Tolibon harakati iqtisodiyoti va davlatning omon qolish mexanizmlari to‘g‘risida

Tahliliy nashrlar

21 Iyun 2026

Ulashish

Tolibon harakati iqtisodiyoti va davlatning omon qolish mexanizmlari to‘g‘risida

2021-yil avgust oyida Tolibon harakati hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng, xalqaro hamjamiyatning sezilarli qismi Afg‘oniston iqtisodiyotining tez fursatda inqirozga yuz tutishini kutgan edi. Bunday prognozlar uchun quyidagi asoslar yaqqol ko‘rinib turardi: xorijiy valyuta zaxiralarining muzlatib qo‘yilishi, G‘arb moliyaviy yordamining to‘xtatilishi, sanksiyalar, xalqaro bank tizimidan de-fakto uzib qo‘yilish va yangi rejimning xalqaro miqyosda tan olinmaganligi. Biroq, ushbu baholashlar o‘zini qisman oqladi, xolos. Og‘ir inqirozga qaramay, rejim davlat apparatining boshqariluvchanligini, moliyaviy oqimlar ustidan markazlashtirilgan nazoratni va iqtisodiyotning bazaviy barqarorligini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.

Hozirgi vaqtda asosiy qiziqish Afg‘onistonning rivojlanish salohiyatiga emas, balki rejimning xalqaro izolyatsiya (yakkalanish) sharoitlariga moslashish qobiliyatiga qaratilgan. De-fakto, Tolibon modernizatsiya va investitsiyaviy o‘sishga emas, balki ma’muriy nazorat, yashirin moliyaviy mexanizmlar, mintaqaviy savdo va gumanitar kanallar orqali bilvosita tashqi yordamning uyg‘unligiga asoslangan “omon qolish iqtisodiyoti” modelini barpo etmoqda.

Rejim moliyaviy barqarorligining asosi quyidagilardan iborat:

  1. Bojxona tushumlari. 2021-yildan keyin Tolibon Pokiston, Eron va Markaziy Osiyo davlatlari bilan chegara o‘tish joylarini nazorat qilishga alohida e’tibor qaratdi. Ishlab chiqarish bazasining o‘ta zaifligi sharoitida aynan import, tranzit va chegara bojlari budjet daromadlarining asosiy qismini ta’minlamoqda.

Jahon banki va qator xalqaro monitoring tuzilmalarining ma’lumotlariga ko‘ra, hokimiyat tepasiga kelinganidan keyingi dastlabki ikki yil ichida bojxona va soliq tushumlari kutilganidan tezroq tiklana boshladi: 2023–2024-yillarda rejimning oylik ichki daromadlari ayrim davrlarda 15–20 milliard afg‘oniydan (taxminan 200–250 million dollar) oshib ketdi va ushbu mablag‘larning salmoqli qismi aynan bojxona bojlaridan shakllandi.

Xalqaro ekspertlar yangi ma’muriyat boj yig‘ish tizimini markazlashtirishga va o‘tmishdagi hukumatga nisbatan quyi bo‘g‘indagi korrupsiya darajasini sezilarli darajada kamaytirishga muvaffaq bo‘lganini qayd etmoqdalar. Agar ilgari daromadlarining katta qismi mintaqaviy mijozlik tarmoqlari va korrupsion sxemalarda g‘oyib bo‘lgan bo‘lsa, hozirda moliyaviy oqimlar ko‘p jihatdan harakatning markaziy rahbariyati nazorati ostida jamlangan.

Pokiston yo‘nalishidagi Torxam, Chaman va Spin Boldak chegara o‘tish punktlari hamda Eron va Markaziy Osiyo orqali o‘tuvchi savdo yo‘llari alohida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ular orqali yoqilg‘i, oziq-ovqat va xalq iste’moli tovarlari importining asosiy hajmi o‘tadi.

Natijada, rejim iqtisodiyoti “chegara rentasi modeli” tusini olmoqda, unga ko‘ra davlat ichki ishlab chiqarishni rivojlantirish orqali emas, balki asosan savdo koridorlari va import oqimlarini nazorat qilish hisobiga mavjudligini saqlab turibdi. Aynan mana shu tizim xalqaro yakkalanish sharoitida Tolibon harakatini nisbatan barqaror daromadlar bilan ta’minlamoqda.

