Trampning 100 000 dollarlik H-1B to‘lovi, Xitoyning K-Vizasi va iste’dodlarning yangi geosiyosati

Sharh

11 Oktabr 2025

Ulashish

Trampning 100 000 dollarlik H-1B to‘lovi, Xitoyning K-Vizasi va iste’dodlarning yangi geosiyosati

Prezident Trampning saylovoldi va’dalariga muvofiq, uning ma’muriyati o‘tgan hafta H-1B viza uchun bir martalik to‘lovni avvalgi 2000-5000 dollardan 100 000 dollargacha ko‘tardi. H-1B viza dasturi Amerika kompaniyalariga, ayniqsa muhim fan, texnologiya, muhandislik va matematika sohalarida yuqori malakali, yuqori maoshli xorijiy mutaxassislarni jalb qilishga mo‘ljallangan. 2024-yilda taxminan 400 000 ta H-1B arizasi tasdiqlangan bo‘lib, ularning 73 foizi Hindistondan va 12 foizi Xitoydan edi. Boshqa hech bir mamlakat H-1B ishchilarining 2 foizini ham tashkil etmadi, 2025-moliya yilida esa O‘zbekistondan atigi ikkita ariza tasdiqlangan.

 

H-1B viza dasturi Ikkinchi jahon urushidan keyin “Paperclip operatsiyasi” niqobi ostida boshlangan edi. Unda AQSH Germaniyadan 1600 ga yaqin natsist olimni yollagan bo‘lib, bu bir tomondan Amerikaning yangi yadro sanoatini rivojlantirish, boshqa tomondan esa urushdan keyingi Germaniyaning ilmiy salohiyatini zaiflashtirishga qaratilgan edi. Bugungi kunda AQSH-Xitoy munosabatlarini kuzatuvchilar H-1B dasturini “Ikkinchi Paperclip operatsiyasi”ga aylantirish orqali Xitoydan kelayotgan materialshunoslik, fizika va kimyo sohasidagi tadqiqotlarga qarshi turish uchun eng yaxshi olimlarni jalb qilishni taklif qilmoqda.

 

1-oktyabr kuni Xitoy ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) sohasidagi bitiruvchilar hamda tegishli tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi yosh mutaxassislarni jalb qilishga mo‘ljallangan yangi “K-Viza”ni rasman joriy etdi. K-Viza boshqa malakali immigratsiya dasturlaridan farqli o‘laroq, ariza topshirish bosqichida xitoylik ish beruvchi yoki taklif qiluvchini talab qilmaydi. Bu esa rasmiy ish takliflari bo‘lmagan yosh bitiruvchilar va tadbirkorlarga qulay imkoniyat yaratadi. Pekin o‘z vizasini 7-avgustda, ya’ni Tramp H-1B viza to‘lovini e’lon qilishidan bir necha hafta oldin e’lon qildi. Bu esa fan va texnologiya sohasidagi global raqobatda geosiyosiy keskinlikni ko‘rsatib, yuqori malakali texnologiya mutaxassislarini milliy xavfsizlik aktivlari sifatida ko‘rishga undaydi.

 

Oq uy bayonotida ta’kidlanishicha, H-1B viza dasturi “amerikalik ishchilarni to‘ldirish o‘rniga, ularni kamroq haq to‘lanadigan, past malakali ishchilar bilan almashtirish uchun ataylab suiiste’mol qilingan” va bu Amerikaning iqtisodiy va milliy xavfsizligiga putur yetkazgan.  Shu sababli, yuqori to‘lov H-1B arizalarini cheklash, Amerika fuqarolariga ustunlik berish va faqat yuqori ixtisoslashgan hamda malakali xorijiy nomzodlarni Amerika kompaniyalariga jalb qilishga undash uchun mo‘ljallangan.

 

Tramp ma’muriyati H-1B dasturini qayta ko‘rib chiqishni axborot texnologiyalari (IT) autsorsing kompaniyalari tomonidan keng ko‘lamda suiiste’mol qilinishi bilan oqlaydi. Amazon H-1B tasdiqlash bo‘yicha yetakchi ish beruvchi bo‘lsa-da, H-1B o‘rinlarini to‘ldiruvchi ish beruvchilarning aksariyati Cognizant (93 ming), Infosys (61 ming), Tata Consultancy Services (60 ming) kabi xorijiy kompaniyalardir. Kremniy vodiysining venchur kapitalisti Chamath Palihapitiyaning ta’kidlashicha, bu autsorsing konsalting kompaniyalari ariza berish jarayonini takomillashtirish va H-1B vizalarining asosiy qismini Amerika kompaniyalaridan ustun qo‘yish orqali “tizimni o‘yinga aylantirgan”.

