Mualliflar: Shohruxxon Bexzodiy va Sarvarbek Turayev, JIDU talabalari, IXTI amaliyotchilari
I. Maqsadsiz qudrat
Amerika Qo‘shma Shtatlari bugungi xalqaro tizimda yetakchi asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha eng qudratli davlat bo‘lib qolmoqda. Mamlakatning 2025 yildagi harbiy byudjeti taxminan 850 milliard dollarni tashkil etdi, bu dunyo bo‘yicha keyingi to‘qqiz davlatning harbiy xarajatlari yig‘indisidan ko‘proqdir. AQSh xorijda taxminan 750 ta harbiy bazaga ega bo‘lib, barcha okeanlar bo‘ylab bir vaqtda harakat qila oladigan yagona aviaqo‘shimcha flotiga, shuningdek harbiy harakatlar zonasining istalgan nuqtasiga kuch proyeksiya qilish imkoniyatiga ega.
Biroq aynan shu beqiyos ustunlik asosiy savolni yuzaga keltiradi: bunday misli ko‘rilmagan harbiy va iqtisodiy salohiyatga ega davlat nima uchun e‘lon qilingan strategik maqsadlariga tizimli ravishda erisha olmaydi?
AQSh global ta‘sirini raqiblarining kuchayishi tufayli emas, balki mavjud salohiyatni barqaror strategik natijalarga aylantira olmaslik tufayli yo‘qotmoqda. Bu muayyan ma’muriyat xatolarining mahsuli emas, u institutsional xususiyatga ega va Oq uyda kim o‘tirganidan qat’i nazar takrorlanadi. Harbiy qudrat siyosiy strategiyasiz qo‘llanilmoqda. Iqtisodiy bosim Amerika ta’sirchanligi saqlanib turgan bog‘liqliklarni vayron qilmoqda. Diplomatik majburiyatlar tizimli ravishda buzilmoqda, bu esa Amerika so‘ziga bo‘lgan ishonch imkoniyatini yemirilishiga olib kelmoqda. Tarixan Amerika kuchini ko‘paytirgan ittifoqlar majburlov munosabatlariga aylanishi sababli, ulardan sheriklar chiqib ketishga harakat qilmoqda. Ichki siyosiy tizim strategik izchillikni ta‘minlay olmaydi, bu esa AQShning har qanday uzoq muddatli majburiyatlarini tizimiy jihatdan ishonchsiz qiladi.
2000-yillar boshidan buyon AQSh Afg‘oniston, Iroq, Liviya va Suriyada keng ko‘lamli harbiy operatsiyalar olib bordi. Bu mojarolar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlar yig‘indisi bir necha trillion dollarga yetdi. Natijalar o‘zi uchun gapiradi: Afg‘oniston amerikalik qo‘shinlar olib chiqilgandan bir necha kun o‘tib toliblar nazoratiga qaytdi; Iroq aynan amerikalik aralashuv natijasida keskin kuchaygan eron ta’sirining maydoniga aylandi; Liviya raqib qurolli guruhlar o‘rtasida bo‘lindi; Suriya yaqin vaqtgacha Rossiya, Eron va Turkiya o‘rtasida de-fakto bo‘lib olindi.
Bu qonuniyat taktik xato yoki tasodifiy holatlar natijasi emas. U tarkibiy xususiyatga ega. Amerika qurolli kuchlari operativ darajada yuqori samaradorlik ko‘rsatadi va ular dushman kuchlarini yo‘q qilishi, hududni zabt etishi va muayyan tahdidni bartaraf etishi mumkin. Biroq harbiy g‘alaba va siyosiy barqarorlashtirish, bu tubdan farqli vazifalardir. Armiya davlatni qulata oladi, lekin uni qura olmaydi. Aynan shu tizimli ojizlik bir mojaradan ikkinchisiga takrorlanib kelmoqda.
Muammoning huquqiy jihati ham alohida diqqatga sazovor. AQSh Konstitutsiyasi dastlab harbiy vakolatlarni ikki hokimiyat tarmog‘i o‘rtasida taqsimlab qo‘ydi: Kongress urush e‘lon qiladi, prezident esa uni olib boradi. Biroq amalda bu tizim qanday nazarda tutilgan bo‘lsa, shunday ishlashdan allaqachon to‘xtagan.