  1. Foydali qazilmalarni qazib olish

Qo‘shimcha omil uzoq muddatli valyuta tushumlarining kam sonli salohiyatli manbalaridan biri sifatida qaraladigan mineral resurslarni qazib olishning faollashishi bo‘ldi. AQSh Geologiya xizmati (USGS) hisob-kitoblariga ko‘ra, Afg‘oniston foydali qazilmalarining umumiy qiymati 1–3 trillion dollarga yetishi mumkin. Bu yerda mis, temir javhari, litiy, kobalt, oltin va nodir metallarning ulkan zaxiralari nazarda tutilmoqda. Ayniqsa, Aynak mis koni va Hojigak temir javhari havzasi alohida ahamiyatga ega. Hokimiyatga qaytganidan so‘ng Tolibon Pokistonga ko‘mir eksportini sezilarli darajada oshirdi: 2022–2023-yillarda yetkazib berish hajmi yiliga 3–4 million tonnaga yetdi, rejimning daromadlari esa yuzlab million dollarga baholandi.

Shu bilan parallel ravishda, Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlik jadallashdi. 2023-yilda Xitoyning “Xinjiang Central Asia Petroleum and Gas Co” kompaniyasi Amudaryo havzasidagi neft konlarini o‘zlashtirish bo‘yicha dastlabki uch yil ichida 540 million dollargacha kutilayotgan investitsiyalar bilan kelishuv imzoladi. Biroq, Afg‘oniston Konchilik va neft vazirligi 2025-yil o‘rtalarida ushbu 25 yillik shartnomani bekor qildi, chunki qo‘shma vazirliklararo qo‘mita Xitoy firmasi shartnoma majburiyatlarini bir necha bor buzganini va belgilangan investitsiya muddatlariga rioya qilmaganini aniqladi. Afg‘oniston Konchilik va neft vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, faqatgina Amudaryodagi neft qazib olishdan olingan daromadlar 2025-yilda 130 million dollardan oshdi.

Shunga qaramay, resurs sektori hamon tizimli cheklovlarga — infratuzilma, texnologiyalar, xalqaro moliyalashtirish va tan olingan xavfsizlik kafolatlarining yetishmasligiga duch kelmoqda. Shu sababli, foydali qazilmalarni qazib olish hozircha iqtisodiy o‘sish uchun to‘laqonli poydevor bo‘lishdan ko‘ra, ko‘proq rejimning strategik zaxirasi hamda tashqi hamkorlar, birinchi navbatda Xitoy bilan muzokaralar olib borish vositasi bo‘lib qolmoqda.

Shu bilan birga, Xitoyning keng ko‘lamli iqtisodiy ishtiroki borasidagi umidlar hali ro‘yobga chiqqani yo‘q. Pekin beqarorlik sharoitida yirik sarmoyalardan qochib, ehtiyotkor pragmatizm namoyish etmoqda. Xitoy, birinchi navbatda, Shinjon-Uyg‘ur muxtor rayoni (SHUMR) chegaralari yaqinida terrorchilik tahdidlarining oldini olishdan va Afg‘onistonning salohiyatli resurslariga kirish imkoniyatini saqlab qolishdan manfaatdor, ammo u Afg‘oniston iqtisodiyotining asosiy homiysi rolini o‘z zimmasiga olishga tayyor emas.

  1. Yashirin iqtisodiyot

Shu bilan bir qatorda, tarixan Afg‘oniston iqtisodiy tizimining hal qiluvchi qismi bo‘lib kelgan yashirin iqtisodiyotning kengayishi davom etmoqda. Xalqaro sanksiyalar an’anaviy bank infratuzilmasidan tashqarida transchegaraviy hisob-kitoblarni ta’minlaydigan norasmiy moliyaviy mexanizmlar, eng avvalo, “havola” (hawala) tizimining ahamiyatini yanada kuchaytirdi. Bunday tarmoqlar orqali savdo operatsiyalari, diaspora pul o‘tkazmalari, importni moliyalashtirish va ichki pul muomalasining salmoqli qismi amalga oshiriladi.

Tolibon yashirin sektorni tugatishga urinmayotgani fundamental ahamiyatga ega. Aksincha, rejim vositachilarni litsenziyalash, transport yo‘nalishlarini nazorat qilish va norasmiy savdoni soliqqa tortishdan foydalangan holda uni o‘z boshqaruv tizimiga integratsiya qilmoqda. Natijada, yashirin iqtisodiyot davlat zaifligining belgisi emas, balki uning faoliyat ko‘rsatishining asosiy mexanizmlaridan biriga aylanmoqda.

  1. Narkoiqtisodiyot

Narkoiqtisodiyot alohida e’tiborga loyiqdir. 2022-yildagi taqiqdan keyin Afg‘onistonda afyun ishlab chiqarish 90% dan ko‘proqqa kamaygan bo‘lsa-da, bu giyohvand moddalar ishlab chiqarish butunlay yo‘qolganini anglatmaydi. Birinchidan, afyunlarning katta hajmi oldindan zaxiralab qo‘yilgan edi. Ikkinchidan, taklif taqchilligi narxlarning keskin oshishiga olib keldi, bu esa ishlab chiqarish hajmining pasayishini qisman qopladi. Uchinchidan, sintetik giyohvand moddalar, birinchi navbatda, metamfetamin ishlab chiqarish jadallashmoqda.

