O‘zbekiston Transport-Tranzit Markaziga Aylanish Sari

Ommaviy axborot vositalarida chiqishlar

24 Mart 2025

Ulashish

O‘zbekiston Transport-Tranzit Markaziga Aylanish Sari

O‘zbekiston 24 telekanalining “Ortga qaytmas islohotlar” maxsus soni mamlakatning transport-tranzit salohiyatini rivojlantirish masalasiga bag‘ishlandi. Dasturda soha mutaxassislari, ekspertlar va tahlilchilar ishtirok etib, O‘zbekistonning xalqaro transport tizimidagi o‘rni, amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalari va mintaqaviy transport aloqalarini mustahkamlash yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

 

Mazkur dastur mehmoni sifatida IXTI katta ilmiy xodimi Nargiza Umarova ham qatnashdi. U o‘z chiqishida O‘zbekistonning logistika sohasidagi dolzarb loyihalariga, xususan, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li va Transafg‘on temir yo‘li loyihalarining istiqbollariga to‘xtalib o‘tdi.

 

Nargiza Umarovaning ta’kidlashicha, O‘zbekiston o‘zining qulay geostrategik joylashuvini inobatga olib, transport tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu esa mamlakatni mintaqaviy transport tizimidagi chekka hudud maqomidan markaziy logistika va tranzit markazi darajasiga olib chiqishga xizmat qiladi. Ekspert, shuningdek, bu kabi yirik infratuzilma loyihalarining nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining iqtisodiy taraqqiyotiga, tashqi savdo aloqalarining diversifikatsiyasiga hamda xalqaro transport yo‘laklarini kengaytirishga qo‘shadigan hissasi muhim ekanligini ta’kidladi.

 

Shu tariqa, O‘zbekiston amalga oshirayotgan transport infratuzilmasi loyihalari nafaqat ichki logistika tizimini takomillashtirishga, balki mamlakatning xalqaro iqtisodiy hamkorlikdagi rolini yanada kuchaytirishga ham xizmat qiladi.

 

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.