Kun.uz nashrining “Geosiyosat” dasturida Afg‘oniston va Janubiy Osiyo tadqiqotlari markazi rahbari Hamza Boltayev va katta ilmiy xodim Islomxon Gafarov AQSh–Tolibon munosabatlari, G‘arbning Afg‘onistonga nisbatan yondashuvi va O‘zbekistonning ushbu murakkab geosiyosiy masaladagi o‘rnini muhokama qilishdi.
Hamza Boltaevning qayd etishicha, Tramp davrida AQShning Afg‘onistonga oid tashqi siyosatida strategik yo‘nalish o‘zgarmagan bo‘lsa-da, amaliyotda sezilarli taktik o‘zgarishlar kuzatilgan. “Avvalgi prezidentlar davrida AQSh va Tolibon o‘rtasida Doxa yoki boshqa shaharlar orqali muzokaralar o‘tkazilgan. Bu muzokaralarda asosan inklyuziv hukumat, inson huquqlari, ayollar va bolalar huquqlari asosiy shart sifatida ilgari surilgan edi. Tramp esa tashqi siyosatni ancha pragmatik ruhda olib borib, AQSh manfaatlarini ustuvor qo‘ya boshladi ... G‘arbning demokratik qadriyatlari ortga surilib, Аmerika endi Afg‘onistonda Pekinga qarshi strategik pozitsiyani egallashга harakat qilmoqda”, – deya ta’kidlandi.
Islomxon Gafarovning fikriga ko‘ra, “Tolibon” so‘nggi paytlarda Germaniya bilan yaqinlashuvga harakat qilmoqda. Yevropa Ittifoqi ham Tolibon bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilishga ehtiyoj sezmoqda, biroq buni O‘zbekiston orqali amalga oshirish maqsadga muvofiq deb hisoblamoqda ... Prezident Mirziyoyev Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy loyihalarga jalb etish kerakligini taklif qildi. Bu taklif Yevropada ijobiy baholandi. Chunki ular xavfsizlikka faqat harbiy yo‘l bilan emas, ijtimoiy va iqtisodiy usullar orqali ham yechim izlashmoqda”. Uning ta’kidlashicha, “yumshoq kuch” bugungi kunda Yevropa uchun ustuvor strategiyaga aylangan. O‘zbekistonning Afg‘oniston masalasida ochiq va faol munosabati mamlakatni mintaqadagi muhim vositachiga aylantirmoqda.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.