Xalqaro tuzilmalar Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo va Sharqiy Afrikada Afg‘onistondan keltirilgan metamfetamin musodarasining barqaror o‘sib borayotganini qayd etmoqda. Ishlab chiqarish mamlakatning markaziy va g‘arbiy hududlarida keng tarqalgan efedra (ephedra) o‘simligiga asoslangan. Natijada, Afg‘oniston nafaqat afyun savdosi markaziga, balki yuqori daromadli va qishloq xo‘jaligi sikliga kamroq bog‘liq bo‘lgan sintetik giyohvand moddalar ishlab chiqarishning yangi tugunlaridan biriga aylanib bormoqda.

Hozirgi bosqichda giyohvand moddalar savdosi rejim daromadlarining asosiy markazlashtirilgan manbai deb da’vo qilish uchun yetarli asoslar mavjud emas. Shunga qaramay, u mintaqaviy elitalarni, qurolli tarmoqlarni va yashirin iqtisodiyotni moliyalashtirishda muhim rol o‘ynashda davom etmoqda.

Tolibonning rasman tan olinmaganiga qaramay, rejim barqarorligining paradoksal, ammo o‘ta muhim omili bo‘lib xalqaro gumanitar yordam qolmoqda. Xalqaro tashkilotlar oziq-ovqat dasturlarini, infratuzilma loyihalarini, sog‘liqni saqlash va gumanitar operatsiyalarni moliyalashtirishda davom etmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yildan keyin Afg‘oniston har yili bir necha milliard dollar miqdorida tashqi gumanitar yordam olib keldi.

Birgina 2022-yilda xalqaro yordam hajmi 3 milliard dollardan oshdi, 2023–2024-yillarda esa, moliyalashtirishning bosqichma-bosqich qisqarganiga qaramay, mamlakat dunyodagi eng yirik gumanitar yordam oluvchilardan biri bo‘lib qoldi. Gumanitar dasturlar u yoki bu shaklda mamlakat aholisining yarmidan ko‘pini qamrab oladi, qariyb 23 million afg‘onistonlik esa doimiy tashqi yordamga muhtojlikda davom etmoqda.

Rasmiy ravishda ushbu mablag‘lar aholiga yo‘naltiriladi; biroq amalda ular bir vaqtning o‘zida ichki talabni, bandlikni, pul muomalasini va asosiy ijtimoiy xizmatlarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi va bu rejimning o‘zini ham bilvosita barqarorlashtiradi. Vayron bo‘lgan iqtisodiyot sharoitida gumanitar sektor mamlakat ichidagi pul muomalasining eng yirik manbalaridan biriga aylandi. BMT va xalqaro nodavlat tashkilotlar dasturlari orqali oziq-ovqat ta’minoti, tibbiyot xodimlariga ish haqi to‘lash, suv ta’minoti inshootlari va boshlang‘ich infratuzilma loyihalari moliyalashtirilmoqda.

De-fakto, xalqaro hamjamiyat gumanitar falokat va ommaviy migratsiyaning oldini olishga intilib, ayni paytda Tolibon boshqaruvining iqtisodiy barqarorligini saqlashga hissa qo‘shayotgan vaziyat yuzaga kelmoqda. Shu bilan birga, rejimning o‘zi xalqaro ishtirokdan ma’muriy ta’sir vositasi va ichki legitimlikning qo‘shimcha manbai sifatida foydalanishga intilib, yordam taqsimoti, kadrlar tayinlovi va gumanitar operatsiyalar logistikasi ustidan nazoratni muntazam ravishda kuchaytirib bormoqda.

Shunday qilib, rejimning asosiy zaifligi modernizatsiyaning uzoq muddatli manbalari yo‘qligidadir. Xalqaro miqyosda tan olinmasdan, global moliya tizimiga to‘liq kirish imkoniyatisiz, keng ko‘lamli investitsiyalar va institutsional rivojlanishsiz Afg‘oniston “omon qolish iqtisodiyoti” dan barqaror o‘sish modeliga o‘ta olishi dargumon.

Oxir-oqibat, Tolibon harakati rejimining iqtisodiy barqarorligi klassik tushunchadagi boshqaruv samaradorligi bilan emas, balki davlatni uzoq muddatli yakkalanish (izolyatsiya) sharoitlariga moslashtirish qobiliyati bilan izohlanadi. Afg‘oniston asta-sekin bojxona rentasi, yashirin iqtisodiyot, gumanitar yordam va mintaqaviy norasmiy aloqalarning uyg‘unligi xalqaro miqyosda tan olinmagan taqdirda ham boshqariluvchanlikni saqlashga imkon beruvchi “kam xarajatli avtoritar omon qolish” (low-cost authoritarian survival) namunasiga aylanib bormoqda.

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.