XXI asrda sun’iy intellekt (SI) nafaqat texnologik yutuq, balki global strategik raqobatning asosiy omiliga aylandi. Bu mavzuning dolzarbligi shundaki, SI uchun kechayotgan raqobat natijalari global ta’sir markazlarining qayta taqsimlanishiga, xalqaro siyosiy kuchlar muvozanatining o‘zgarishiga, raqamli texnologiyalarni tartibga solish tamoyillarining transformatsiyasiga va iqtisodiyot, mudofaa hamda jamiyat boshqaruvida yangi standartlarning shakllanishiga olib kelishi mumkin. Shu munosabat bilan, e’tibor asosan AQSh va Xitoyga — global SI makonining me’morligini belgilab beruvchi va uning rivojlanish trayektoriyasini ko‘p jihatdan aniqlovchi ikki yetakchi texnologik kuchga qaratilgan.
SI rivojlanishining hozirgi darajasi. AQSh SI xususiy sarmoya hajmi bo‘yicha yetakchilikni saqlab qolmoqda: 2024 yilda AQShda bu ko‘rsatkich 109,1 milliard dollarni tashkil etgan, Xitoyda esa 9,3 milliard dollar. 2023 yilda ham AQSh SI sohasiga 67,2 milliard dollar xususiy investitsiya jalb qilgan bo‘lsa, Xitoyda bu ko‘rsatkich 7,8 milliard dollarni tashkil etdi. 2013–2023 yillar oralig‘ida AQSh startaplari taxminan 335 milliard dollar miqdorida venchur kapitalini jalb qilgan, Xitoyda esa bu ko‘rsatkich 104 milliard dollarni tashkil etdi. Shuningdek, Stanford AI Index ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda faol moliyalashtirilayotgan 10 mingdan ortiq SI kompaniyasi mavjud bo‘lib, ulardan 5 509 tasi AQShda, 1 446 tasi esa Xitoyda joylashgan.
Ilmiy faoliyat borasida esa Xitoy yetakchilikni qo‘lga kiritgan. Stanford HAI ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoylik tadqiqotchilar SI bo‘yicha ko‘proq maqolalar chop etmoqda. Global AI Readiness Index ko‘rsatkichlari bo‘yicha, “ilmiy nashrlar” mezonida Xitoy dunyoda 1-o‘rinni egallagan, AQSh esa 3-o‘rinda. Biroq, davlatlarining SIga tayyorlik darajasi bo‘yicha umumiy reytingda AQSh 1-o‘rinda, Xitoy esa 16-o‘rinda turadi. Bu esa AQShning institutsional va infratuzilma jihatidan yuqori darajada rivojlanganligini ko‘rsatadi.
AQSh bir qator yetakchi til modellari (GPT-4/OpenAI, Gemini/Google, Claude/Anthropic va boshqalar)ni ishlab chiqdi. Xitoy kompaniyalari ham ularga o‘xshash tizimlar yaratmoqda. Masalan, Baidu kompaniyasining Ernie Bot chat-boti 2024 yil aprel holatiga ko‘ra 200 milliondan ortiq foydalanuvchiga ega bo‘ldi. Biroq G‘arb mahsulotlari hanuzgacha qamrov bo‘yicha yetakchi: Al Jazeera xabariga ko‘ra, ChatGPT yillik 1,86 milliard tomosha qayd etgan bo‘lsa, Ernie faqat 14,9 million. Xitoy hukumati barcha generativ SI xizmatlarini ishga tushirishdan oldin tasdiqlashni talab qiladi, AQShda esa bu borada tartibga solish bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
SI har ikki mamlakatda ham harbiy, ham fuqarolik sohalariga faol joriy qilinmoqda: avtonom tizimlar, razvedka, kiberxavfsizlik, tibbiyot, transport va kuzatuv texnologiyalari kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan holda.
Davlat strategiyasi va ko‘magi. Har ikki davlat texnologik yetakchilikni strategik maqsad sifatida belgilagan. AQShda 2020 yildan boshlab Sun’iy intellekt bo‘yicha milliy tashabbus to‘g‘risidagi qonun qabul qilingan, Maxsus quyi qo‘mita va Milliy SI boshqarmasi tashkil etilgan, CHIPS qonuni doirasida yirik moliyalashtirish dasturlari joriy etilgan. 2023 yil oktyabrda Jo Bayden ma’muriyati “Xavfsiz, ishonchli va ishonchga loyiq SI rivoji” haqidagi farmonni e’lon qildi. 2025 yil yanvarida Donald Tramp ma’muriyati “To‘siqlarni olib tashlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi va AQShning global SI ustunligini saqlab qolishni rasmiy siyosat sifatida e’lon qildi.
