Turkiy jamiyatda siyosiy ong, psixopolitik ta’sir va yetakchilik fenomeni

Tadqiqot maqolalari

24 Iyun 2026

Ulashish

Turkiy jamiyatda siyosiy ong, psixopolitik ta’sir va yetakchilik fenomeni

Ushbu maqolada Azamat Seitov va JIDU tayanch doktoranti Zulxumor Maxmudova Turkiy Davlatlar Tashkiloti doirasida siyosiy ong, psixopolitik ta’sir va yetakchilik fenomenini tahlil qiladi. Mualliflar Shavkat Mirziyoyev, Rejep Tayyip Erdog‘an, Ilhom Aliyev va Qosim-Jomart Toqayevning siyosiy nutqlari, yetakchilik uslublari va umumturkiy identitetni shakllantirishdagi rolini o‘rganadi. Maqolada TDT faqat iqtisodiy yoki diplomatik hamkorlik maydoni emas, balki ramzlar, tarixiy xotira, madaniy yaqinlik va siyosiy ritorika orqali shakllanayotgan murakkab integratsion makon sifatida talqin qilinadi.

Tadqiqotning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, turkiy integratsiya jarayonlari oddiy institutsional hamkorlikdan ko‘ra chuqurroq psixologik va antropologik mazmunga ega. “Turkiy dunyo”, “qardoshlik”, “umumiy taqdir” kabi tushunchalar siyosiy ongga ta’sir ko‘rsatib, davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni emotsional va ramziy asosda mustahkamlashi mumkin. Shu bilan birga, mualliflar bunday diskurs tanqidsiz qabul qilinsa, u ayrim hollarda siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonida ramziy qaramlik yoki tashqi siyosiy moslashuv xavfini yuzaga keltirishi mumkinligini ham qayd etadi.

Maqolada Rossiya, Xitoy va Yevropa Ittifoqining TDTga nisbatan yondashuvlari ham tahlil qilinadi. Rossiya bu jarayonga ko‘proq “panturkizm” va o‘z mintaqaviy ta’sirining cheklanishi nuqtayi nazaridan qarasa, Xitoy uni identitet va ichki barqarorlik masalalari bilan bog‘laydi. Yevropa Ittifoqi esa TDTni Markaziy Osiyoda muqobil integratsion model sifatida ko‘radi. Mualliflarning fikricha, bu tanqidlarning aksariyati TDTning real mazmunidan ko‘ra tashqi aktorlarning o‘z geosiyosiy manfaatlari bilan bog‘liq.

Xulosa sifatida maqola O‘zbekiston uchun TDTni na ideallashtirish, na xavf sifatida mutlaqlashtirish to‘g‘ri emasligini ta’kidlaydi. Eng maqbul yondashuv - TDTdan ko‘p vektorli tashqi siyosat, iqtisodiy manfaatlar, transport aloqalari va xalqaro mavqeni mustahkamlash vositasi sifatida pragmatik foydalanishdir. Shu ma’noda, TDT O‘zbekiston uchun suveren manfaatlarga xizmat qiluvchi platforma bo‘lib qolishi kerak; uning kelajagi esa ramziy yaqinlikni ratsional milliy manfaatlardan ustun qo‘ymaslik qobiliyatiga bog‘liq.

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.


Turkiy jamiyatda siyosiy ong, psixopolitik ta’sir va yetakchilik fenomeni

Yuklab olish