Afg‘oniston yangi inqiroz sharoitida  va uning Markaziy Osiyoga ta’siri

Tahliliy nashrlar

22 Mart 2026

Ulashish

Afg‘oniston yangi inqiroz sharoitida  va uning Markaziy Osiyoga ta’siri

2026 yil fevral oyining oxirida Afg‘oniston–Pokiston chegarasida hamda Yaqin Sharqda, xususan Eron hududida bir vaqtning o‘zida harbiy mojarolar eskalatsiyasi boshlandi. Afg‘onistonning g‘arbiy va sharqiy chegaralarida keskinlikning kuchayishi mamlakatdagi gumanitar vaziyatni sezilarli darajada yomonlashtirdi. Davom etayotgan mojarolar fonida siyosiy beqarorlik Markaziy Osiyo davlatlari uchun xavf va imkoniyatlarning o‘ziga xos muvozanatini shakllantirdi. Bir tomondan, xavfsizlik xatarlari kuchayishi mumkin, boshqa tomondan esa Afg‘onistonning ortib borayotgan iqtisodiy zaifligi Markaziy Osiyo davlatlari uchun siyosiy ta’sir imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

Mamlakatda allaqachon mavjud bo‘lgan tizimli inqiroz sharoitida Yaqin Sharqdagi mojaroning kuchayishi ayniqsa og‘ir zarba bermoqda. Natijada, savdoni diversifikatsiya qilish imkoniyatlarining qisqarishi hisobiga afg‘on hukumati qisqa muddatda narxlar o‘sishini jilovlash uchun samarali vositalardan deyarli mahrum bo‘ldi. Bunday sharoitda, kamida yaqin istiqbolda, deyarli yagona muqobil sifatida Markaziy Osiyo orqali o‘tuvchi shimoliy yo‘lak shakllanmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlari uchun inqiroz sharoitida Afg‘oniston bilan gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish istiqboli ikki tomonlama xususiyatga ega: bir tomondan, u muayyan xavflar bilan bog‘liq bo‘lsa, boshqa tomondan quyidagi sabablarga ko‘ra sezilarli foyda keltirishi mumkin:

Birinchidan, mavjud mojarolar Afg‘onistonni ikki yirik harbiy-siyosiy inqiroz oralig‘ida qoldirdi. O‘tgan yil noyabr oyidan buyon Pokiston bilan chegaraning yopilishi an’anaviy ta’minot yo‘llarini izdan chiqardi, Yaqin Sharqdagi keskinlik esa Erondan importni ham xavf ostiga qo‘ydi. Natijada, 2026 yil mart oyida, ayniqsa oziq-ovqat va dori-darmonlar narxining keskin oshishi kuzatildi. Afg‘onistonning Eron bilan geografik va siyosiy yaqinligi uzoq vaqt davomida tranzit tashuvlar uchun qulay sharoit yaratib kelgan. Natijada, Eron taxminan 3,2 milliard AQSh dollari hajmidagi savdo aylanmasi bilan Tolibon uchun eng yirik savdo hamkorigaaylangan. Biroq, hozirgi siyosiy vaziyatda ushbu munosabatlar Afg‘oniston uchun tanqidiy qaramlikka aylandi. Buni, avvalo, Eron bilan chegaradosh hududlarda, masalan Hirot viloyatida narxlarning o‘sish tendensiyasi tasdiqlaydi.

Afg‘oniston uchun ayniqsa og‘ir zarbalardan biri Chobahor porti istiqbollariga berildi, chunki u Pokiston tranzit yo‘llarini chetlab o‘tishning asosiy muqobili sifatida ko‘rilgan edi. Mintaqadagi harbiy beqarorlik nafaqat ushbu portdan foydalanish istiqbolini, balki boshqa infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishni ham shubha ostiga qo‘ymoqda. Natijada, Afg‘oniston misli ko‘rilmagan logistika izolyatsiyasi holatiga tushib qoldi.

Ikkinchidan, Afg‘oniston chegaralari atrofida keskinlikning kuchayishi qochqinlar oqimining o‘ziga xos ikki tomonlama shakllanishiga olib keldi. Bu esa mahalliy hududlarning ijtimoiy infratuzilmasiga qo‘shimcha yuklama yaratmoqda.

BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari hisobotiga ko‘ra, AQSh va Isroilning Eron hududiga bergan zarbalari aholi ko‘chishining yangi to‘lqini yuzaga kelish xavfini kuchaytirdi va qo‘shni davlatlarga qo‘shimcha bosim keltirib chiqarmoqda. Avvalo, bu Afg‘oniston uchun xavf tug‘diradi, chunki Eron afg‘on migrantlarini qabul qiluvchi eng yirik markazlardan biri hisoblanadi.

Mojaroning kuchayishi fonida Eron bilan chegaradagi nazorat punktlarida noodatiy tendensiya kuzatilmoqda: ilgari Eronda qonuniy maqomga ega bo‘lgan minglab afg‘onlar ommaviy ravishda vatanga qaytmoqda. Agar ilgari asosiy oqim deportatsiya qilinganlardan iborat bo‘lgan bo‘lsa, hozir chegara xodimlari “ixtiyoriy qaytuvchilar” sonining keskin oshganini qayd etmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, har kuni 1500 nafargacha afg‘on, hatto pasport va yashash ruxsatiga ega bo‘lganlar ham, Eronni tark etmoqda.

