Muallif: Xabibulla Xayrullayev, JIDU talabasi, IXTI amaliyotchisi
Kelib chiqishi va institutsional tuzilmasi
2025 yil 20 yanvarda — ikkinchi prezidentlik muddatining birinchi kunida — Donald Tramp 14158-sonli Ijroiya Farmonini imzolab, Davlat boshqaruvini samaralashtirish departamentini (DOGE) tashkil etdi. DOGE qayta nomlangan AQSh Raqamli Xizmati tarkibida 18 oylik vaqtinchalik tuzilma sifatida yaratildi; uning rasman tugatilish sanasi — 2026 yil 4 iyul, AQShning 250 yillik mustaqillik bayramlari bilan mos keladi. Tramp buni "Amerikaga berilgan eng yaxshi sovg‘a" deb atadi. Tadbirkor Ilon Mask, 2024 yilgi saylov kampaniyasiga AQSh tarixidagi eng yirik shaxsiy siyosiy xayriya — $290 mln dan ortiq — mablag‘ sarflab, DOGE rahbarligini "vaqtinchalik davlat xodimi" maqomida amalga oshirdi. Bu maqom yiliga 130 ish kuni bilan chegaralangan.
DOGEning e’lon qilingan missiyasi — federal axborot texnologiyalarini modernizatsiya qilish, samaradorlikni oshirish va isrof hamda firibgarlikni bartaraf etish edi. Amalda esa Mask kompaniyalaridan yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri universitetdan yollangan yosh texnik mutaxassislar guruhlari o‘nlab federal idoralarga joylashtirildi va ularga shartnomalarni bekor qilish, grantlarni to‘xtatish va ommaviy qisqartirishlarni amalga oshirish bo‘yicha keng vakolatlar berildi — ko‘pincha oldindan huquqiy ekspertizasiz.
Tejamkorlik da’volari: DOGE nima deydi va tahlilchilar nima topdi
DOGEning rasmiy "kvitansiyalar devori" 2026 yil boshiga kelib $160 dan $215 mlrd gacha tejamkorlikni qayd etdi. Maskning dastlabki $2 trln maqsadi ketma-ket $1 trln gacha, so‘ngra $150–200 mlrd gacha tushirildi — bu dastlabki ko‘rsatkichdan 90% dan ortiq kamayish. CBS News ning 2026 yil fevral oyida o‘tkazgan tekshiruvi eng yirik 13 ta bekor qilishning barchasi noto‘g‘ri hisoblanganini aniqladi; jurnalistlar milliardlab dollarlik ikki hisoblash hollatlarini topmdi.
Partiyaviy bo‘lmagan Partnership for Public Service tashkilotining mustaqil tahlili shuni ko‘rsatdiki, DOGE faoliyati — minglab xodimlarni to‘lovli ta’tilga yuborish, sud xarajatlari va samaradorlik yo‘qotishlari hisobga olinganda — faqat 2026 moliyaviy yilida soliq to‘lovchilarga $135 mlrd ga tushdi. Yel universiteti Byudjet laboratoriyasi IRS xodimlarining taxminan 40% ga qisqarilishi natijasida o‘n yil ichida federal byudjet $323 mlrd soliq tushumini yo‘qotishini hisoblab chiqdi.
2026 yil mart oyida oshkor etilgan ko‘rsatmalarda DOGE xodimi Neyt Kavano xarajatlarni qisqartirish sa’y-harakatlari $2 trln dastlabki maqsadiga erishmaganligini tan oldi. Ko‘rsatmalar Amerika ilmiy jamiyatlari kengashi tomonidan qo‘zg‘atilgan da’vo doirasida olingan edi: ushbu tashkilot DOGEni OpenAI ChatGPTdan foydalanib, $100 mln dan ortiq grantni avtomatik tarzda bekor qilganlikda aybladi. Jami hisobda DOGE 13 440 ta shartnomani bekor qildi va 300 000 dan ortiq federal xodim lavozimini tugatdi.
Insoniy narx: ish topa olmagan xodimlar
2025 yil yanvardan 2026 yil yanvargacha federal hukumatni 386 826 nafar xodim tark etdi — ulardan taxminan 17 000 nafari rasmiy qisqartirish orqali, minglab boshqalari esa ixtiyoriy ketish dasturi bo‘yicha. Shu bilan birga, federal hizmatga faqat 122 000 nafar yangi xodim qabul qilindi — bu 2024 yilga nisbatan 55% kamayish. Ishdan bo‘shatilganlardan 24 000 nafari sudlar buyrug‘i bilan qayta ishga qaytarildi: ularning bo‘shatilishi noqonuniy deb topildi.
