Muallif: Jasurbek Xamrakulov, JIDU 3-bosqich talabasi
Rossiya–Ukraina urushi Yevropa xavfsizlik tizimini tubdan o‘zgartirdi hamda Yevropa davlatlarining harbiy tayyorgarligi va mudofaa-sanoat salohiyatidagi zaif tomonlarni ochib berdi. Hududiy mudofaa yana ustuvor yo‘nalishga aylandi, mudofaa xarajatlari keskin oshdi, NATOning sharqiy qanoti esa bosqichma-bosqich mustahkamlandi. Jumladan, NATO tarkibiga Finlandiya (2023) va Shvetsiya (2024)ning qo‘shilishi alyansning strategik imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.
Shu bilan birga, Donald Trump ma’muriyati davrida AQShning strategik ustuvorliklarida yuz bergan o‘zgarishlar hamda transatlantik majburiyatlarni taqsimlash bo‘yicha bahslarning yangilanishi Yevropaning Amerika xavfsizlik kafolatlariga qaramligiga doir xavotirlarni kuchaytirdi. Bu holat strategik avtonomiya masalasini qayta ko‘rib chiqish va Germaniya, Fransiya hamda Buyuk Britaniya kabi yirik davlatlar o‘rtasida chuqurroq harbiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun turtki bo‘ldi.
Yevropa mudofaa mustaqilligini mustahkamlash yo‘lidagi dastlabki qadamlardan biri 2025-yil 6-mart kuni Yevropa Kengashi yig‘ilishida taqdim etilgan “Readiness 2030” strategik tashabbusi bo‘ldi. Mazkur reja Yevropaning mudofaa infratuzilmasini kuchaytirish uchun 800 mlrd yevrogacha mablag‘ safarbar etishni nazarda tutadi. Bu tashabbus, xususan, AQShning Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatgani va 2025-yil 28-fevral kuni Oq uyda Donald Trump hamda Volodymyr Zelensky o‘rtasida yuzaga kelgan keskin tortishuv ortidan yanada dolzarb tus oldi. 2025-yil may oyida esa Yevropa Komissiyasi tomonidan “SAFE” moliyaviy instrumenti ishga tushirildi. Ushbu 150 mlrd yevrolik fond YI a’zo davlatlariga mudofaa loyihalarini amalga oshirish uchun imtiyozli kreditlar taqdim etishni ko‘zda tutadi.
Hukumatlararo darajada 2024-yil noyabr oyida “E5” formati tashkil etildi. Bu norasmiy mexanizm Yevropaning eng yirik mudofaa xarajatlariga ega besh davlati: Fransiya, Germaniya, Italiya, Polsha va Buyuk Britaniya mudofaa vazirlarini birlashtiradi. Uning maqsadi Ukraina urushi hamda YI va NATO mudofaa siyosatining tarkibiy transformatsiyasi sharoitida xavfsizlikda Yevropa o’rnini mustahkamlashdan iborat.
Mazkur format Yevropada “istak bildirganlar yadrosi” (“core of the willing”) shakllanayotganini anglatadi. Ya’ni, eng yirik harbiy va iqtisodiy salohiyatga ega davlatlar murakkab YI konsensus tartib-taomillaridan tashqarida tezkor qaror qabul qilishga intilib, yanada moslashuvchan va pragmatik hamkorlik modelini shakllantirmoqda.
Ikki tomonlama darajada ham muhim siljishlar kuzatildi. Fridrix Mers Germaniya kansleri lavozimiga kirishgach, 2025-yil 7-may kuni ilk rasmiy tashrifini Fransiyaga amalga oshirdi. Bu tashrif YI doirasidagi ikki yetakchi davlat o‘rtasidagi hamkorlikni jonlantirishga qaratildi. Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, ushbu hamkorlik Olaf Shols davrida ma’lum darajada sustlashgan edi.