Burilish nuqtasi 1973 yildagi Harbiy vakolatlar to‘g‘risidagi rezolyutsiya bo‘ldi. U Vyetnam urushi saboqlaridan kelib chiqib, Kongressga kuch qo‘llash to‘g‘risidagi qarorlar ustidan nazoratni qaytarish maqsadida qabul qilingan edi. Rezolyutsiya prezident Kongress roziligini olmasa, har qanday sanksiyalanmagan harbiy operatsiyani 60 kun ichida to‘xtatishga majbur ekanligini belgilardi. Amalda esa u ikki partiyaning ma‘muriytlari yuristlari tomonidan metodik ravishda demontaj qilindi.
Reygan ma’muriyati 1987–1988 yillarda Fors ko‘rfazidagi eron kemalariga zarba berishni 60 kunlik hisobni ishga solmaydigan “alohida hodisalar” deb ta’riflagan edi. Obama ma‘muriyati operatsiya boshlanganidan 60 kundan ko‘proq vaqt o‘tgach ham davom etgan Liviyaga bombalilarni rezolyutsiya ma‘nosida “jangovar harakatlar” emas deb ta’rifladi. Bayden ma‘muriyati Yemendagi husiylar bilan bir yillik kampaniya Kongress sanksiyasini talab qilmaydi, chunki husiylar birinchi bo‘lib amerikalik kemalarga o‘t ochgan, deb ta‘kidladi. Keyingi har bir ma’muriyat yangi yuridik asosni topdi, har bir avlod yuristlari esa avvalgi pretsedentlarini bekor qilmasdan, ularning ustiga qatlamlab bordi.
Natijada bitta shaxs parlament muhokamasisiz, muvaffaqiyat mezonlarini ommaviy asoslashsiz va natija uchun real javobgarliksiz urush boshlashi mumkin bo‘lgan tizim shakllandi. Aynan shu tizimda “Epic Fury” operatsiyasi doirasida formal urush e’lonisiz va Kongress ovozisiz Eronga hujum qilish mumkin bo‘ldi. Muammo muayyan prezident shaxsida emas. Muammo shundaki, harbiy qarorlarning og‘irlik tarozisi bo‘lib xizmat qilishi kerak bo‘lgan institutional arxitektura asta-sekin, qonuniy ravishda va barcha hokimiyat tarmoqlarining ishtirokida demontaj qilindi.
Bu konstruktsiya oqibatlar jihatidan neytral emas. Keng siyosiy konsensussiz va muvaffaqiyat mezonlarini aniq belgilashsiz boshlangan urush katta ehtimollik bilan yomon boshqariladi, yomon yakunlanadi va tugagandan keyin chuqur anglashtirilmaydi. Oxirgi ikki o‘n yillikning tarixiy yozuvi aynan shundan iborat.
II. Mafkuraviy siljish: xalqaro yetakchilikdan tranzaktsionalizm sari
Urushdan keyingi davrning ko‘p qismida AQSh o‘zining global mavjudligini sof milliy manfaatdan tashqariga chiqadigan kontseptsiya bilan asoslab keldi. Vashington memor bo‘lgan liberal xalqaro tartib ochiq bozorlar, ko‘p tomonlama institutlar va jamoaviy xavfsizlik tizimi ham AQSh, ham uning sheriklar manfaatlariga javob beradi, degan farazga qurilgan edi. Bu o‘zaro manfaatli mantiq Amerika yetakchiligiga dunyo ko‘zida ma‘lum darajada qonuniylik bag‘ishlardi.
Hozirgi yondashuv bu an’anadan tubdan ajralib turadi. AQShning tashqi siyosati tobora “tranzaktsion ekstraktsionizm” deb atash mumkin bo‘lgan modelga ko‘ra qurilmoqda: har bir xalqaro o‘zaro ta’sir Vashingtonning qanday uzoq muddatli strategik tartibni qo‘llab-quvvatlamasidan emas, balki undan nima darhol olishini nuqtai nazaridan baholanmoqda. Ittifoqchilar jamoaviy xavfsizlik tizimining sheriklari emas, balki ko‘rsatilgan himoya evaziga to‘lashlari shart bo‘lgan qarzdorlar sifatida qabul qilinmoqda. Xalqaro institutlar birinchi navbatda vositalar emas, balki cheklovlar sifatida ko‘rilmoqda. Ko‘p tomonlama formatlar AQShning tarkibiy ustunligi asimmetrik natijani kafolatlaydigan ikki tomonlama muzokaralarga almashtirilyapti.
