Muallif: Mirjalol Murtozayev
2025-yil 3-iyul kuni Ozarboyjonning Xonkandi shahrida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston muvaqqat hukumati bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodar bilan O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida ilk bor Oliy darajadagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu sammit doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv O‘zbek diplomatiyasi afg‘on yonalishida yanda faollashganidan dalolat bermoqda. Umuman oladigan bo‘lsak 2021-yildan buyon o‘zbek diplomatiyasi Afg‘on yo‘nalishida faollashib kelayotgan edi, endi yangi sahifa ochildi ya’ni yuqori darajadagi rahbariyat uchrashuvlari tashkil etildi. Bu O‘zbekiston Afg‘onistonga befarq emasligi, balki borgan sari o‘zini diplomatiyasini rivojlantirib va faollashtirib yuborayotganligidan dalolat bermoqda.
Bundan kelib chiqadiki O‘zbekiston Afg‘oniston bilan faqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqatda emas balki xalqaro formatlarda ham diplomatiyasini qo‘llashni boshladi. Kelgusida ham O‘zbekiston bu kabi formatlarda faollik ko‘rsatishi mumkin. Xususan, SHHT ning navbatdagi 31-avgust va 1-sentabrlarda Xitoyda bo‘ladigan sammitida ham Afg‘oniston ishtirokini kutish mumkin. Anchadan buyon O‘zbek tomoni tashkilot doirasida “SHHT-Afg‘oniston” muloqot guruhining faoliyatini qayta tiklash haqidagi taklifi bilan chiqayotgan edi. Binobarin, bunda ham rivojlanishlar kutilishi mumkin. Shuningdek, O‘zbekiston Turkiy Davlatlar sammiti doirasida yoki boshqa tashkilotlar doirasida ham Afg’onistonni jarayonlarga qo‘shishi imkoniyati paydo bo‘lmoqda. O‘zbekiston Afg‘oniston masalasida xalqaro o‘zaro kelishilgan va har tomonlama siyosiy balansga asoslangan yondashuvni olg‘a surmoqda. Bu a’loqalarni yangi bosqichga ko‘targan holda, o‘zbek diplomatiyasini ham boshqa darajaga olib chiqmoqda. Ya’ni Afg‘onistonga yondashuv shu zayilda davom etishligi oydinlashmoqda va uni xalqaro ham jamiyat bilan a’loqalarini rivojlantirishiga yordam bermoqda.
Afg‘onistonni xalqaro hamjamiyatga birdan kirib ketishi mushkul. O‘zbekiston bu borada ishlarni qadam va qadam amalga oshishiga o‘zini hissasini qo’shayapti. Ya’ni shu darajadagi oliy uchrashuvlar boshqa davlatlarga ham o‘rnak bo’lishi, Afg‘onistonga e’tibor ko‘payishiga va o‘z o‘rnida afg‘on xalqini o ‘ylagan holda gumanitar yordamlarni oshishiga ham xizmat qilishi mumkin. Shuningdek, bu borada O‘zbekiston tomoni “BMT doirasida Afg‘onistondagi real holatni yetkazish” tashabbusini ilgari surishini bildirdi.
Uchrashuv mobaynida davlatlar o‘rtasida bir necha sohalarga e’tibor qaratildi:
Birinchidan, transport a’loqlarini rivojlantirish sohasida Transafg‘on temir yo‘li loyihasi yanabir bor ta’kidlanib, bu loyihani jadallashtirish va amaliy jihatdan harakatlarni oshirish kerakligi aytib o‘tildi. Koridor O‘zbekistonni Afg‘oniston orqali Pokistonning Peshovar va undan Hind okeani portlariga bog‘lashi, transport xarajatlarini sezilarli kamaytirishi va yuk yetkazish vaqtini qisqartirishi ushbu loyihaning asosiy ustunliklaridir. Shuningdek, Termiz xalqaro savdo markazini rivojlantirish kabi qator aniq tashabbuslar ham muhokama qilinib, bu orqali afg‘on tovarlari, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Markaziy Osiyo va Rossiyaga eksport qilishda O‘zbekistonning tranzit imkoniyatlaridan foydalanishi mumkin.
Ikkinchidan, O‘zbekiston tomoni bir qator sohalarga sarmoya kiritish mumkin. Bunda Balx-Hirot-Qandahor temir yo‘li, sement va to‘qimachilik ishlab chiqarish, elektron boshqaruv tizimlari, tuz konlarini qayta ishlash, neftni qayta ishlash zavodlari asosiy sohlar ekanligi bayon etilib, bu holat Afg‘onistondagi iqtisodiy faoliyatning faollashuviga xizmat qilishi bilan birga, O‘zbekistonni asosiy investor davlatlardan biriga aylantirishi mumkin.
Uchinchidan, Mulla Barodar O‘zbekiston bilan Afg‘oniston ikki tomonlama savdo aylanmasi 1 milliard dollardan oshganini ta’kidladi va uni 2 milliard dollargacha oshirish istagini bildirdi. Bu prognoz haqiqatga yaqin, chunki 2024-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,13 milliard dollardan oshdi (2023-yilga nisbatan 30,7 foizga ko‘p), shundan 1,09 milliard dollari O‘zbekiston tovarlari va xizmatlari eksportiga to‘g‘ri keladi. 2025-yilning yanvar-may oylarida savdo hajmi 622 mln dollargacha o‘sdi, bu o‘tgan yilning besh oylik ko‘rsatkichidan 62,8 foizga ko‘pdir. Shu o‘rinda, Kobul va Mozori Sharifda O‘zbekiston savdo uylarining ochilishi va 2025-yil iyun oyida imzolangan Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim savdo diplomatiyasining aniq ko‘rinishini asoslantirmoqda.
To‘rtinchidan, mazkur muloqot yakunida har uch oyda bir marta yig‘ilib, erishilgan kelishuvlar ijrosini muvofiqlashtirib boradigan qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib olindi. Bu yangilik ikki tomonlama hamkorlikka strategik tizimlilik va institutsional izchillik bag‘ishlashi aniq.
Xulosa qilib shuni aytish mumkunki, O‘zbekiston va Afg’oniston o‘rtasida boshlangan ilk oliy darajadagi uchrashuv keying qadamlarni shakillantirishda Afg’onistonni bosqichma-bosqich mintaqaviy hamkorlikka jalb etish, uni savdo-tranzit yo‘laklari va sarmoya oqimlariga ulash orqali ichki barqarorlikka yetaklashi mumkin. Shu ma’noda, Toshkentning bu yo‘nalishda olib borayotgan tashqi siyosati ijobiy natijalarga yo‘naltirilgan pragmatik diplomatiya namunasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.