Tashrif yakunida Fransiya va Germaniya muntazam ravishda yig‘ilib, umumiy strategik tahdidlarga operativ javob choralarini ishlab chiqadigan Fransiya-Germaniya Mudofaa va Xavfsizlik Kengashini tuzish niyatini bildirdi. Emmanuel Makron ta’kidlashicha, ikki davlat tanklar, uzoq masofali raketalar va jangovar samolyotlardan tashqari yangi qo‘shma dasturlarni tezlashtirish hamda yangi harbiy imkoniyatlarni rivojlantirishni rejalashtirmoqda.
2025-yil 8-10-iyul kunlari o‘tkazilgan 37-Britaniya-Fransiya sammitida Prezident Emmanuel Makron va Bosh vazir Keir Starmer ishtirok etdi. Unda nafaqat ikki tomonlama mudofaa aloqalarini, balki kengroq Yevropa xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha ham yangi qadamlar qo‘yildi. Xususan, mudofaa hamkorligini modernizatsiya qilish va NATO bilan mos keladigan “Yirik miqyosli jangovar operatsiyalarni amalga oshira oladigan qo‘shma kuchlar”ni shakllantirish maqsadida “Lancaster House 2.0” tashabbusi yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, Nortvud deklaratsiyasi ikki davlatning “yadroviy hamkorlik bo‘yicha uzoq yillik va qat’iy majburiyatlari”ni yana bir bor tasdiqladi. Buyuk Britaniya va Fransiya o‘rtasidagi yadroviy koordinatsiyaning chuqurlashuvi natijasida Yevropaga qarshi har qanday jiddiy tahdid endilikda qo‘shma javob choralarini keltirib chiqarishi tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Oradan bir hafta o‘tib, 2025-yil 17-iyul kuni Londonda Buyuk Britaniya Bosh vaziri Keir Starmer va Germaniya kansleri Fridrix Mers tarixiy do‘stlik va ikki tomonlama hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaniimzoladi. Bitimning markaziy qismi mudofaa qoidalaridan iborat bo‘lib, u qurolli hujum sodir bo‘lgan taqdirda o‘zaro yordam ko‘rsatish majburiyatini belgilaydi. Ushbu majburiyatlar 2024-yilda Olaf Scholz davrida tuzilgan “Trinity House Agreement” doirasidagi kelishuvlarga tayanadi.
Shartnoma, shuningdek Yevropada konvensional tiyib turish (deterrens) salohiyatini mustahkamlash maqsadida yangi yuqori aniqlikdagi zarba berish imkoniyatlarini birgalikda ishlab chiqishni nazarda tutadi. Xususan, Germaniyaning suvosti kemalariga qarshi kurashuvchi aviatsiyasi Britaniya bazalaridan foydalanish huquqiga ega bo‘ldi, nemis ekipajlari esa Buyuk Britaniyaning P-8A dengiz patrul samolyotlarida tayyorgarlikdan o‘tadi. Bosh vazir Starmer uchun Germaniya bilan mudofaa pakti Brexitdan keyingi davrda Yevropaning yetakchi davlatlari bilan yaqin hamkorlikni tiklashga qaratilgan muhim strategik qadam sifatida baholanmoqda.
Umuman olganda, ushbu jarayonlar Yevropada yetakchi davlatlar atrofida shakllanayotgan yangi mudofaa yadrosining paydo bo‘layotganini ko‘rsatadi. Bu yadro strategik avtonomiya, harbiy-sanoat integratsiyasi va tezkor qaror qabul qilish mexanizmlarini kuchaytirish orqali Yevropa xavfsizlik arxitekturasini yangi bosqichga olib chiqishga intilmoqda.
Shu bilan birga, “Veymar uchburchagi” (Germaniya, Fransiya va Polshani birlashtiruvchi format) yana strategik ahamiyat kasb etdi. 2025-yil sentabr oyida ushbu uch davlat Ukrainani Yevropa xavfsizlik va mudofaa tizimiga yanada chuqurroq integratsiya qilish zarurligini ta’kidlab, Kiyevning Yevropa mudofaa mexanizmlarida yanada institutsional va tizimli rol o‘ynashiga o‘tish kerakligini ilgari surgandi.
