Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) Strategik bog‘liqlik markazining yillik tahliliy hisoboti Markaziy Osiyoning Sharq–G‘arb va Shimol–Janub yo‘nalishlarini bog‘lovchi muhim tranzit va logistika markazi sifatida shakllanib borayotgan rolini siyosiy-amaliy nuqtayi nazardan tahlil qiladi.
Nashr 2025 yil davomida Markaz tomonidan tayyorlangan tahliliy maqolalar va ilmiy tadqiqotlarni o‘z ichiga oladi. Unda Markaziy Osiyoda yagona transport makonini shakllantirish, xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish hamda global ta’minot zanjirlarining qayta tuzilishi sharoitida mintaqaning ahamiyati oshib borayotgani keng yoritilgan. Xususan, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li, Transkaspiy (O‘rta) yo‘lagi, trans-afg‘on transport yo‘nalishlari, shuningdek Eron, Janubiy Kavkaz, Turkiya va jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlari alohida tahlil qilingan.
Hisobotda geosiyosiy tahlil iqtisodiy va infratuzilmaviy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirilib, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik va raqobat omillari, transport integratsiyasidagi to‘siqlar hamda tarif siyosati, raqamlashtirish va me’yoriy muvofiqlashtirish masalalari yoritilgan. Strategik qarashlardan aniq amaliy mexanizmlarga o‘tishni maqsad qilgan ushbu nashr davlat boshqaruvi vakillari, transport va logistika mutaxassislari, investorlar, diplomatlar va tadqiqotchilar uchun Yevroosiyo bog‘liqligini rivojlantirish bo‘yicha muhim tahliliy manba bo‘lib xizmat qiladi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.