Yaponiyada Sanae Takaichi siyosiy pozitsiyalarining mustahkamlanishi va muddatidan oldin o‘tkazilgan parlament saylovlarining Markaziy Osiyo uchun ehtimoliy oqibatlari

Tahliliy nashrlar

04 Mart 2026

Ulashish

Yaponiyada Sanae Takaichi siyosiy pozitsiyalarining mustahkamlanishi va muddatidan oldin o‘tkazilgan parlament saylovlarining Markaziy Osiyo uchun ehtimoliy oqibatlari

Muallif: Dovud Usmonov, JIDU talabasi, IXTI amaliyotchisi

Kirish. Bosh vazir Sanae Takaichi rahbarligidagi Liberal-demokratik partiya (LDP) Yaponiya parlamentining quyi palatasiga o‘tkazilgan muddatidan oldingi saylovlarda partiya 1955-yilda tashkil etilganidan buyon eng yirik va misli ko‘rilmagan g‘alabani qo‘lga kiritdi. Kengaygan institutsional mandat hukmron partiyaga muxolifatning zaifligiga qaramasdan o‘z siyosiy kun tartibini faol amalga oshirish imkonini bermoqda.

Mazkur g‘alaba, avvalo, jamiyatda Takaichi yetakchiligiga bo‘lgan yuqori ishonch darajasi hamda samarali siyosiy mobilizatsiya kampaniyasi bilan izohlanadi. Shu bilan birga, texnologik suverenitetni mustahkamlash va xavfsizlikni kuchaytirishga yo‘naltirilgan Takaichi hukumati tashqi siyosiy kursi Yaponiyaning Yevrosiyo hududida, jumladan Markaziy Osiyoda faolroq ishtirok etishi uchun sharoit yaratmoqda.

Bu esa mintaqa uchun investitsiyaviy, energetik va texnologik hamkorlikning kengayish ehtimolini anglatadi. Xususan, O‘zbekiston uchun atom va qayta tiklanuvchi energetika, raqamli transformatsiya hamda infratuzilmani modernizatsiya qilish yo‘nalishlarida hamkorlikni chuqurlashtirish imkoniyatlari ochilmoqda.

Saylov natijalari. Saylov yakunlari bosh vazirga nisbatan kuchli jamoatchilik qo‘llovi mavjudligini hamda muxolifatning qonunchilik jarayonlariga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatlari sezilarli darajada qisqarganini ko‘rsatdi. Yaponiya parlament tizimida quyi palata ustuvor vakolatlarga ega bo‘lib, yuqori palata tashabbuslarini ham bloklash imkoniyatiga ega.

Bundan tashqari, LDP parlament qo‘mitalari ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi, bu esa fiskal, texnologik va mudofaa siyosatini amalga oshirish uchun kengroq institutsional imkoniyatlar yaratadi.

Vakillar palatasida LDP 465 o‘rindan 316 tasini qo‘lga kiritib, uchdan ikki qismdan ortiq ko‘pchilikni ta’minladi. Saylovdan oldin partiya atigi 198 mandatga ega edi. G‘alaba ko‘lami shu qadar katta bo‘ldiki, partiya amalda muxolifat vakillariga 14 o‘rinni qoldirishga majbur bo‘ldi. Asosiy muxolif partiya esa avvalgi 167 o‘rniga atigi 49 mandatga ega bo‘ldi.

Alohida ahamiyatga ega jihat – bu mamlakat aholisining chorak qismidan ortig‘i yashaydigan Katta Tokio hududidagi g‘alabadir. Bu yerda muxolifat faqat bitta deputatni parlamentga o‘tkaza oldi. Natijada LDP nafaqat hududlarda, balki Yaponiyaning eng rivojlangan va siyosiy jihatdan sezgir saylov bazasida ham ustunlikni ta’minladi.

9-fevral kuni Sanae Takaichi Konstitutsiyani qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha milliy referendum o‘tkazish uchun zarur sharoitlarni tez fursatda yaratish qat’iy niyatini bildirdi hamda yoz oylariga qadar oziq-ovqat mahsulotlariga iste’mol solig‘ini bekor qilish loyihasini taqdim etishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Mazkur tashabbus davlat byudjetiga sezilarli bosim keltirishi mumkin.

Takaichi fiskal siyosati. Takaichi ma’muriyati “mas’uliyatli va faol fiskal siyosat” konsepsiyasini ilgari surib, uni iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va davlat moliyasining barqarorligini mustahkamlash vositasi sifatida talqin qilmoqda. Biroq moliyaviy bozorlar ushbu kursga uzoq muddatli foiz stavkalarining oshishi va iyena kursining zaiflashuvi bilan javob berdi, bu esa fiskal siyosat istiqboliga nisbatan shubhalar saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.

Asosiy xavf oziq-ovqat mahsulotlariga soliqni ikki yil muddatga nol darajaga tushirish tashabbusi bilan bog‘liq bo‘lib, uning yillik qiymati taxminan 5 trillion iyenaga baholanmoqda. Byudjet daromadlaridagi yo‘qotishlarni defitsitni oshirmasdan qanday qoplash masalasi hamda soliq stavkasini keyinchalik qayta tiklash realistikligi ochiq qolmoqda.

