Muallif: Ismoilova Soliha, JIDU talabasi, IXTI amaliyotchisi
22-mart kuni Sloveniyada o’tkazilgan parlament saylovlari nihoyatda kichik farq bilan yakunlandi: Bosh vazir Robert Golob boshchiligidagi «Ozodlik harakati» Gibanje Svoboda, GS) partiyasitaxminan 28,5-28,66% ovoz to’plab, 29 ta deputatlik o’rnini qo’lga kiritgan holda g’alaba qozondi. Shu bilan birga, Yanez Yansha rahbarligidagi o’ng qanot «Sloveniya Demokratik Partiyasi» (SDP) 27,9-28,1% ovoz yeg’di. Ushbu saylov natijalari, Sloveniya jamiyatida chuqur siyosiy polarizatsiya shakllanganidan dalolat beradi.
Xorijiy aralashuv omili saylovoldi kampaniyasi jarayonida e’tibor markaziga aylandi, Isroil davlatiga tegishli «Black Cube» xususiy razvedka kompaniyasining ishtroki aniqlangan va aholi xavotirlarini kuchaytirgan. Sloveniya rasmiylari mazkur holatni muxolifat manfaatlariga yo’naltirilgan ta’sir o’tkazish faoliyati bilan izohlamoqda. Ushbi vaziyat saylovlarning adolatligini va shaffofligini, demokratik tizimni barqarorligini hamda milliy suvereniteti shubha ostiga qo’ymoqda.
Saylovoldi kampanaya va asosiy ishtrokchilar
Sloveniyada bo’lib o’tgan parlament saylovlarida 10 dan ortiq siyosiy partiyalar va koalitsiyalar ishtrok etdi. Umuman olganda, turlu siyosiy kuchlar manfaatlarini ifodalovchi 1300 dan ortiq nomzodlar ilgari surildi.
Bosh vazir Robert Golobning asosiy siyosiy raqibi, populist siyosatchi hamda Donald Trump tarafdori sifatida tanilgan Yanez Yansha avval ham uch marotaba Sloveniya bosh vaziri lavozimini egallagan. Golob esa, o‘z navbatida, 2022-yilda siyosiy maydonga yangi shaxs sifatida chiqgan va uchta markaziy-chap partiyadan iborat koalitsiyaga rahbarlik qilgan holda hokimiyat tepasiga kelgan.
Yanez Yanshaning (SDP) saylovoldi kampaniyasi aniq konfrontatsion mantiqqa asoslanib, o‘zini «postsotsialistik chap kuchlar»ga qarama-qarshi qo’ygan. Kampaniyaning asosiy urg‘usi qadriyatlar va rivojlanish modellari o‘rtasidagi tafovutni keskinlashtirish orqali elektoratni safarbar etishga qaratilgan. SDP o‘zini «sloven xalqini Golob ta’siridan ozod etuvchi kuch» sifatida pozitsiyalagan. Shu bilan birga, Robert Golob boshchiligidagi chap koalitsiya siyosatini, Yansha «ijtimoiy tenglashtirish, qayta taqsimlash va fuqarolarning davlatga bog’liqligini» kuchaytirishga qaratilgan siyosat deb ayiblagan va «biz ularga qarshimiz» tamoyiliga asoslangan qat’iy konfrontatsion siyosiy chiziqni ilgari surgan.
SDP kampaniyasining asosiy yo’nalishlaridan biri bu «ambitsiya va meritokratiya» «hasad va tenglashtirish» o’rniga, Yanez Yansha «ertalab maqsad va motivatsiya bilan turish uchun sabablar»ni taklif qildi, taraqqiyotni raqobatsiz erishish mumkun emasligini va faqat mehnat natijalari bo'yicha ish haqi va muvaffaqiyatga intilish barcha slovenlar farovonligining haqiqiy o'sishini ta'minlashga qodir deb ta’kidladi.
Partiya «samarali davlat» g’oyasini qo’llab-quvvatlaydi, ya’ni davlatga qaramlikni kamaytirish, shaxs erkinligini va mustaqilligini taminlash, minimal byurokratiya, soliqlarni kamaytirish va fuqarolar hamda tadbirkorlar uchun qulay muhit yaratishni nazarda tutadi.
Shuningdek, Golobning demografik siyosati ham keskin tanqid qilindi. SDP fikricha, «noqonuniy migratsiyani qonuniy migratsiyaga tenglashtirish» yondashuvi chap siyosiy kuchlarning Sloveniya etnik va madaniy tuzilishini, shuningdek, elektorat tarkibini o‘zgartirish orqali uzoq muddatda ko‘proq sayloviy qo‘llab-quvvatlashga erishish strategiyasini deb tanked qilindi.
Boshqa tomondan, «Ozodlik harakati» muvozanatli va barqaror rivojlanish g‘oyalarini ilgari surdi. U «yashil» o‘tish siyosatini (jumladan, TEŠ 6 ko‘mir elektr stansiyasini yopish bilan bog‘liq munozarali qaror va adolatli o‘tish choralari) qo‘llab-quvvatladi, innovatsiyalarni rivojlantirish, sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni maqsad qildi hamda yevropaparast va liberal-progressiv yo‘nalishni tanladi.
