So‘nggi yillarda Afg‘oniston hukumati aholiga nisbatan nazoratni kuchaytirish uchun o‘zining texnologik imkoniyatlarini kengaytirmoqda va moslashtirmoqda. Texnik bazaning takomillashuvi hokimiyatlarga an’anaviy usullardan tashqariga chiqadigan yangi nazorat shakllarini joriy etish imkonini bermoqda. Tolibon harakati siyosatini inobatga olgan holda, ushbu tendensiyani faqat modernizatsiya jarayoni sifatida emas, balki davlat boshqaruvini mustahkamlashga qaratilgan kengroq strategiyaning bir qismi sifatida ko‘rish mumkin.
Nazorat mexanizmlarining raqamlashtirilishi fransuz faylasufi M. Fuko tomonidan ishlab chiqilgan “panoptikum” ideal qamoqxona konsepsiyasiga yaqin modelni shakllantiradi. Ushbu modelda asosiy ahamiyat haqiqiy kuzatuv emas, balki potensial kuzatuv hissiga beriladi. Modelga ko‘ra, kuzatilayotgan shaxslar doimiy nazorat mavjudligi hissi ta’sirida o‘z xatti-harakatlarini moslashtiradi, bu esa o‘z-o‘zini intizomga olib keladi. Shu tariqa, ushbu mexanizm davlatga vaziyatga mos javob berish siyosatidan intizomiy hokimiyat mexanizmi faoliyatiga o‘tish imkonini beradi.
Mazkur jarayonni Afg‘oniston hukumati nuqtai nazaridan ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, ushbu siyosatning asosiy drayveri Tolibon tomonidan ijtimoiy va siyosiy fragmentatsiyani kamaytirishga intilish hisoblanadi. Bu fragmentatsiya rejim barqarorligiga asosiy tahdid sifatida qabul qilinadi. Ilg‘or kuzatuv texnologiyalarini joriy etish va axborot makonini nazorat qilish repressiyalarni “fakt bo‘yicha” amalga oshirishdan ko‘ra, profilaktik ijtimoiy tartibga solish shakllariga o‘tish uchun sharoit yaratadi. Xalqaro huquqiy standartlarga mos mexanizmlarning yo‘qligi ushbu nazorat modelining institutsional darajada mustahkamlanishi uchun qulay muhit yaratadi. Bu quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
Birinchidan, so‘nggi yillarda Tolibon hukumati aholiga oid ma’lumotlarni tizimli ravishda to‘plashga bo‘lgan qiziqishini oshirmoqda. 2023-yildan boshlab Tolibon hokimiyati davlat nazoratini kuchaytirish uchun texnologik resurslardan izchil foydalanmoqda. Yetarli raqamli infratuzilmaning mavjudligi hokimiyatga monitoring mexanizmlarini joriy etish va siyosiy ta’qibni amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
2025-yilda BBC jurnalistik tekshiruviga ko‘ra, Tolibon hokimiyatga kelgan paytda Afg‘oniston poytaxtida 850 ta videokuzatuv kamerasi mavjud edi, biroq 2023-yildan boshlab ularning soni keskin oshdi: faqat Kobulning o‘zida Xitoyda ishlab chiqarilgan 90 000 ta kamera o‘rnatildi. Dasturiy ta’minot kameralar orqali shaxsni aniqlash, yuzlarni yosh, jins va soqol yoki niqob mavjudligiga qarab tasniflash imkonini beradi.
Bunday tezkor videokuzatuv tizimlarining joriy etilishi xalqaro hamjamiyatda xavotir uyg‘otdi. Xususan, “Human Rights Watch” tashkiloti Afg‘onistonda to‘plangan videoma’lumotlarni saqlash va ulardan foydalanishni tartibga soluvchi ma’lumotlarni himoya qilish qonunlari mavjud emasligini ta’kidlaydi. Biroq rasmiylar bayonotiga ko‘ra, kameralar orqali olingan ma’lumotlar faqat 3 oy davomida saqlanadi, shundan so‘ng o‘chiriladi va boshqa idoralarga uzatilmaydi. Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi vakillari kameralar xavfsizlikni oshirish va jinoyatchilikni kamaytirishda muhim rol o‘ynashini ta’kidlaydi.
Shunga qaramay, videokuzatuv kameralaridan fuqarolar ustidan nazoratni kuchaytirish uchun foydalanilishi mumkin, ayniqsa jamoat joylarida ayollar ustidan. Mahalliy hokimiyatlar kameralar o‘rnatilgach jinoyatchilik darajasi sezilarli kamayganini bildirgan bo‘lsa-da, bu ma’lumotni mustaqil manbalar tasdiqlamaydi. Afg‘oniston qonunchiligining shaffof emasligi kameralar orqali to‘plangan ma’lumotlarning asl maqsadlarini aniqlash imkonini bermaydi. Bundan tashqari, fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik va ta’qib holatlarining ko‘pligi hukumat bayonotlariga shubha uyg‘otadi.
Ikkinchidan, Tolibon siyosati ichki beqarorlik manbalarini bostirishga qaratilgan. Tolibon rahbariyati nuqtai nazaridan asosiy xavflardan biri mamlakatning fragmentatsiyasi bo‘lib, u markaziy hokimiyatning zaiflashishiga olib kelishi mumkin. Ushbu amaliyotlar etnik va diniy ozchiliklarning huquqlarini cheklash bilan birga olib borilmoqda. Bunday choralarni institutsionalizatsiya qilish tizimli tengsizlikni mustahkamlaydi va etnik hamda konfessional nizolar kuchayishi uchun sharoit yaratadi.
