17-aprel kuni Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi mamlakat hududida Tolibon harakati faoliyatiga qo‘yilgan taqiqni to‘xtatdi. Ushbu qaror orqali Rossiya rasmiy ravishda Tolibonni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqardi. Moskvaning bunday qarorga kelishiga bir qator omillar sabab bo‘lishi mumkin:
Birinchidan, xalqaro sanksiyalar sharoitida Rossiya Global Janub mamlakatlari bilan aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda, bu borada Afg‘oniston muhim tranzit hududi sifatida strategik o‘rin tutadi.
Ikkinchidan, Afg‘oniston Rossiya uchun yangi eksport bozoriga aylanishi mumkin. Tomonlar joriy yilda o‘zaro savdo hajmini 3 milliard AQSh dollarigacha oshirishni rejalashtirmoqda.
Uchinchidan, Rossiya Federatsiyasi Afg‘onistonda mavjud bo‘lgan tabiiy resurslar – xususan, litiy, mis va noyob yer elementlariga katta qiziqish bildirmoqda.
To‘rtinchidan, Moskva Tolibonni IShID-Xuroson terroristik tarmog‘iga qarshi kurashda muhim hamkor sifatida ko‘rayotgan bo‘lishi mumkin, ayniqsa Crocus City Halldagi voqealardan so‘ng bu masala dolzarb tus oldi.
Beshinchidan, Rossiya Federatsiyasining Tolibon bilan siyosiy yaqinlashuvi AQShning afg‘on yo‘nalishidagi harakatlariga javob tariqasida qaralishi mumkin. Jumladan, AQShning Afg‘oniston bo‘yicha sobiq maxsus vakili Zalmay Halilzodning joriy yil mart oyida Kobulga qilgan tashrifi bunga misol bo‘la oladi.
Oltinchidan, Afg‘oniston bilan yaqinlashuv Rossiya Federatsiyasining Yevrosiyo qit’asidagi grand-strategiyasining tarkibiy qismi bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Bu doirada Afg‘oniston strategik jihatdan muhim davlat sifatida talqin qilinmoqda.
Rossiyaning Tolibonni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarishi boshqa davlatlarning, ayniqsa, hozirda kutish pozitsiyasini egallagan mamlakatlarning pozitsiyasiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan pretsedent (namuna) yaratmoqda. Xususan, Eron, Pokiston va Hindiston Afg‘oniston bilan hamkorligini kuchaytirishi mumkin. Moskva de-yure tan olinmagan hukumat bilan muloqotga tayyor ekanligini namoyon qilmoqda, bu esa boshqa davlatlarni ham Kobulga nisbatan yanada moslashuvchan siyosat yuritishga undashi mumkin. Uzoq muddatda bu holat Tolibonning xalqaro miqyosdagi yakkalanishini susaytirishi mumkin.
Umuman olganda, Rossiya Federatsiyasining Afg‘oniston borasidagi siyosati ayrim jihatlari bilan Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlariga ham mos kelishi mumkin. Bu yerda muhim jihatlardan biri – Moskvaning tashqi siyosiy qarashidir. Unga ko‘ra, Afg‘oniston Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida qaralmoqda. Rossiya Afg‘oniston bo‘yicha yagona mintaqaviy strategiyani shakllantirishga ko‘maklashuvchi hamkor maqomida maydonga chiqishi mumkin.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.