Avvalgi ko‘p tomonlama modelni tanqid qilish asossiz emas. Global iqlim mexanizmlari ko‘payib borayotgan chiqindilar fonida e‘lon qilingan maqsadlarga tizimli ravishda erisha olmadi. Jahon savdo tashkiloti Xitoyning subsidiya siyosatini tartibga sola olmadi. XAET Eron va Shimoliy Koreyaning yadroviy kengayishini oldini olmadi. 1990-2000-yillardagi Xitoyni jahon iqtisodiyotiga chuqur integratsiyalash uning siyosiy xulq-atvorini o‘zgartiradi, degan taxmin o‘zining strategik soddaligini ko‘rsatdi. Bu ma‘noda xalqaro arxitekturani qayta ko‘rib chiqishga bo‘lgan talab real asosga ega.
Shu bilan birga, vositalarni isloh qilish va ularni yo‘q qilish o‘rtasida tubdan farq bor. AQSh sakkiz o‘n yillik davomida qurib kelgan institutlar, ittifoqlar va normalar, bu faqat yuk o‘zi emas, balki Amerika kuchining multiplikatorlari edi. Ular Vashingtonning to‘g‘ridan-to‘g‘ri majburlashga har safar murojaat qilmasdan xalqaro kun tartibini shakllantirishiga imkon berardi. Qisqa muddatli taktik yutuqlar uchun bu vositalardan voz kechib, AQSh o‘zini cheklovlardan ozod qilmaydi, balki o‘z ta‘sir arxitekturasini o‘z ixtiyori bilan demontaj qiladi.
III. Ittifoqlarning eroziyasi va Diplomatiyaning zaiflanishi
AQShning ittifoq tizimining umumiy qudrati tarixan mamlakatning bir tomonlama harakat qilib erishishi mumkin bo‘lgan narsadan ancha ustun turardi. NATO, Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi ikki tomonlama xavfsizlik bitishlari, Yaqin Sharqdagi hamkorliklar, bularning barchasi Vashingtonni har qanday raqib uchun erishib bo‘lmaydigan darajadagi doimiy mavjudlik, razvedka almashinuvi, logistika ta‘minoti va siyosiy qonuniylik bilan ta‘minlagan global tarmoq tuzdi.
Ittifoqchilar bilan o‘zaro munosabatlarning hozirgi vektori bu modelni vayron qilmoqda. NATO ichida xarajatlarni taqsimlash masalasi umumiy mas‘uliyat muhokamasidan ultimatumga aylantirildi: ko‘proq to‘lang, yoki biz majburiyatlarimizni qayta ko‘rib chiqamiz. Bunday til jamoaviy xavfsizlik ittifoqini tijorat homiylik tizimiga o‘xshash narsaga aylantiradi: unda himoya umumiy qadriyatlar va strategik manfaatlar asosida emas, balki moliyaviy to‘lov evaziga ko‘rsatiladi.
G‘arb dunyosida AQSh bilan eng chuqur savdo, razvedka va mudofaa aloqalariga ega Kanada o‘zining tashqi iqtisodiy strategiyasini ochiqchasiga qayta yo‘naltirmoqda. Hozirgi hukumat savdo sherikliklarini diversifikatsiya qilib, Indoneziya va Hindiston bilan yangi bitimlar tuzgan holda Pekin bilan diplomatik yaqinlashuvga harakat qilmoqda. Bu mafkuraviy uzilish emas, balki o‘zining asosiy sherigi bo‘lmish AQShga nisbatdan bo‘lgan ishonchsizlikidir, bu esa siyosiy pragmatizmning dalili hisoblanadi.
Evropa ham o‘xshash dinamikani namoyish etmoqda. NATO davlatlari mudofaa xarajatlarini haqiqatan ham oshirmoqda. 2019 yildan beri ularning umumiy hajmi 100%ga oshdi, asosan sharqiy qanotdagi mamlakatlar hisobidandir. Biroq bu o‘sish Amerikaning kafolatlarga bo‘lgan ishonchsizligini ifoda etadi.