Shunga o‘xshash holat sharqiy chegaralarda ham kuzatilmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi harbiy harakatlar natijasida birinchi haftadayoq 100 000 dan ortiq kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan. Bundan tashqari, Afg‘oniston OAVlariga ko‘ra, majburiy deportatsiyalar oqimi saqlanib qolmoqda va haftasiga 20 000 nafargacha yetmoqda.

Qayd etish joizki, qaytayotganlarning katta qismi na moddiy resurslarga ega, na iqtisodiyotga tez moslashish imkoniyatiga. Bu esa iqtisodiyotga qo‘shimcha bosimni kuchaytiradi va kelgusida ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik omiliga aylanishi mumkin. Migratsiyaning bunday yopiq sikli Afg‘onistonning davom etayotgan inqirozlarga nisbatan barqarorligini pasaytiradi.

Uchinchidan, xalqaro moliyalashtirishning kamayishi va logistika yo‘llarining buzilishi Afg‘onistonning iqtisodiy zaifligini yanada kuchaytirmoqda. Natijada, Tolibon ichki bozorni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy tartibni saqlash uchun zarur vositalardan mahrum bo‘lib qolmoqda.

Vaziyat donorlik yordami yetishmovchiligi bilan yanada og‘irlashmoqda. BMTning Afg‘onistonga ko‘maklashish missiyasi (UNAMA) rahbari vazifasini bajaruvchi Jiorjette Gagnon ta’kidlashicha, tashkilot moliyalashtirilishining keskin qisqarishi gumanitar vaziyatning yomonlashishiga olib kelgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2026 yilda gumanitar tashkilotlar 17,5 million afg‘onga yordam ko‘rsatishni rejalashtirgan va buning uchun 1,71 milliard dollar yig‘ish ko‘zda tutilgan. Biroq hozirda ushbu mablag‘ning atigi 10 foizi moliyalashtirilgan.

Moliyaviy muammolardan tashqari, mojaro vaqtida yordamga jismoniy kirish ham cheklanmoqda. Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) ma’lumotlariga ko‘ra, tashkilotning tranzit markazlari Pokiston bilan chegaradagi so‘nggi jangovar harakatlar natijasida jiddiy zarar ko‘rgan. Bundan tashqari, xavfsizlik sababli yana bir qator hududlarda faoliyat to‘xtatilgan. Ehtiyoj ortib borayotganiga qaramay, beqaror vaziyat gumanitar yordamga kirish imkoniyatlarini cheklamoqda. Shuningdek, xalqaro gumanitar dasturlarning yetarli darajada moliyalashtirilmasligi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.

To‘rtinchidan, oziq-ovqat xavfsizligi sezilarli darajada yomonlashdi. So‘nggi bir yil ichida bu muammo xalqaro tashkilotlar kun tartibida gender tengsizligi masalalari bilan bir darajaga chiqdi. BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) ma’lumotlari vaziyatning keskin yomonlashganini ko‘rsatmoqda.

2026 yil qishida 17 milliondan ortiq afg‘on aholi o‘tkir oziq-ovqat tanqisligiga duch kelgan. Bu ko‘rsatkich bir yil ichidayoq 3 millionga oshgan. Biroq, xalqaro tashkilotlar tobora ko‘proq e’tibor qaratayotgan eng xavotirli omil bu zaif guruhlar orasidagi to‘yib ovqatlanmaslikdir. Qariyb 4 million bola yetarli oziqlanmaslikdan aziyat chekmoqda, ularning bir qismi esa o‘tkir tanqislikni boshdan kechirmoqda va shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj. Xalqaro tashkilotlar ta’kidlashicha, oziq-ovqat bilan bog‘liq vaziyat so‘nggi o‘n yilliklarda eng yuqori darajaga yetgan. Ayrimlari esa yetarli moliyalashtirishsiz favqulodda vaziyatda yordam ko‘rsatish imkoniyati yo‘qligini qayd etmoqda.

Yuqorida keltirilgan omillar Afg‘onistondagi vaziyatning tashqi yordamga tanqidiy darajada bog‘liqligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, mavjud infratuzilma imkoniyatlari va Markaziy Osiyo davlatlarining, xususan O‘zbekistonning hamkorlikka bo‘lgan siyosiy irodasi paradoksal tarzda ijobiy rol o‘ynashi mumkin. Yaqin Sharqdagi davom etayotgan harbiy-siyosiy inqirozlar va Pokiston bilan keskin munosabatlar Afg‘oniston importida Markaziy Osiyo mahsulotlari ulushini sezilarli darajada kengaytirishi mumkin. Uzoq muddatda bu mamlakatlar o‘rtasida yanada barqaror va ishonchli savdo-iqtisodiy aloqalarning shakllanishiga olib keladi.

Kelgusida Markaziy Osiyo davlatlari ushbu vaziyatdan foydalanib, Afg‘oniston va tashqi dunyo o‘rtasida asosiy tranzit va gumanitar markaz sifatida mustahkam o‘rin egallashi mumkin. Transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, gumanitar dasturlarni kengaytirish va mintaqaviy siyosatni muvofiqlashtirish Afg‘oniston iqtisodiyotini barqarorlashtirish hamda mintaqaviy integratsiyani kuchaytirishga xizmat qilishi mumkin.

Shu tariqa, mavjud xavflarga qaramay, joriy inqiroz mintaqaviy hamkorlik arxitekturasini o‘zgartirish salohiyatiga ega. Agar muvofiqlashtirilgan siyosat ishlab chiqilsa, Markaziy Osiyo davlatlari nafaqat xavfsizlik tahdidlarini kamaytirishi, balki iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, transport yo‘laklarini mustahkamlash va mintaqadagi geosiyosiy ahamiyatini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.