Janubiy osiyo mintaqasida AQSH tashqi siyosatining genezisi (1947-2022yy.)

Tadqiqot maqolalari

01 Aprel 2024

Ulashish

Janubiy osiyo mintaqasida AQSH tashqi siyosatining genezisi (1947-2022yy.)

AQSh tashqi siyosati Janubiy Osiyo mintaqasida o‘zgaruvchanligi va dinamik xususiyatlarga egaligi bilan ajralib turadi. Mazkur maqolaning bosh maqsadi AQShning ushbu mintaqadagi konstruktivist tashqi siyosiy jihatlarini aniqlashdan iboratdir. Bunda tarixiy, qiyosiy-siyosiy, induksiya va deduksiya ilmiy usullaridan foydalanilgan. Maqolada Sovuq urushi davridan to bugungi kunga qadar AQSh tashqi siyosati Janubiy Osiyoda ko‘tarilish va tushishlar, bog‘liqlik va uzoqlashishdan iborat bo‘lganligi, bundan tashqari, tashqi siyosat vektori goh Pokistonga, goh Hindistonga qaratilganligi hamda bugungi kunda aloqalar asosan Hindiston tomon yo‘nalganligi xulosa qilingan.

Maqola o‘z ichiga AQSh tashqi siyosatining Janubiy Osiyo mintaqasidagi asosiy etti davrini oladi. Xususan, 1947-1965-yillarda AQSHning mintaqadagi e’tibori Pokistonga qaratilgan bo‘lsa, 1965-1979-yillarda Vetnam urushi tufayli mintaqadan uzoqlashish ro‘y beradi. 1979-1989-yillarda bo‘lib o‘tgan SSSRning Afg‘onistondagi urushi yana Pokistonning ahamiyatini AQSH tashqi siyosatida kuchaytiradi. 1989-1998-yillarda AQSH global gegemoniyaga intilganligi sababli ham Hindiston, ham Pokiston bilan alohida-alohida tashqi siyosat olib bora boshlaydi. 1998-2001-yillarda Hindiston va Pokiston yadro qurollarining sinovini o‘tkazganligi sababli AQSHning sanksiyalari ostiga tushadi. Binobarin 2001-yilda Afg‘onistonda boshlangan terrorizmga qarshi urush (War on Terror) Pokistonning ustuvorligini AQSH tashqi siyosatida yana oshiradi. Bu 2021-yil AQSH o‘z kuchlarini Afg‘oniston olib chiqib ketkunga qadar davom etadi. Prezident Barak Obama davridan boshlab Hindistonning AQSh tashqi siyosatidagi o‘rni keskin osha boshlaydi. D.Tramp davrida ushbu davlatga rasman “Asosiy mudofaa hamkori” maqomi beriladi.

Maqola konstruktivizm xalqaro munosabatlar nazariyasi rakursida ochib berilganligi bilan ajralib turib, u soha mutaxassislarining faoliyatida foydali bo‘lishi mumkin.

 

Maqolani o'qish