Sun’iy intellekt (SI) bugungi global iqtisodiyotning asosiy tayanchlaridan biriga aylandi. Jahon savdo tashkilotining (JST) 2025 yilgi Jahon savdo hisobotida SI elektr energiyasi va bug‘ dvigateli singari butun iqtisodiy tizimlarni tubdan o‘zgartirgan umumiy maqsadli texnologiya sifatida baholanadi. Hisobot ikki jihatdan muhim ahamiyatga ega: bir tomondan, SI ning iqtisodiy salohiyati tahlil qilinadi, ikkinchi tomondan esa davlatlar yakkalanib rivojlanadigan yoki yetarli xalqaro hamkorlik qilinmaydigan sharoitda ijtimoiy-iqtisodiy tafovutlar kuchayishi xavfi haqida ogohlantiriladi.
Hisobotda SI savdo jarayonlarini sezilarli darajada transformatsiya qilishi va yanada inklyuziv iqtisodiy o‘sishga xizmat qilishi ko‘rsatib berilgan. SI texnologiyalari bojxona jarayonlarini tezlashtirish, ta’minot zanjirlarining shaffofligini oshirish, til tarjimasi sifatini yaxshilash hamda kichik va o‘rta biznes subyektlariga xalqaro bozorlarga chiqish imkonini beruvchi raqamli vositalar orqali savdo xarajatlarini kamaytiradi. JST va Xalqaro savdo palatasi (ICC) tomonidan o‘tkazilgan qo‘shma tadqiqotga ko‘ra, SI dan foydalangan kompaniyalarning 90 foizi aniq foyda ko‘rgan, respondentlarning 50 foizi esa SI savdo bilan bog‘liq xatarlarni boshqarish imkoniyatlarini yaxshilaganini qayd etgan. Bu SI rivojlanayotgan mamlakatlar kompaniyalarining global savdoga jalb etilishiga xizmat qilayotganini ko‘rsatadi.
Mutaxassislar mashina intellekti global mehnat unumdorligi o‘sishini yiliga taxminan 0,68 foiz bandga tezlashtirishi, 2040 yilga borib jahon savdosi hajmini 37 foizga va global YAIMni 13 foizga oshirishi mumkinligini prognoz qilmoqda. Ayniqsa, axborot xizmatlari — jumladan bulutli texnologiyalar, dasturiy mahsulotlar va SI asosidagi xizmatlar — savdo hajmini 40 foizdan ortiq oshirishi mumkin. Bu raqamli iqtisodiyotlar va xizmatlarga tayangan rivojlanish modellari jiddiy raqobat ustunligiga ega ekanini anglatadi.
Shu bilan birga, hisobot bir qator jiddiy muammolarga ham e’tibor qaratadi. Tegishli siyosiy muvofiqlashtirish bo‘lmagan taqdirda SI rivojlangan va rivojlanayotgan iqtisodiyotlar o‘rtasidagi tafovutlarni yanada kuchaytirishi mumkin. Yuqori daromadli, infratuzilmasi rivojlangan, raqamli salohiyati va institutsional boshqaruvi kuchli davlatlar eng katta foyda ko‘radi. Past daromadli iqtisodiyotlar esa zaif raqamli infratuzilma va texnik bilimlarning yetishmasligi sababli yanada chetda qolib ketish xavfiga duch keladi. JST modellashtirish natijalariga ko‘ra, yuqori daromadli davlatlar daromadlarini 14 foizgacha oshirishi mumkin, past daromadli mamlakatlar esa agar ular SI va raqamli texnologiyalarga oldindan sarmoya kiritmasa, atigi 8 foizlik o‘sishga erishadi. Biroq infratuzilma va SI ni joriy etish darajasi tenglashtirilsa, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun daromad o‘sish salohiyati ancha yuqori bo‘ladi.
Hisobotda mehnat bozori va tengsizlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Umuman olganda, ish haqi darajasi oshishi kutilmoqda, biroq o‘rta va yuqori malakali mutaxassislar uchun daromadlar qisqarishi ehtimoli bor, chunki ularning ish o‘rinlari avtomatlashtirishga ko‘proq moyil. Bu umumiy daromad tengsizliklarini qisqartirishi mumkin, ammo o‘rta sinf uchun jiddiy chaqiriqlarni yuzaga keltiradi va keng ko‘lamli qayta tayyorlash hamda malaka oshirish siyosatlarini talab etadi.