So‘nggi tashabbuslarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 28-yanvar kuni Germaniya moliya vaziri Lars Klingbeil hamda uning fransiyalik hamkasbi Roland Leskur Polsha, Ispaniya, Italiya va Niderlandiya moliya vazirlari bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi. Bu uchrashuv yangi taklif etilgan “E6” formati doirasida bo‘lib, Yevropaning yirik iqtisodiy davlatlari o‘rtasida mudofaa sohasidagi muvofiqlashtirishni kuchaytirishga qaratilgan.
Mazkur tashabbus “ikki tezlikli Yevropa” modeli sifatida ta’riflanmoqda. Uning maqsadi, ayniqsa mudofaa masalalarida Yevropa Ittifoqining 27 a’zo davlati o‘rtasidagi murakkab va sekin konsensus jarayonlarini chetlab o‘tishdir. Klingbeil ta’kidlaganidek, tashabbusning to‘rtta asosiy ustunidan biri mudofaa xarajatlarini oshirishdan iborat.
Bu jarayonlar Germaniyaning 2026-yilgi federal byudjeti ham to‘ldiradi. Unda Bundeswehr uchun 82,69 mlrd yevro ajratilgan bo‘lib, bundan tashqari maxsus mudofaa jamg‘armasidan qo‘shimcha 25,5 mlrdyevro ko‘zda tutilgan. Kansler Fridrix Mers Germaniyani “Yevropadagi eng kuchli armiya”ga aylantirish niyatini ochiq e’lon qildi hamda Jahon Iqtisodiy Forumining Davosdagi yig‘ilishida mudofaa xarajatlarini YAIMning 5 foizigacha yetkazish rejasini tasdiqladi.
Kengroq geosiyosiy kontekstda esa Yevropa yetakchilarining Grenlandiya masalasida bildirgan qat’iy pozitsiyasi ham e’tiborga molikdir. AQSh prezidenti tomonidan Daniya hududi bo‘lgan Grenlandiyaga nisbatan yangilangan bosim fonida, Yevropa davlatlari faqat Grenlandiya va Denmark o‘z kelajagini belgilash huquqiga ega ekanini ta’kidladi. Bu esa xavfsizlik sohasida yangi institutsional islohotlar zarurati haqidagi muhokamalarni yanada faollashtirdi.
Myunxen Xavfsizlik Konferensiyasi doirasida Buyuk Britaniya mudofaa vaziri John Healey uzoq masofali gipertovushli qurollarga ajratiladigan mablag‘ joriy yilda 400 mln funt sterlingdan oshishini ma’lum qildi. Shuningdek, hukumat Fransiya, Germaniya va Italiya bilan birgalikda raketa tizimlarini ishlab chiqish muhimligini ta’kidladi. Bu Yevropa miqyosida harbiy salohiyatni muvofiqlashtirilgan tarzda rivojlantirishga qaratilgan kengroq strategiyaning bir qismi sifatida baholanmoqda.
Konferensiya davomida Bosh vazir Keir Starmer Buyuk Britaniya va Yevropa o‘rtasidagi mudofaa hamkorligini chuqurlashtirishning “shoshilinch zarurati”ni ta’kidladi. U Brexitdan o‘n yil o‘tib, London qit’a bilan munosabatlarning yangi bosqichiga o‘tishga intilayotganini, bunga Rossiyadan kelayotgan uzoq muddatli tahdid hamda Yevropaning o‘z xavfsizligi uchun ko‘proq mas’uliyatni zimmasiga olishi zarurati sabab bo‘layotganini qayd etdi.
Starmer Buyuk Britaniyaning “SAFE” dasturida ishtirok etish imkoniyatini qayta ko‘rib chiqishni qo‘llab-quvvatladi hamda barcha Yevropa demokratiyalari uchun ochiq bo‘lgan hukumatlararo Yevropa mudofaa mexanizmini yaratish g‘oyasini muhokama qilmoqda. Shu bilan birga, u Yevropa mudofaa avtonomiyasini mustahkamlash AQSh bilan aloqalarni susaytirish yoki NATOdan uzoqlashishni anglatmasligini ta’kidladi va alyansni “tarixdagi eng samarali mudofaa ittifoqi” deb atadi. Grenlandiya atrofidagi tarangliklarga qaramay, Yevropa ritorikasi NATOni kollektiv xavfsizlikning asosiy tayanchi sifatida ko‘rishda davom etayotganini ko‘rsatmoqda.