Diplomatiya jabhasida manzara undan ham qaltisqroq. Ukraina bo‘yicha urushni 24 soat ichida tugatish va‘dasi bir yildan ko‘proq davom etgan natijasiz muzokaralar bilan almashinib ketdi, bu vaqt mobaynida AQSh vaqti-vaqti bilan obyektiv jihatdan Rossiya talablariga mos keladigan pozitsiyalarni egallab turdi. 2025 yil fevralida Vashington BMTda Rossiya bosqini bilan bog‘liq rezolyutsiyalar bo‘yicha Moskva bilan birga ovoz berdi. G‘azo bo‘yicha AQSh anklavdagi halokatli jangovar harakatlar va tasdiqlangan ochlik fonida otashkesim to‘g‘risidagi rezolyutsiyalarga qarshi Xavfsizlik Kengashida olti marta veto qo‘lladi. 2025 yilgi yanvar otashkesimi Isroil qayta zarba berishni boshlagan bir necha haftadan keyin barbod bo‘ldi.
Eron misoliga alohida to‘xtalish zarur. 2015 yilda JCPOA kuchga kirdi: Eron sentrifugalarining uchdan ikki qismini demontaj qildi, boyitilgan uranning 98% ni olib chiqib ketdi va XAET inspektsiyalari uchun obyektlarni ochdi. 2018 yilda AQSh kelishuvdan bir tomonlama chiqib ketdi. 2025 yil martiga kelib Eron 60% gacha boyitilgan 275 kg dan ortiq uran to‘plagan edi, bu miqdor keyingi boyitishda bir necha yadro zaryadi uchun yetarli. 2025 yil aprelida boshlangan muzokaralar o‘lik nuqtaga kelib qoldi: AQSh boyitishni to‘la to‘xtatishni talab qildi, Eron esa rad etdi. 2025 yil iyunida «Midnight Hammer» operatsiyasi Fordo, Natanz va Isfahondagi asosiy obyektlarni yo‘q qildi. Biroq Eronning yuqori darajada boyitilgan uran zahiralari, ko‘rinishidan, oldindan olib chiqib ketilgan bo‘lib, ularning joylashuvi hanuzgacha noma‘lum.
2026 yil 28 fevralida “Epic Fury” operatsiyasi amalga oshirildi: Eronning oliy rahbari Xomeneyi o‘ldirildi, raketa ishlab chiqarish korxonalari, flot va ikki tomonlama maqsadli ob‘ektlar yo‘q qilindi. Taktik jihatdan operatsiya e‘lon qilingan maqsadlarga erishdi. Strategik jihatdan u tubdan yangi muammoni keltirib chiqardi: yadroviy infratuzilmasi vayron qilingan, ammo bilim va motivatsiyasi saqlab qolingan va endi istalgan narx evaziga deterrent salohiyatga erishishda ekzistensial zarurat bilan kuchaytirilib turgan davlat.
Uchala keysning yakuniy mantig‘i bir xil: AQSh har bir vaziyatga maksimal bosim salohiyati bilan kirdi va undan kirish nuqtasidagi holatdan yomonroq natija bilan chiqdi.
IV. Tashqi zaiflikning ichki ildiziidlari
Amerika tashqi siyosatidagi disfunktsiyani tahlil qilish uning ichki siyosiy determinantlarini ko‘rib chiqmasdan to‘liq bo‘lmaydi. Bir-birini kuchaytiruvchi bir nechta tarkibiy jarayon AQShning muayyan ma‘muriyat shaxsiy tarkibidan qat‘i nazar izchil xalqaro siyosat yuritish qobiliyatini yemirmoqda.
Birinchisi – strategik izchillikni deyarli erishib bo‘lmaydigan chuqur partiyaviy qutblanish. Bir-birini almashtiruvchi ma‘muriyatlar tashqi siyosiy kurslari o‘rtasidagi tafovut shunchalik kattaki, ittifoqchilar Oq uydagi har bir almashuvda uzoq muddatli hisoblarini qayta ko‘rishga majbur. Bir prezident tuzgan xalqaro bitim hukmronligining birinchi haftasida uning vorisi tomonidan bekor qilinishi mumkin. 2018 yildagi JCPOA va Parij iqlim bitimidir. Respublikachilar partiyasining o‘zida an‘anaviy konservativ internatsionalizm va hozirgi ma‘muriyat kursi o‘rtasida sezilarli tafovut shakllangani ham e’tiborga sazovor. Bir qancha respublikachilar senatorlari Ukrainaga ko‘rsatiladigan yordamni kesish va AQShning NATOdagi pozitsiyalarini zaiflashtirish bo‘yicha o‘z tashvishlari haqida ommaviy ravishda gapirdi, biroq Trampning ikkinchi muddati sharoitida partiyaviy intizom haqiqiy ovozlar darajasida bu norozilikni bostirishga yetarli bo‘ldi.
