasiga batafsil to‘xtalib o‘tdi. Bu loyiha mazkur hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy va transport aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan ulkan tashabbus hisoblanadi. Yo‘lak nafaqat transport, balki strategik ahamiyatga ham ega bo‘lib, ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy integratsiyani kuchaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va infratuzilmani rivojlantirishga xizmat qiladi.

 

Biroq loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun bir qator to‘siqlarni, jumladan, Yaqin Sharq mamlakatlari o‘rtasidagi siyosiy kelishmovchiliklarni bartaraf etish, shuningdek, yo‘nalishda barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash zarur. Doktor Gafarovning ta’kidlashicha, AQSH va Hindiston ushbu tashabbusni ilgari surishda muhim rol o‘ynamoqda, chunki ikkala davlat ham barqaror iqtisodiy aloqalarni o‘rnatish va an’anaviy yo‘nalishlarga qaramlikni kamaytirishdan manfaatdor.

 

Mamlakatlar mudofaa, yuqori texnologiyalar va ta’lim sohalarida hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. Hindistonlik talabalar Amerika universitetlaridagi jami xorijiy talabalarning 21 foizini tashkil etadi, bu esa ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim va madaniy aloqalarning nechog‘lik muhimligini ko‘rsatadi.

 

Bundan tashqari, ekspert AQSH va Hindiston o‘rtasidagi strategik hamkorlik tobora mustahkamlanib borayotganini, yangi sohalarni qamrab olayotganini va yanada rivojlanish uchun ulkan salohiyatga ega ekanini ta’kidladi. Bu esa mintaqada ham, butun dunyoda ham barqarorlik va farovonlikka hissa qo‘shishini aytib o‘tdi.

 

Doktor Gafarov o‘z tahlili yakunida Narendra Modining AQShga tashrifi dunyoning ikki yirik demokratiyasi o‘rtasidagi strategik hamkorlikning muhimligini yana bir bor ta’kidlaganini qayd etdi. Ba’zi kelishmovchiliklarga qaramay, ikkala davlat ham asosiy sohalarda muloqot va hamkorlikka tayyorligini namoyish etmoqda. Bu esa Janubiy Osiyo mintaqasi va umuman jahon siyosati uchun uzoq muddatli ijobiy natijalarga olib kelishi mumkin.

 

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo’lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.