Kobuldan tashqari, videokuzatuv kameralar mamlakatning boshqa hududlarida ham o‘rnatilgan. Ushbu viloyatlar geografik jihatdan strategik ahamiyatga ega bo‘lib, ko‘pincha nopushtun aholi ustunlik qiladi, bu esa nazorat va siyosiy barqarorlik nuqtai nazaridan ularning ahamiyatini oshiradi. Etnik va diniy jihatdan xilma-xil hududlarda kameralar o‘rnatilishi ushbu texnologiyalar faqat xavfsizlik uchun emas, balki rejimga nisbatan nolojal guruhlarni monitoring qilish vositasi sifatida ham qo‘llanilishi mumkinligini ko‘rsatadi.
2021–2025-yillar davomida xalqaro tashkilotlar Tolibon tomonidan amalga oshirilgan ko‘plab sudsiz qatl etishlar, qiynoqlar va reydlarni qayd etgan. Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari ma’lumotlarga ko‘ra, Tolibon maqsadli ravishda ayrim etnik va diniy guruhlarni gumanitar yordam, asosiy xizmatlar va davlat ish joylaridan mahrum qilgan.
Uchinchidan, biometrik ma’lumotlar bazalari, videokuzatuv tizimlari va raqamli identifikatsiya mexanizmlarining uyg‘unligi aholi ustidan yagona va o‘zaro kuchayuvchi nazorat infratuzilmasini shakllantiradi.
Videokuzatuv texnologiyalaridan tashqari, Tolibon 2021-yil avgustida G‘arb davlatlari tomonidan qoldirilgan katta hajmdagi biometrik va shaxsiy ma’lumotlarga ham ega. Shunday bazalardan biri bu 2018-yilda Ashraf G‘ani ma’muriyati davrida joriy etilgan elektron Tazkira tizimi bo‘lib, u hozirgacha amal qilmoqda. Unga afg‘on fuqarolarining shaxsiy va biometrik ma’lumotlarijumladan ko‘z qorachig‘i skanlari, barmoq izlari, fotosuratlar, kasbi, ona tili, yashash manzili va qarindoshlari haqidagi ma’lumotlar kiradi.
Milliy statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil oxiriga kelib 17 milliongacha elektron guvohnoma berilgan bo‘lib, ularning 6 millioni Tolibon hokimiyatga kelgandan keyin rasmiylashtirilgan. Bundan tashqari, hukumat biometrik ma’lumotlarni yig‘ish doirasini kengaytirib, ilgari e’tibordan chetda qolgan aholi toifalarini ham qamrab olmoqda. Xalqaro migratsiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, hukumat uysizlar, tilanchilar va jinoyatchilarning biometrik ma’lumotlarini yig‘moqda. Bu ko‘lam va tezlik Tolibonning biometrik nazoratga qiziqishi va Tazkira tizimining boshqaruvga integratsiyalashganini ko‘rsatadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tolibon AQSh harbiylari tomonidan ilgari foydalanilgan portativ biometrik qurilmalarga ham ega. Ushbu qurilmalar orqali tezkor ravishda ko‘z qorachig‘i va barmoq izlarini olish mumkin. Qoldirilgan qurilmalardagi ma’lumotlar yetarli darajada himoyalanmagan bo‘lib, xalqaro tashkilotlar bu ma’lumotlar siyosiy raqiblar va sobiq harbiylarga qarshi qo‘llanishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Bu xavflar aholining katta qismi uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni olishning qimmatligi bilan yanada kuchayadi. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, rasmiy to‘lov kattalar uchun 500 afg‘oniy (taxminan 7 AQSh dollari), voyaga yetmaganlar uchun 200 afg‘oniy. Ammo hujjat berish markazlarining yetishmasligi fuqarolarni qo‘shimcha transport xarajatlariga duchor qiladi, uzoq hududlarda esa rasmiylashtirish narxi 200 dollargacha yetadi. Bu esa amaliy oqibatlarga olib keladi: hujjat yo‘qligi vizani rasmiylashtirish va mamlakatni tark etish imkoniyatini cheklaydi, shuningdek ta’lim, sog‘liqni saqlash va gumanitar yordam kabi asosiy xizmatlardan foydalanishni ham qiyinlashtiradi. Bundan tashqari, tizimdagi etnik tasniflash yirik etnik guruhlarni bo‘lib yuborib, ozchiliklar sonini statistik jihatdan kamaytiradi.
Shunday qilib, Tolibon siyosatidan kelib chiqib aytish mumkinki, hududiy va ijtimoiy fragmentatsiya rejim barqarorligiga asosiy tahdid sifatida qaraladi. Biometrik ma’lumotlar bazalari va kuzatuv texnologiyalarining integratsiyasi yangi hokimiyat infratuzilmasini shakllantirib, intizomiy mexanizm xususiyatlarini oladi. 2026-yil yanvar oyida qabul qilingan yangi Jinoyat-protsessual kodeks ushbu yondashuvni huquqiy jihatdan mustahkamlab, siyosiy elitaning hokimiyatni monopollashtirish jarayonini yakunlaydi. Bunday sharoitda etnik va diniy ozchiliklarning zaifligi ortib, ichki mojarolar kuchayishi va ijtimoiy tengsizlik chuqurlashishi xavfi yuqori bo‘lib qolmoqda.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtainazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishlibo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.