Ijtimoiy siyosatda hayot sifatini yaxshilash, yoshlar va keksalarni qo‘llab-quvvatlash hamda tengsizlikni kamaytirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi. Ekologik yo‘nalishda tabiatni asrash va iqtisodiy o‘sish o‘rtasida muvozanat saqlashga erishilgan. Kampaniyaning markaziy g‘oyasi ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlanishni ta’minlashdan iborat bo‘lib, bunda Sloveniya Yevropa hamjamiyatining faol va mas’uliyatli a’zosi sifatida qolishi lozim.
Iqtisodiy siyosatda partiya 2030-yilgacha Sloveniyani dunyodagi 20ta eng raqobatbardosh davlatdan biri bo’lish va yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sishi 3–5% atrofida bo‘lishini ko‘zlaydi. Asosiy urg‘u innovatsiyalarni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish, raqamli transformatsiya hamda sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimlarini modernizatsiya qilishga beriladi.
Shuningdek, partiya o‘zining yevropaparast pozitsiyasini ta’kidlab, dasturining Yevropa Ittifoqining strategik yo‘nalishlariga, xususan «yashil» o‘tish va iqlimiy neytrallik maqsadlariga to‘liq mos ekanini bildiradi. Asosiy masalalardan biri adolatli yashil o‘tish (pravično razogljičenje) bo‘lib, u doirasida «TEŠ 6» ko‘mir blokini 2030-yilgacha bosqichma-bosqich yopish hamda ko‘mir sanoatiga bog‘liq ishchilar va hududlarni qo‘llab-quvvatlash choralari nazarda tutiladi.
Har ikki siyosiy kuch «TEŠ 6» ko‘mir energiya blokiga katta e’tibor qaratishdi. SDP partiyasi, Janesh Yansha rahbarligida, Robert Golob tomonidan ilgari surilgan energiya blokini yopish tashabbusini tanqid qilib, bunday qaror mamlakatning energetik mustaqilligini zaiflashtirishi hamda ish o‘rinlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlaydi. Golob esa «TEŠ 6»ni yopish zaruratini Yevropa Ittifoqining Emissiyalar savdo tizimi (EU ETS) bilan bog‘laydi. Ushbu mexanizm doirasida ko‘mir energetikasi tobora qimmatlashib bormoqda, bu esa Sloveniya uchun ugleroddan tezroq voz kechishni iqtisodiy jihatdan rag‘batlantiradi. «TEŠ 6» to‘liq ishlaganda yiliga taxminan 3,1–3,4 million tonna CO₂ chiqaradi va 2026-yilda uglerod narxi 72–92 yevro atrofida bo‘lgan sharoitda u sezilarli moliyaviy bosim ostida qoldi. Shu sababli yuqori xarajatlar elektr stansiyani zarar ko‘ruvchi korxonaga aylantirgan va 2024-yildan boshlab davlat tomonidan 400 million yevrodan ortiq subsidiya ajratilgan. Golob hukumati EU ETS talablarini «TEŠ 6»ni tezkor yopishning asosiy iqtisodiy asoslaridan biri sifatida ko’rsatadi. Bunga qarshi ravishda Janesh Yansha blokni tezkor yopish siyosatini rad etadi va uni Bryussel tomonidan ilgari surilayotgan «deindustrializatsiya»jarayonining tarkibiy qismi sifatida ko‘radi. Uning fikricha, bunday yondashuv Sloveniya energetik xavfsizligiga, Shaleška vodiysidagi ish bilan ta’minlanish darajasiga hamda mamlakatning sanoat salohiyatiga jiddiy tahdid soladi.
Shaleška vodiysi (Velenje va Šoštanj shaharlari), «TEŠ 6» joylashgan hudud, an’anaviy ravishda sanoat va konchilik markazi hisoblanadi. Ushbu energoblokda bir necha ming kishi band. Uni yopish esa ish o‘rinlarining yo‘qolishi, mintaqada daromadlarning kamayishi hamda mahalliy aholisi uchun issiqlik va elektr energiyasi narxlarining oshishi xavfini keltirib chiqaradi. SDP partiyasi ushbu masaladan saylov kampaniyasida faol foydalandi, Janesh Yansha esa blokni tez yopishni «ishchilarga xiyonat» va «energetik taslim bo’lish" deb bir necha bor ta’kidladi. Sloveniya sharqiy qismida, aynan «TEŠ 6» joylashgan hud unda SDP an’anaviy ravishda kuchliroq qo‘llab-quvvatlanadi. Bu hududdagi ko‘plab saylovchilar «Ozodlik harakati»ning rejalarini o‘z farovonligiga tahdid sifatida qabul qilib, mamlakat bo‘yicha Golob yetakchilik qilganiga qaramay, Janesh Yanshani qo’llab-quvvatladilar.