NBC News ning 2026 yil 22 aprelda chop etilgan tadqiqoti ko‘rsatdiki, 13 sobiq federal xodimdan yettitasi to‘liq ishsiz. Ishsiz qolgan federal xodimlarga ko‘mak ko‘rsatuvchi WellFed tashkiloti o‘z a’zolarining faqat 25% i yangi ish topganinibaholadi. Sobiq USAID xodimlarini birlashtiruvchi OneAID tashkilotida a’zolarning kamida 50% i hali ishsiz. Nafaqa to‘lovlari tugab, tibbiy sug‘urta aksariyat uchun muammo bo‘lib qoldi.
GAO hisoboti va ma’lumotlar xavfsizligidagi muvaffaqiyatsizliklar (2026 yil 28 aprel)
AQSh Hisobdorlik idorasi (GAO) 2026 yil 28 aprelda e’lon qilgan hisobotida Moliya vazirligi DOGE xodimiga trillionlab dollarlik hukumat tranzaksiyalarini qayta ishlaydi federal to‘lov tizimlariga o‘zining xavfsizlik nazorat tartiblarini to‘liq bajarmasdan kirish huquqi berganini aniqladi. GAO shuningdek DOGE xodimlari Moliya vazirligining o‘rnatilgan protokollarini hamisha bajarmaganligini qayd etdi.
GAO hisobotidagi markaziy shaxs — Marko Elez: u 2025 yil 6 fevralda ijtimoiy tarmoqlardagi irqchilik postlari fosh bo‘lganidan keyin Moliya vazirligidan iste’foga chiqdi, ammo keyinchalik boshqa idoralarda DOGE xodimi sifatida faoliyatini davom ettirdi. GAO Moliya vazirligining ma’lumot yo‘qolishini oldini olish vositalari Elezning xorijiy yordam bo‘yicha shifrlanmagan ma’lumotlarni GSAdagi DOGE hamkasblarga jo‘natishiga to‘sqinlik qilmaganini aniqladi. Kongress a’zosi Richard Nil: "GAO bizning eng yomon xavotirlarimizni tasdiqladi", dedi.
Maskning ketishi va institutsional meros
Mask rasman 2025 yil 29 mayda lavozimini tark etdi. Oq uy matbuot kotibi Karolin Livitt idoralarga singdirilgan DOGE xodimlari doimiy siyosiy tayinlovlarga o‘tganini va o‘z joylarida qolayotganini tasdiqladi: "DOGE rahbarlari — prezidentning har bir kabinet a’zosi va o‘zi." Taxminan 100 nafar DOGE xodimi hali ham turli federal idoralarda ishlaydi. Xodimlar boshqaruvi idorasi pensiya arizalarini qayta ishlash uchun Workday, Inc. kompaniyasi bilan shartnoma tuzdi. Washington Post–ABC–Ipsos so‘rovi ko‘rsatishicha, amerikalik larning 57% Maskning hukumattagi ishini salbiy baholadi.
4 iyul: tashkilotning tugashi, loyihaning davom etishi
DOGE rasman 2026 yil 4 iyulda — Mustaqillik Deklaratsiyasining 250 yilligi kuni Tramp tashkil etmoqchi bo‘lgan "Buyuk Amerika yarmarkasi" bilan bir kunda — tugatiladi. Biroq tashkilotning rasman yopilishi u ishga tushirgan jarayonlarni to‘xtatmaydi. Siyosiy sadoqatni namoyish etish talabini o‘z ichiga olgan yangi davlat xizmati yollash mezonlari 1883 yilgi Pendleton qonuni bilan mustahkamlangan liyoqat tamoyillaridan tubdan uzoqlashishni ifodalaydi. 200 000 dan ortiq federal tartibga solish hujjatlarining yarmini 2027 yil yanvarga qadar bekor qilishga mo‘ljallangan Sun’iy intellekt dereglamentatsiya vositasi ishini davom ettirmoqda. DOGE tajribasi federal byurokratiyani tez va keng miqyosda isloh qilish mumkinligini ko‘rsatdi — va ayni paytda yetarli huquqiy kafolatlar bo‘lmagan o‘zgarishlarning institutsional narxini ham namoyon etdi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.