Xitoy esa 2030 yilgacha bo‘lgan aniq strategik yo‘nalishni tanlagan. 2017 yilda boshlangan “Yangi avlod SI rivojlanish dasturi” mamlakatni 2030 yilgacha dunyo yetakchisiga aylantirishni maqsad qilgan. SI 14-besh yillik rejaning (2021–2025) ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Hukumat milliardlab investitsiyalar ajratmoqda va “milliy jamoalar” tuzmoqda: Baidu, Alibaba, Tencent, SenseTime, iFlytek va boshqa kompaniyalar Xitoy Davlat Kengashi tomonidan etakchi deb e’tirof etilgan. Shu bilan birga, 2021–2023 yillarda Xitoy algoritmlar uchun birinchi milliy qoidalarni qabul qildi: kontent tavsiyalari, “chuqur sintez” (deepfake) va generativ modellarni qamrab olgan holda. 2023 yilda qabul qilingan “Idoralararo chora-tadbirlar”ga ko‘ra, SI chiqishlari “haqiqiy va ishonchli” bo‘lishi va “sotsialistik asosiy qadriyatlarga” zid kelmasligi lozim. Har qanday yirik SI modeli davlat ro‘yxatiga olinishi va xavfsizlik ekspertizasidan o‘tishi shart. Bu esa Xitoy yondashuvida axborot ustidan nazorat va qadriyatlar muvofiqligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
Etika va tartibga solish. AQSh va Xitoyning ochiqlik va axloqiy tamoyillarga yondashuvi keskin farq qiladi. AQSh SI laboratoriyalarining natijalarni (kod va ma’lumotlar) ochiq e’lon qilishini rag‘batlantiradi. Axloq va maxfiylik borasidagi bahslar mavjud qonunchilik (masalan, GDPR, California Consumer Privacy Act) va hujjatlar (AI Bill of Rights, NIST Framework) asosida olib boriladi. Rivojlanishdagi erkinlik innovatsiyani kuchaytiradi.
Xitoyda esa davlat nazoratiga urg‘u beriladi. Tartibga soluvchi organlar kontentni oldindan tasdiqlashni talab qiladi va algoritmlar uchun qat’iy qoidalar joriy etilgan. Xalqaro reytinglarga ko‘ra, Xitoy SI boshqaruvi va etikasi bo‘yicha eng kuchli 30 davlat ro‘yxatiga kirmaydi. Shu tariqa, Xitoy markazlashtirilgan nazorat va senzura siyosatiga tayanayotgan bo‘lsa, AQSh esa bozor raqobati hamda “o‘zini-o‘zi tartibga solish” mexanizmlariga (auditlar, ochiq standartlar) suyanmoqda.
Prognozlar va mutaxassislarning baholari. Yaqin 5–10 yil ichida raqobat kuchayishi kutilmoqda. RAND Corporation (2025) prognoziga ko‘ra, Xitoy joriy yilda ilg‘or SI modellarining sifatida AQSh bilan paritetga erishishi mumkin. Bunga javoban AQSh texnologik eksportga cheklovlar va ichki innovatsiyalarni rag‘batlantirishni o‘z ichiga olgan ikki yo‘nalishli strategiyani amalga oshirmoqda. Shunga qaramay, DeepSeek, Alibaba Cloud, Baidu va Tencent kabi kompaniyalar tomonidan erishilgan yutuqlar AQShning uzoq muddatli yetakchiligini shubha ostiga qo‘ymoqda.
Bunga yorqin misol sifatida DeepSeek kompaniyasini keltirish mumkin. 2023 yilda tashkil etilgan kompaniya 2025 yil yanvarida R1 chat-botini taqdim etdi va u tez orada AQSh App Store’da eng ko‘p yuklab olingan bepul dasturga aylandi. Model GPT-4 bilan teng darajadagi natijalarni, ayniqsa mantiqiy fikrlash va matematik masalalarda, ko‘rsatdi. Mixture-of-Experts arxitekturasi tufayli u resurslardan samaraliroq foydalandi va o‘quv xarajatlari 42% ga arzon bo‘ldi. Biroq kompaniya noto‘g‘ri axborot tarqatish xavfi tufayli xalqaro tekshiruvlarga ham duch keldi.
Shu bilan birga, Xitoylik ekspertlar, xususan Pekin universiteti huzuridagi Sun’iy intellekt instituti rahbari, professor Song-Chun Zhu — “Xitoy SIining otasi” sifatida tanilgan mutaxassis — generativ SI davrida tashabbusni Xitoy qo‘lga kiritishga qodir, deb hisoblaydi. Bu esa mamlakatdagi tezkor tadqiqot va startap ekotizimining o‘sishiga bog‘liq. Natijada, SI sohasidagi global yetakchilik AQSh o‘z afzalliklaridan qay darajada unumli foydalana olishi va Xitoy o‘z oraliqni qanday tezlikda qisqartira olishiga bog‘liq bo‘ladi.
Umuman olganda, ko‘pchilik prognozlar bir mamlakatning muqarrar geosiyosiy ustunligini e’tirof etmaydi. Mustaqil tahlillar SI bo‘yicha raqobatni ikki kuch orasidagi “yangi sovuq urush” emas, balki har ikki tomon kuchli bo‘lgan jihatlarni aks ettiruvchi uzoq muddatli texnologik jarayon sifatida baholaydi. Hozirda AQSh sarmoya, model va tijorat innovatsiyalari bo‘yicha yetakchi bo‘lsa, Xitoy – joriy etish ko‘lami va ma’lumot hajmi bo‘yicha ustun. Keyingi o‘n yillikdagi yetakchilik qaysi davlat o‘z ekotizimini yaxshiroq boshqara olishi, iqtidorli mutaxassislarni ushlab qola olishi va ochiqlik hamda xavfsizlik o‘rtasida muvozanatni topa olishiga bog‘liq bo‘ladi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.