Shunday qilib, iqlim siyosatining texnik masalasi asta-sekin chuqur mafkuraviy qarama-qarshilikka aylandi: bir tomonda progressiv «yashil o’tish» tarafdorlari, ikkinchi tomonda esa milliy energetik suverenitet va iqtisodiy pragmatizmni ustuvor qo‘yuvchi kuchlar turadi.
Saylov natijalari va ularning oqibatlari
Saylovoldi so‘rovlar va tahliliy prognozlar saylovlarning o‘ta raqobatli bo‘lishini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, kampaniya davomida siyosiy dinamikada o‘zgarishlar kuzatildi va ma’lum bosqichlarda ustunlik muxolifat tomonga o‘ta boshladi. 2026-yil boshiga kelib yetakchilik asta-sekin Sloveniya demokratik partiyasi (SDP) tomoniga o‘tdi. Ayrim so‘rov natijalariga ko‘ra, partiya 20%–28% atrofida qo‘llab-quvvatlashga ega bo‘lib, hukmron kuchdan oldinga chiqdi. Fevral oyiga kelib asosiy partiyalar o‘rtasidagi farq taxminan 5% yetib, bu Janez Yanshaning hokimiyatga qaytishi ehtimoli haqidagi kutishlarni kuchaytirdi. Mart oyiga borib esa vaziyat yanada noaniq tus oldi: umumlashtirilgan so‘rovlar SDP taxminan 29% qo‘llab-quvvatlash bilan yetakchilikni saqlab qolayotganini, biroq Robert Golob boshchiligidagi liberal blok koalitsion salohiyati hisobiga raqobatbardoshligini yo‘qotmaganini ko’rsatdi. Saylovdan bevosita oldin aksariyat tahlilchilar ikki lager o‘rtasidagi farq juda kichik bo‘lishi va natija aniq g’olibsiz, ya’ni «osilib qolgan parlament»(hung parliament) yuzaga kelishi ehtimoli yuqori ekanligi borasida umumiy xulosaga kelgan edilar.
Shu nuqtai nazardan, muxolifat muayyan bosqichlarda yetakchi sifatida baholangan bo‘lsa-da, yakuniy natija saylovchilarning yuqori darajadagi o‘zgaruvchan xulq-atvorini hamda jamiyatning chuqur siyosiy qutblanishini yaqqol namoyon etdi.
Saylov kampaniyasi migratsiya, xavfsizlik va milliy o‘zlik masalalari atrofida yuqori darajadagi keskinlik bilan ajralib turdi. So‘nggi haftalarda burilish nuqtasi sifatida «Black Cube» ishi yuzaga chiqdi: Isroilning xususiy razvedka kompaniyasi vakillari Sloveniya hududida bo‘lgani, Sloveniya Demokratik partiyasi (SDP) bilan bog‘liq shaxslar bilan uchrashuvlar o‘tkazgani hamda Robert Golob hukumatini korrupsiya ayblovlari asosida diskreditatsiya qilishga qaratilgan materiallar tarqalishida ishtirok etgani haqidagi iddaolar paydo bo’ldi.
Mazkur ma’lumotlar ommaga oshkor bo‘lgach, jamoatchilik fikrida sezilarli o‘zgarish kuzatildi. SDP qo‘llab-quvvatlovi pasayib, «Ozodlik harakati»ning reytingi esa o‘sishni boshladi. Natijada avval ortda qolib kelgan Golob partiyasi saylovlarda juda kichik taxminan 0,4–0,6 % ustunlik bilan g‘alaba qozondi.
Sloveniya saylov natijalari mamlakatda hech bir yirik partiya yakka o‘zi hukumat tuzish uchun yetarli darajada qo‘llab-quvvatlovga ega emas bo‘lgan siyosiy tizim shakllanayotganini ko‘rsatadi. Ushbu sharoitda hukumatni shakllantirish jarayonida kichik partiyalar — masalan, Yangi Sloveniya – Xristian demokratlar, Sloveniya xalq partiyasi, Fokus partiyasi, Sotsial-demokratlar va Chap partiya — bilan olib boriladigan koalitsion muzokaralar hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Bu holat hukumat tuzish jarayonini nafaqat murakkab, balki barqarorlik nuqtai nazaridan ham noaniq qilib, partiyalararo murosalarga bog‘liqlikni kuchaytiradi.
Shu bilan birga, saylovlar siyosiy qutblanishning yuqori darajasini ham yaqqol namoyon etdi. Saylovchilarning xulq-atvori jamiyatdagi chuqur tarkibiy tafovutlarni, ya’ni shahar va qishloq aholisi o‘rtasidagi farqlarni, avlodlar o‘rtasidagi tafovutni hamda qadriyatlar asosidagi qarama-qarshilikni aks ettiradi. Xususan, identik va xavfsizlik masalalari kontekstida saylovchilarning yuqori ishtiroki kuzatildi, bu esa saylov kampaniyasining yanada konfliktli xarakterga ega bo‘lishiga olib keldi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.