 

Xuddi shunday, farmoyish tarafdorlari amalda H-1B vizalari dasturning asl maqsadi bo‘lgan yuqori malakali muhandislar va sun’iy intellekt tadqiqotchilariga berilmayotganini ta’kidlashmoqda. 2020-moliya yilidan beri H-1B vizasi egasining o‘rtacha maoshi 120 ming dollardan sal kamroqni tashkil etadi - bu ko‘pchilik texnologik startaplardagi ijrochi yordamchilarning maoshidan past. Uber’ning dastlabki investori Jeyson Kalakanis IT-sohasining viza dasturini keng suiiste’mol qilishini “shartnomali qullik” deb atadi. Uning fikricha, kompaniyalar past malakali ishchilarga H-1B vizalarini berib, ularga kam haq to‘laydilar va vizani bekor qilish tahdidi ostida ortiqcha ishlatadi. Shu sababli, u yuqori to‘lovni qo‘llab-quvvatlab, bu ish haqining sun’iy ravishda pasaytirilishi va mehnat ekspluatatsiyasining oldini olishini ta’kidlaydi.

 

Yangi farmoyishga qarshi chiquvchilar AQShning muhim sanoat tarmoqlarida muhandislar, shifokorlar va tadqiqotchilarni yo‘qotish orqali “aql oqimi” yuz berishini bashorat qilmoqdalar. AQSH shifokorlarining deyarli to‘rtdan bir qismi xorijda tibbiy ta’lim olgan bo‘lib, shifoxonalar Ichki xavfsizlik departamentidan sog‘liqni saqlash xodimlari uchun imtiyozlar berishni so‘ramoqda. Bundan tashqari, AQSH ma’muriyatining immigratsiyaga qarshi siyosatiga mos ravishda, bu nomaqbul muhitdan darak beradi va yosh iste’dodlarni AQShdan uzoqlashtirib, Xitoyga yo‘naltirishi mumkin.

 

Trampning aksariyat siyosatlariga bo‘lgan munosabat kabi, mo‘tadillar islohotni qo‘llab-quvvatlashga moyil, ammo uni amalga oshirish usulini ma’qullamaydilar. Kaliforniya shtati vakili Ro Kxannaning ta’kidlashicha, 100 ming dollarlik yoppasiga to‘lov startaplar, notijorat tashkilotlar va universitetlarga adolatsiz yuk bo‘lib tushadi. Biroq u IT-kompaniyalar tomonidan ariza tizimini “o‘yinga aylantirish” orqali tizimli suiiste’mol qilinishini tan oladi.

 

MAGA tarafdorlari orasidagi ixtilof texnologiya sohasidagi mutaxassislarni bo‘lib tashladi. Mask va Ramasvami kabi ba’zilari “Amerikaning g‘alaba qozonishda davom etishi uchun zarur bo‘lgan” xorijiy mutaxassislarni yollashni qo‘llab-quvvatlasa, uzoq vaqtdan beri respublikachi bo‘lganlar immigratsiyani kamaytirish va amerikalik ishchilarga ko‘proq sarmoya kiritishni talab qilmoqda. H-1B viza dasturini isloh qilish yoki bekor qilish bo‘yicha respublikachilar o‘rtasidagi fikr qarashlikka qaramay, Tramp ilgari “AQSH diplomlariga yashil kartalar taqishni” xohlashini aytib, dasturni va keng ko‘lamli immigratsion yollashni himoya qilishda davom etmoqda.

 

Amerikalik saylovchilarning ko‘pchiligi “immigratsiya”ni yagona tushuncha sifatida ko‘rib, chet elda yangi hayot boshlashni istagan barcha insonlarni nazarda tutadi. Aslida, immigratsiya turli asoslarga ko‘ra ko‘rib chiqilishi va ruxsat etilishi lozim: boshpana izlash, oila bilan birlashish, iste’dodli kadrlarni jalb qilish va mehnat bozori ehtiyojlarini qondirish. Trampning H-1B dasturi bo‘yicha islohoti va partiyaviy kelishmovchiliklar AQSH immigratsiya siyosati bo‘yicha munozaralarga zarur bo‘lgan nozik jihatlarni kiritmoqda.

 

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.