JST hisobotida qayd etilishicha, SI ning barcha mamlakatlar uchun foydali bo‘lishi ko‘p tomonlama, qoidalarga asoslangan savdo tizimisiz mumkin emas. Axborot texnologiyalari bo‘yicha bitim (ITA), Xizmatlar savdosi bo‘yicha umumiy kelishuv (GATS) va Intellektual mulk huquqlarining savdo jihatlari bo‘yicha bitim (TRIPS) allaqachon uskunalar narxini pasaytirish, xizmatlar savdosini soddalashtirish va innovatsiyalarni rag‘batlantirishda muhim rol o‘ynamoqda.
Shuningdek, JST Sun’iy intellekt sohasida savdo siyosati ochiqligi indeksini (AI Trade Policy Openness Index — AI-TPOI) ishlab chiqdi. Ushbu indeks mamlakatlar o‘rtasida xizmatlar bozoridagi to‘siqlar, savdo cheklovlari va ma’lumotlarni tartibga solish borasida sezilarli farqlar mavjudligini ko‘rsatadi. Past daromadli mamlakatlar ko‘pincha ochiqroq ko‘rinadi, biroq bu holat ko‘proq yetarli tartibga solish va infratuzilmaning yo‘qligini anglatadi.
SI ni haqiqiy inklyuziv o‘sish drayveriga aylantirish uchun uni qo‘shimcha siyosatlar bilan uyg‘unlashtirish zarur. Hozirgi kunda SI va ta’limga oid moliyalashtirish, dasturlar va subsidiyalarning aksariyati sanoati rivojlangan mamlakatlarda jamlangan bo‘lib, bu SI foydasining aynan shu davlatlarda to‘planib qolish xavfini oshiradi. Shu bois savdo qoidalari va SI ni global boshqarish institutlari o‘rtasidagi muvofiqlik muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni paytda mintaqaviy savdo tashabbuslari SI masalasiga hali yetarlicha e’tibor qaratmayapti va asosan rivojlangan mamlakatlarni qamrab olmoqda.
Sun’iy intellekt davlatlar o‘rtasidagi tafovutlarni chuqurlashtirishi ham, aksincha, ijtimoiy yaqinlashuvga xizmat qilishi ham mumkin — bu hozir qabul qilinayotgan siyosiy qarorlarga bog‘liq. Hisobotda Digital Trade for Africa va Women Exporters in the Digital Economy (WEIDE) jamg‘armasi kabi tashabbuslar orqali shaffoflik, siyosiy muloqot va salohiyatni oshirishning ahamiyati alohida ta’kidlanadi. Ushbu misollar yetarli moliyalashtirish va kompleks siyosat mavjud bo‘lsa, inklyuziv rivojlanish mumkinligini ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, SI global savdoni kengaytirish, daromadlarni oshirish va iqtisodiy o‘sishga kirish imkoniyatlarini kengaytirish salohiyatiga ega. Biroq bu salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun raqamli infratuzilma, inson kapitali va muvofiqlashtirilgan global siyosatga sarmoya zarur. Jahon savdo tashkiloti SI texnologiyalariga universal kirishni ta’minlaydigan, tartibga solishdagi parokandalikni kamaytiradigan va umumiy farovonlikni qo‘llab-quvvatlaydigan savdo siyosatini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Kelgusi yillar hal qiluvchi bo‘ladi: SI insoniyatni bo‘ladimi yoki birlashtiradimi — bu davlatlarning umumiy siyosiy tanlovlari va hamkorligiga bog‘liq.
Raqamlashtirish, ta’lim islohotlari va JSTga a’zo bo‘lish jarayonini boshdan kechirayotgan O‘zbekiston uchun JSTning 2025 yilgi Jahon savdo hisobotidagi xulosalar alohida ahamiyatga ega. Savdo va ishlab chiqarish sohalarida SI ning transformatsion salohiyati O‘zbekistonni qulay pozitsiyaga olib chiqmoqda. Raqamli infratuzilma, ma’lumotlarni boshqarish va SI ga mos ta’limga sarmoya kiritish O‘zbekistonning global qiymat zanjirlariga integratsiyalashuvi va ayniqsa to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi hamda xizmatlar sohalarida eksport raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi. Hisobot xulosalari O‘zbekistonning inson kapitalini mustahkamlash va hududiy tengsizliklarni kamaytirishga qaratilgan milliy rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘un. Ko‘p tomonlama savdo tizimida faol ishtirok etish va SI asosidagi savdoni yengillashtirish siyosatini joriy etish orqali O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyoda aqlli, barqaror va inklyuziv iqtisodiy o‘sish markaziga aylanishi, balki o‘z institutsional va texnologik salohiyatini ham sezilarli darajada kuchaytirishi mumkin.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.