AQSH va Xitoyning Jenevadagi samarali muzokaralari natijasida AQSH 2025-yil yanvaridan boshlab o‘rnatilgan Xitoy importiga bojlarni 145 foizdan 30 foizga, Xitoyning Amerika tovarlariga javob bojlari esa 125 foizdan 10 foizga tushirishga qaror qildi. Shunday qilib, keyingi 90 kun ichida har bir tomon tariflarini 115 foizga pasaytirish bo‘yicha erishilgan kelishuv xalqaro iqtisodiy hamjamiyatni ma’lum darajada tinchlantirgani ko‘rinadi.
Shu fonda CNN ekspertlari ta’kidlashicha, “jahon sarmoyadorlari moliyaviy bozorlarni larzaga keltirgan, ta’minot zanjirlarini izdan chiqargan va inqiroz xavotirlarini kuchaytirgan savdo urushidagi iliqlikni olqishlamoqda”. Jenevadagi matbuot anjumanida AQSH moliya vaziri Skott Bessent shunday dediki: “Ikki delegatsiya ham tomonlarning hech biri munosabatlarning uzilishini istamasligi haqida yakdil fikrga keldi. Biz chindan ham savdo qilishni xohlaymiz. Savdoda ko‘proq muvozanatga erishishga intilamiz”. Xitoy Tijorat vazirligi vakili qo‘shma bayonotni “ikki tomonning teng huquqli muloqot va maslahatlashuvlar orqali kelishmovchiliklarni hal qilish bo‘yicha muhim qadami, bo‘shliqlarni yanada to‘ldirish va hamkorlikni chuqurlashtirish uchun poydevor yaratuvchi” deb baholadi.
Prezident Trampning jurnalistlarga “dam olish kunlari o‘tkazilgan muzokaralar AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdo shartlarini to‘liq qayta ishga tushirishga olib keldi” degan bayonotidan so‘ng, BBC News muxbirlarining xabar berishicha, fond bozorlari keskin ko‘tarildi. Investorlar vaziyatning yumshatilishini olqishladilar: S&P 500 indeksi 3,2 foizdan ko‘proqqa, Dow Jones indeksi 2,8 foizga, Nasdaq esa 4,3 foizga o‘sdi. Uoll-stritda Target, Home Depot va Nike kompaniyalari aksiyalari narxi keskin oshdi, Nvidia, Amazon, Apple va Facebook Meta kabi texnologiya kompaniyalari aksiyalari ham sezilarli darajada qimmatlashdi. Yevropa fond indekslari ko‘tarildi, Gonkongning Hang Seng indeksi esa 3 foizlik o‘sish bilan kunni yakunladi. Kelishuv kemachilik kompaniyalari aksiyalarining o‘sishiga sabab bo‘ldi: Daniyaning Maersk kompaniyasi 12 foizdan ko‘proqqa, Germaniyaning Hapag-Lloyd kompaniyasi esa 14 foizga ko‘tarildi. Maersk vakillari ta’kidlaganidek, AQSH-Xitoy kelishuvi “to‘g‘ri yo‘nalishdagi qadam” bo‘ldi va endi ular “uzoq muddatli bashoratni ta’minlay oladigan doimiy kelishuvga” umid qilmoqdalar. Xalqaro savdo palatasi kelishuvni AQSH va Xitoy ikkalasi ham “munosabatlarning keskin uzilishi”ga yo‘l qo‘ymaslik istagida ekanliklarining aniq belgisi sifatida baholadi.
J.P.Morgan Research hisob-kitoblariga ko‘ra, tariflarning bunday pasayishi 2025-yil oxirigacha saqlanib qoladi va iqtisodiy o‘sish prognozlariga, jumladan, Xitoyning yillik o‘sish prognoziga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi – minimal 4,1 foizdan 4,8 foizgacha ko‘tarilishi kutilmoqda. J.P.Morgan Research tadqiqot bo‘limi rahbari Xaybin Chjuning fikriga ko‘ra, “tariflarning vaqtinchalik pasayish ko‘lami kutilganidan kattaroq va hayratlanarli darajada ijobiy hodisadir”. Ularning bashoratlariga ko‘ra, AQSH Federal zaxira tizimi o‘rta muddatli istiqbolda foiz stavkalarini 2025-yil dekabrigacha avvalgi darajada saqlab qoladi, AQSH va butun dunyoda inqiroz ehtimoli ham 50 foizdan past darajaga tushdi.
Xulosa qilib aytganda, savdo tariflari bo‘yicha erishilgan kelishuv ikki mamlakat o‘rtasidagi qarama-qarshilikning keskinligini yumshatishga xizmat qildi va savdo siyosatidagi noaniqlikni bartaraf etish uchun zamin yaratdi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.