Shu bilan birga, LDP sun’iy intellekt, yarimo‘tkazgichlar, kosmik sanoat va kemasozlikni o‘z ichiga olgan 17 ta ustuvor yo‘nalishda strategik investitsiyalarni e’lon qildi. Hukumat iqtisodiy o‘sish jadallashuvi soliq tushumlarini oshirish orqali davlat moliyasini sog‘lomlashtiradi deb hisoblamoqda. Ammo investitsiyalar samaradorligini baholash mexanizmlari va yirik xarajatlar sharoitida byudjet intizomini saqlash imkoniyatlari borasida savollar saqlanib qolmoqda.

Mudofaa siyosati. Yaponiya siyosatida harbiy komponentning kuchayishi kuzatilmoqda. 2026-yil uchun mudofaa byudjeti rekord darajaga – 9 trillion iyena (taxminan 58 mlrd AQSh dollari)ga yetkazildi, bu 2025-yilga nisbatan 9,4 foiz o‘sishni anglatadi.

Bu holat Tokio siyosiy e’tibori va davlat resurslarining tobora ko‘proq ichki va mintaqaviy xavfsizlik masalalariga, ayniqsa Sharqiy Osiyoga yo‘naltirilishini anglatadi. Sohil mudofaasini kuchaytirish maqsadida Yaponiya havo, dengiz va suvosti uchuvchisiz tizimlarini joylashtirish uchun qariyb 100 mlrd iyena ajratishni rejalashtirmoqda.

Mudofaa xarajatlarining keskin oshishi va AQSh bilan ittifoqchilik arxitekturasining mustahkamlanishi Yaponiyaning avval investitsiyalar va “yumshoq kuch”ga asoslangan tashqi iqtisodiy modelini bosqichma-bosqich o‘zgartirmoqda.

Markaziy Osiyo va O‘zbekiston uchun ta’siri. Sanae Takaichi ma’muriyatining texnologik suverenitet va milliy xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan siyosati Yaponiyaning Yevrosiyo yo‘nalishidagi faolligi asta-sekin kengayishini anglatadi. Shu nuqtai nazardan, “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formati Tokioning tashqi iqtisodiy va geosiyosiy aloqalarini diversifikatsiya qilish vositasi sifatida strategik ahamiyat kasb etmoqda.

Markaziy Osiyo barqaror logistika va energetik yo‘laklarni shakllantirish hamda tashqi kuch markazlariga qaramlikni kamaytirishga xizmat qiluvchi hudud sifatida ko‘rilmoqda.

O‘zbekiston uchun Yaponiyadagi siyosiy o‘zgarishlar atom va yashil energetika, raqamlashtirish, inqirozlarni boshqarish texnologiyalari hamda transport-logistika yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish tashabbuslarida hamkorlikni kengaytirish imkonini yaratadi. Fiskal barqarorlik saqlangan taqdirda, hamkorlik alohida loyihalardan uzoq muddatli strategik sheriklik darajasiga o‘tishi mumkin.

Shu bilan birga, Yaponiyaning mintaqadagi ishtiroki tobora strategik mazmun kasb etishi ehtimoli mavjud. Yaponiya tashabbuslari ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish va Xitoyga qaramlikni kamaytirishga qaratilgan kengroq geosiyosiy jarayonlarning bir qismi sifatida talqin qilinishi mumkin.

Umuman olganda, Markaziy Osiyo va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish imkoniyatlari Yaponiyaning ichki siyosiy barqarorligi va makroiqtisodiy holatiga bevosita bog‘liq bo‘ladi.

Xulosa. 2026-yil 8-fevraldagi saylov natijalari Sanae Takaichi shaxsiy siyosiy muvaffaqiyatidan ko‘ra, Liberal-demokratik partiyaning ichki transformatsiya, tashqi siyosiy keskinlik va muxolifat zaifligi sharoitidagi institutsional konsolidatsiyasini aks ettiradi. Bu hukumatga faol fiskal va mudofaa siyosatini amalga oshirish uchun keng siyosiy mandat yaratdi.

Biroq ushbu kursning barqarorligi islohotlar sur’ati, makromoliyaviy intizom va jamoatchilik ishonchi o‘rtasidagi muvozanatni saqlash qobiliyatiga bog‘liq bo‘ladi.

Yaponiya mudofaa ustuvorliklarining o‘zgarishi Markaziy Osiyoning Tokio uchun strategik ahamiyatini oshiradi, biroq hamkorlik muhitini murakkablashtiradi. O‘zbekiston uchun bu Yaponiya bilan iqtisodiy hamkorlikni institutsional darajada mustahkamlash bilan birga muvozanatli ko‘pvektorli tashqi siyosatni saqlash zaruratini anglatadi.

Prognozlar. Birinchidan, LDP g‘alabasi kamida 2–3 yil davomida Takaichi hukumatiga iqtisodiy va mudofaa siyosatini erkinroq olib borish imkonini beruvchi institutsional oynani yaratadi.

Ikkinchidan, Xitoy omilining kuchayishi va Tayvan atrofidagi noaniqlik Yaponiyaning mudofaa xarajatlari yanada oshishini hamda strategik tiyib turish siyosati kuchayishini deyarli kafolatlaydi.

Uchinchidan, mazkur saylov natijalari joriy siyosiy siklning eng yuqori nuqtasi bo‘lishi mumkin. 2028-yilgi saylovlarga kelib byudjet yuklamasi va ijtimoiy-iqtisodiy kutishlar jamoatchilik qo‘llovini cheklashi ehtimoli mavjud. Biroq iste’mol solig‘ini bekor qilish dasturi uzaytirilsa, jamiyat ishonchi nisbatan yuqori darajada saqlanib qolishi mumkin.

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.