Nega O‘rta koridor Markaziy Osiyo davlatlari uchun bir xil ustuvorlikka ega emas?

Sharh

14 May 2025

Ulashish

Nega O‘rta koridor Markaziy Osiyo davlatlari uchun bir xil ustuvorlikka ega emas?

Jahon banki baholashlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari dunyodagi eng kam bog‘langan iqtisodiyotlardan biri bo‘lib qolmoqda, bu esa ularning farovonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, mintaqaning transport xizmatlari eksportidan olinadigan global daromadlardagi ulushi 1 foizdan oshmaydi. Shu sababli bugungi kunda Markaziy Osiyo orqali dunyoning eng yirik bozorlarini bog‘lash imkonini beradigan samarali tranzit yo‘laklarini yaratish va o‘zaro manfaatli asosda ilgari surish vazifasi ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Shunday yo‘laklardan biri Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi (TXTM) yoki O‘rta koridor bo‘lib, u Sharq-G‘arb-Sharq quruqlik aloqalarida ishtirok etadi.

 

Hozirgi sharoitda Yevropa Ittifoqi ushbu yo‘nalishning infratuzilmaviy rivojlanishiga eng katta amaliy qiziqish bildirmoqda. Yevropaning "Global Gateway" tashabbusi doirasida Markaziy Osiyo respublikalari uchun 10 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam e’lon qilindi. 2025-yil 4-aprelda Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” yuqori darajadagi sammitida Yevropa Ittifoqi 12 milliard yevrolik navbatdagi investitsiya paketini e’lon qildi. Ushbu mablag‘ning chorak qismi transport sohasidagi loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

 

Bunday dinamika Markaziy Osiyodan Yevropa va boshqa tegishli mintaqalarga yetkazib berishning keng tarmog‘ini shakllantirishga yordam berishi kutilmoqda.

 

Transkaspiy tashuvlarining faollashuvi bir qator geosiyosiy va geoiqtisodiy afzalliklarni keltirib chiqaradi.

 

Birinchidan, Markaziy Osiyo Yevroosiyoning tranzit markaziga aylanish uchun noyob imkoniyatga ega bo‘ladi. Bu mintaqaning xalqaro subyektliligini kuchaytirishga olib keladi, bu esa jahon siyosatining nufuzli subyektlari bilan teng huquqli munosabatlarni o‘rnatish nuqtai nazaridan juda muhimdir.

 

Ikkinchidan, O‘rta koridor salohiyatini kengaytirish Markaziy Osiyo mamlakatlarining tashqi savdo oqimlarini diversifikatsiya qilish vazifasi qo‘yilgan milliy transport strategiyalari bilan uyg‘unlashadi.  Yuk tashishning g‘arbiy yo‘nalishini rivojlantirish mintaqaga yangi eksport bozorlarini ochish orqali shimoliy yo‘nalishlarga qaramlikni kamaytirish imkonini beradi.

 

Uchinchidan, yangi mintaqalararo savdo yo‘nalishlarini ishga tushirish orqali Markaziy Osiyo transport landshafti tubdan o‘zgarmoqda, bu esa mintaqa ichidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, shuningdek, tovarlarni tashish xarajatlarini kamaytirish uchun mustahkam zamin yaratadi.

 

To‘rtinchidan, Transkaspiy tashuvlari Yevropa Ittifoqi, Janubiy Kavkaz davlatlari va Turkiya bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilib, Markaziy Osiyo taraqqiyotiga qo‘shimcha turtki beradi.

 

Biroq, zamonaviy tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, qator obyektiv sabablarga ko‘ra, O‘rta koridor butun Markaziy Osiyo "beshligi"ga teng tranzit foydasini ta’minlay olmaydi. Bu G‘arbga yo‘naltirilgan potensial yuk oqimining ular o‘rtasida nomutanosib taqsimlanishi bilan bog‘liq. Umumiy hajmning 93 foizdan ortig‘i Qozog‘istonga to‘g‘ri keladi, Turkmanistonning ulushi 3 foiz, O‘zbekiston 2,3 foiz, Qirg‘iziston 1,1 foiz, Tojikiston esa atigi 0,03 foizni tashkil etadi. Bundan kelib chiqadiki, TXTMni takomillashtirish Yevropa Ittifoqiga boradigan eng qisqa va qulay savdo yo‘li sifatida Qozog‘iston va Turkmanistonning iqtisodiy rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston uchun O‘rta koridor Janubiy Yevropa, AQSH, Kanada va boshqa tashqi savdo hamkorlari bilan eksport-import ta’minotini diversifikatsiya qilishga yordam beradigan qo‘shimcha yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

 

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.