Ikkinchisi – 2025 yildan beri kuchayib borayotgan jamoatchilik noroziligi. “Shohlar kerak emas” harakati AQShning yangi tarixida fuqarolik protestining eng keng ko‘lamli hodisalaridan biriga aylandi. Birinchi to‘lqin 2025 yil 14 iyunda bo‘lib o‘tdi. Tashkilotchilar baholashiga ko‘ra, 2100 dan ortiq shaharda to‘rt milliondan olti milliongacha odam aksiyalarda qatnashdi. 2025 yil oktabrdagi ikkinchi to‘lqin mamlakatning taxminan 2700 joyini qamrab olib, turli baholashlarga ko‘ra besh milliondan etti milliongacha ishtirokchini birlashtirdi. Uchinchi to‘lqin Eron urushi va davom etayotgan ommaviy deportatsiyalar fonida 2026 yil 28 martda o‘tdi va tashkilotchilar tomonidan Amerika tarixidagi eng katta zo‘ravonliksiz harakat kuni deb e’lon qilindi. Harakat nomi da’volarning mohiyatini aks ettirdi: namoyishchilar hokimiyat amaldorga emas, xalqqa tegishli, degan Amerika davlatchiligining asosiy tamoyiliga urg‘u berishdi. Uchinchi to‘lqin to‘g‘ridan-to‘g‘ri Eron urushiga qarshi yo‘naltirilgani alohida ahamiyatga ega. Ichki siyosiy norozilik muayyan tashqi siyosiy operatsiya bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan noyob holat hisoblanadi.
Bu jarayonlar bir-birini o‘zaro kuchaytiradi. Qutblanish strategik izchillikni susaytiradi. Jamoatchilik noroziligi global yetakchilikka ichki siyosiy mandatni toraytiradi. Bu holat Amerika siyosatining institutsional arxitekturasiga singdirib qo‘yilgan, shuning uchun birgina ma‘muriyat almashinuvi bilan yo‘qolmaydi.
Xulosa
Qo‘shma Shtatlar zamonaviy xalqaro tizimda eng katta umumiy kuch salohiyatiga ega va shu bilan birga bu salohiyatni uzoq muddatli strategik natijalarga aylantira olmaslikning barqaror belgilarini namoyon etmoqda. Mavjud qudrat va erishilayotgan natijalar o‘rtasidagi tafovut tasodifiy emas, u tarkibiy jihatdan belgilangan.
Bu tafovut bir-biriga ta’sir qiluvchi bir nechta tanqisliklarning kesishmasida shakllanadi: strategik kontseptsiyaning tranzaktsion hisob-kitob bilan almashtirilishi, ittifoqlar va institutlar bo‘lgan ta’sir multiplikatorlarining yo‘q qilinishi, iqtisodiy vositalarning bog‘liqliklarni diversifikatsiya qilishni tezlashtiradigan rejimda qo‘llanilishi, asosiy konflikt zonalarida diplomatik ishonchning tugashi hamda strategik izchillikni ta‘minlovchi ichki siyosiy arxitekturaning sustlashishi.
Shu bilan birga, taqdim etilgan tahlilni qaytarib bo‘lmas tanazzul prognozi sifatida talqin qilish xato bo‘lardi. AQSh hech bir analogi bo‘lmagan tarkibiy afzalliklarga ega: geografik himoyalanganlik, texnologik bazaning chuqurligi, zaxira valyutasi ustidan nazorat va har qanday raqibdan ustun harbiy salohiyat. Savol AQSh o‘z salohiyatini yo‘qotganmi, degan savol emas. Savol shyundaki, ular bu salohiyatni amalga oshirishga imkon beruvchi siyosiy va institutsional arxitekturani qura olish qobiliyatiga egami.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.