2025-yil aprel oyida Pokiston hukumati tomonidan “Vatanga qaytarish” tashabbusi sifatida e’lon qilingan, biroq Tolibon hukumati tomonidan “Majburiy deportatsiya” sifatida baholangan harakatlar natijasida bir oy ichida 80 mingga yaqin afg‘on fuqarosi Pokistonning Xayber-Paxtunxva viloyatidagi Torxam chegara punkti orqali Afg‘onistonga deportatsiya qilindi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy Komissarligi (UNHCR) va boshqa manbalarning ma’lumotlariga ko‘ra, deportatsiya qilinganlarning taxminan 19 mingdan 45 minggachasi majburiy ravishda chiqarib yuborilgan bo‘lsa, qolganlari esa ixtiyoriy yoki bosimsiz ravishda mamlakatga qaytganlardir.
Deportatsiya jarayonining asosiy sababi sifatida Pokistondagi xavfsizlik muammolari ko‘rsatilmoqda. Xususan, “IShID-Xuroson”, “Tehrik-e-Tolibon Pokiston” (TTP) kabi terroristik tashkilotlarning faolligi, transchegaraviy jangarilar harakatlari va jinoiy guruhlarning tahdidlari hukumat siyosatining asosiy motivlaridan biri bo‘ldi. 2025-yil mart oyining dastlabki o‘n kunida Pokistonda beshta yirik hujum sodir etildi — uchtasi Xayber-Paxtunxvada, ikkitasi esa Balujistonda. Beshala hujum ham xudkush portlashlar bo‘lib, ularda kamida 18 kishi, jumladan 12 harbiy xizmatchi, 5 nafar Xitoy fuqarosi va bir Pokistonlik hayotdan ko‘z yumdi. Bu kabi hujumlar avvalgi yillarda ham qayd etilgan bo‘lib, ayniqsa Xitoy fuqarolarining halok bo‘lishi bugungi kunda Pokistonning eng muhim iqtisodiy hamkori bo‘lgan o‘zaro Xitoy bilan aloqalariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu sababli Pokiston hukumati turli xavfsizlik va siyosiy manfaatlardan kelib chiqib, “Noqonuniy xorijliklarni repatriatsiya qilish rejasi” (IFRP)ni amalga oshirishni boshladi. Ushbu chora-tadbirlar mamlakatning ichki xavfsizligi va migratsiyani tartibga solishga xizmat qilsa-da, insonparvarlik va mintaqaviy barqarorlik jihatidan jiddiy tashvishlarni keltirib chiqarmoqda.
Deportatsiya oqibatida Afg‘oniston jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Uzoq yillar Pokistonda yashab kelgan minglab odamlar hozirda infratuzilmasi zaif, iqtisodiyoti izdan chiqqan Afg‘onistonda qayta integratsiya qilinishi zarur bo‘lgan toifaga aylangan. Ko‘pchiligi uy-joysiz, ishsiz va qashshoqlikda qolmoqda. Bu esa ularni ekstremistik guruhlar — jumladan IShID-Xuroson va “Tehrik-e-Tolibon Pokiston” (TTP) — tomonidan yollanish xavfiga olib kelishi mumkin.
Tolibon hukumati uchun esa bu ommaviy qaytish muammoli iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Qaytganlarning katta qismi ish izlab katta shaharlarga yo‘l olishi mumkin, bu esa shahar infratuzilmasiga bosimni oshiradi. Bunday holatda, ishsizlik, jinoyatchilik va norozilik kuchayib, bu Tolibon hukumatining ichki barqarorligiga jiddiy putur yetkazishi mumkin.
Pokistonda boshlangan deportatsiya jarayonlari Eron uchun ham muhim signal bo‘ldi. Eron rasmiylari o‘z hududidagi afg‘on muhojirlaridan migratsiya qonun-qoidalariga qat’iy rioya etishni talab qila boshladi. Bu esa Eron ham yaqin kelajakda afg‘on muhojirlarini chiqarib yuborishi mumkinligidan dalolat bermoqda.
Ushbu vaziyatga xalqaro hamjamiyatdan ayrim javoblar kuzatilmoqda. Jumladan, Qatar deportatsiya qilingan afg‘on fuqarolari uchun boshpana va asosiy xizmatlarni taqdim etish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatib, Paktiya viloyati, Gardez shahrida uy-joy qurilishi uchun 800 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratdi. Afg‘onistonda barqarorlikni qo‘llab quvvatlash, insonparvarlik yordamlari ko‘rsatish va tinchlik muzokaralarida vositachilik qilish kabi tashabbuslar orqali Qatar xalqaro maydonda, ayniqsa musulmon olamida diplomatik mavqeini mustahkamlayotgan, o‘zini xalqaro miqyosdagi muammolarni hal qila oladigan kuch sifatida namoyon etayotgan bo‘lishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, chegara bo‘ylab yuzaga kelgan migratsion inqiroz faqatgina ikki davlat o‘rtasidagi muammo emas, balki butun mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik uchun jiddiy xavf hisoblanadi. Bu holat nafaqat Afg‘oniston va Pokiston, balki Eron, Xitoy, Markaziy Osiyo va boshqa mintaqaviy o‘yinchilarning ham siyosiy va xavfsizlik strategiyalariga ta’sir ko‘rsatmoqda. Migratsiya siyosatining har bir harakati inson hayoti, barqarorlik va xalqaro munosabatlarga bog‘liq murakkab tizimga ta’sir qilmoqda.
Muallif: Bobur Mingyasharov
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.