Rossiyaga Afg‘onistonga transkaspiy yo‘li nima uchun kerak?

Sharh

26 May 2025

Ulashish

Rossiyaga Afg‘onistonga transkaspiy yo‘li nima uchun kerak?

Qozonda (Tatariston Respublikasi, RF) o‘tkazilgan qo‘shma biznes-forumda Rossiya va Afg‘oniston "Rossiya-Qozog‘iston-O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston" va “Rossiya-Kaspiy dengizi-Turkmaniston-Afg‘oniston” multimodal tranzit yo‘laklarini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

 

Bu voqea Moskvaning Afg‘oniston transport tizimini shakllantirish bo‘yicha uzoq muddatli rejalarini tushunishga oydinlik kiritadi. E’tiborli jihati shundaki, Rossiya tomoni Qozog‘iston va O‘zbekiston orqali quruqlik yo‘li bilan bir qatorda, Turkmaniston port va temir yo‘l infratuzilmasidan foydalanib, Kaspiy dengizi orqali Afg‘oniston bilan bog‘lanish imkoniyatini ochiq muhokama qila boshladi. Bunday yondashuv Rossiya Federatsiyasining biror-bir tranzit mamlakatga haddan ziyod qaramlik xavfining oldini olish uchun Janubiy Osiyoga yetkazib berish yo‘llarini xilma-xil qilishga intilayotganidan dalolat beradi.

 

Afg‘oniston orqali Shimol-Janub o‘qi bo‘ylab multimodal tashishlarni yo‘lga qo‘yish g‘oyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan paydo bo‘ldi. 2022-yilda Toshkent 5532 km uzunlikdagi Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston mintaqalararo yo‘nalishini ishga tushirishni taklif etdi. Bir yil o‘tgach, tomonlar uni amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzoladilar. O‘shandan beri Rossiya transafg‘on yo‘nalishida sezilarli faollik ko‘rsatmoqda va allaqachon Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasining texnik-iqtisodiy asosini (TIA) tayyorlashda ishtirok etishini ma’lum qildi.

 

Ma’lumki, O‘zbekiston Mozori Sharifdan (Afg‘oniston) Peshovargacha (Pokiston) temir yo‘l yotqizishni nazarda tutuvchi Kobul yo‘lagi g‘oyasini ilgari surmoqda. Ishlarni 2021-yil kuzida boshlash rejalashtirilgan edi. Biroq Afg‘onistonda hokimiyatning kutilmagan o‘zgarishi tufayli jarayon to‘xtatildi, keyin esa qayta tiklandi. Shu bilan birga, 2024-yilda Turkmaniston Qozog‘iston bilan hamkorlikda Hind okeanidagi Pokiston portlariga chiqadigan Torg‘undi-Hirot-Qandahor-Spin-Buldak yo‘nalishi bo‘yicha Transafg‘on temir yo‘lining muqobil variantini taqdim etdi. Rossiya, chamasi, ikkala koridor - ham Kobul, ham Qandahor yo‘laklarining ishlashidan manfaatdor.

 

2024-yil sentyabrida Turkmaniston Qandahor orqali Pokiston chegarasigacha uzaytirilishi mo‘ljallangan Torg‘undi-Hirot (115 km) temir yo‘lining birinchi qismini qurishga kirishdi. Loyihani amalga oshirish xarajatlarining 500 million dollarlik qismini Qozog‘iston o‘z zimmasiga oladi.

 

Tolibonlar fevral oyida Toshkentga tashrifi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston tomoni bilan Mozori Sharif-Hirot temir yo‘lini qurish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qildi, biroq O‘zbekistonning tegishli idorasi bu ma’lumotni tasdiqlamadi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Rossiya Transport vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Transafg‘on temir yo‘lining texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash uchun kelishilgan ikkita yo‘nalishdan biri aynan Mozori Sharif shahridan boshlanib, Afg‘onistonning Hirot, Dilorom, Qandahorini Pokistonning Chaman chegara shahri bilan bog‘laydi. Bularning barchasi shuni ko‘rsatadiki, “Tolibon” hukumati Hirotni Rossiya kabi yirik yuk jo‘natuvchilarga Transafg‘on temir yo‘lining turli tarmoqlari – g‘arbiy Qandahor orqali yoki sharqiy Kobul orqali bog‘lanish imkoniyatini beradigan mamlakatning asosiy tranzit markaziga aylantirmoqchi. Yo‘nalishlarni bog‘lash Afg‘onistonga ko‘proq tranzit yuklarini jalb qilish imkonini beradi, bu esa iqtisodiy foydadan tashqari mahalliy hukumatga sezilarli geosiyosiy ustunlik keltiradi. Biroq bu reja transafg‘on aloqalariga jalb etilgan Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlari to‘qnashuvini keltirib chiqarishi mumkin.

 

Kaspiy dengizi orqali Afg‘onistonga o‘tadigan savdo yo‘li, shubhasiz, Sharqiy Osiyo, Yevrosiyo va Hindiston yarim oroli o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri temir yo‘l aloqasini yaratish jarayonini yakunlashi kerak bo‘lgan Termiz-Mozori Sharif-Kobul-Peshovar temir yo‘lini qurish uchun katta sa’y-harakatlarni amalga oshirayotgan Toshkentni norozi qiladi. Har qanday transport yo‘lagining samaradorligi yuk hajmiga bog‘liq. Rossiya-Kaspiy dengizi-Turkmaniston-Afg‘oniston multimodal yo‘nalishi ishga tushirilgan taqdirda, shimoldan janubga yetkazib berishning sezilarli qismi uning arzonligi va dengiz kemalarining ulkan yuk ko‘tarish qobiliyati tufayli dengiz yo‘liga yo‘naltirilishi mumkin. Afg‘onistonga tranzit oqimlari qaysi transport vositasi va Markaziy Osiyoning qaysi davlati orqali yo‘naltirilishidan qat’i nazar, Kobul yo‘lagi ularni tashish uchun raqobatlashishiga to‘g‘ri keladi, bu esa mintaqa uchun jiddiy sinov bo‘ladi.

 

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.