Biroq Yevropa yetakchilarining ambitsiyalari va ehtiyotkor qadamlariga qaramay, manfaatlar va ustuvorliklardagi tafovutlar saqlanib qolmoqda. So‘nggi yillardagi eng yirik mudofaa tashabbuslaridan biri “Future Combat Air System” (FCAS) dasturi jiddiy inqirozga duch keldi. Dastur “Airbus, Dassault Aviation” va Ispaniya hamkorligida oltinchi avlod yevropa qiruvchi samolyotni ishlab chiqishni maqsad qilgan edi. Biroq boshqaruv modeli, texnik parametrlar va strategik talablar borasidagi, ayniqsa Parij va Berlin o‘rtasidagi kelishmovchiliklar jarayonni keskin murakkablashtirdi.
Fransiya yadroviy qurol tashishga va aviatashuvchilardan foydalanishga qodir yagona platformani ishlab chiqishni talab qilmoqda, Germaniya esa bunday talabni zarur deb hisoblamaydi. Natijada, dastur deyarli to‘xtab qolish darajasiga yetdi. Murosa sifatida Airbus ikki alohida qiruvchi platformani umumiy raqamli tizimi orqali bog‘lash taklifini ilgari surdi, biroq bu ham tub strategik va sanoat ziddiyatlarini to‘liq bartaraf eta olmadi.
Shu munosabat bilan muqobil ssenariylar ham muhokama qilinmoqda. Germaniya AQShda ishlab chiqarilgan F-35 samolyotlari xaridini kengaytirishi mumkin, Fransiya esa umumyevropa yechimi amalga oshmasa, milliy qiruvchi platformasini mustaqil ravishda ishlab chiqish yo‘lidan borishi ehtimoli bor. Bu holat to‘liq integratsiyalashgan Yevropa mudofaa loyihalarini shakllantirishdagi tizimli murakkabliklarni yaqqol namoyon etadi.
Umuman olganda, yuqorida qayd etilgan tashabbuslar shunchaki hamkorlikning kengayishini emas, balki Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya va Polsha atrofida shakllanayotgan “funksional yadro”ning bosqichma-bosqich paydo bo‘layotganini ko‘rsatadi. Ushbu davlatlar Yevropadagi eng katta harbiy byudjetlarga, rivojlangan mudofaa-sanoat bazasiga ega bo‘lib, Parij va London yadroviy salohiyatni ham saqlab qolgan.
Biroq bu yadro hozircha gibrid va to‘liq institutsionallashmagan tuzilma bo‘lib qolmoqda. Buyuk Britaniya YI doirasidan tashqarida turib, barcha Yevropa demokratiyalari uchun ochiq hukumatlararo mexanizmlarni ilgari surmoqda. Fransiya esa an’anaviy ravishda YI ichidagi Yevropa o‘lchamini kuchaytirishni ustuvor deb biladi. Germaniya esa oraliq pozitsiyani egallab, chuqurroq integratsiyani qo‘llab-quvvatlar ekan, transatlantik yechimlarga ham tayanishda davom etmoqda. FCAS kabi inqirozlar strategik talablar, harbiy imkoniyatlar va sanoat yukini taqsimlash masalalaridagi tafovutlar integratsiya jarayonini qanchalik murakkablashtirishini ko‘rsatadi.
Shunday qilib, Yevropa mudofaasining yangi yadrosi shakllanmoqda, biroq yaqin istiqbolda u markazlashgan yagona tuzilma sifatida namoyon bo‘lishi ehtimoli past. Hamkorlik ko‘proq o‘zaro ustma-ust tushadigan ikki va ko‘p tomonlama kelishuvlar asosida rivojlanadi. Asosiy vazifa YI strategik avtonomiyasi va transatlantik ittifoq o‘rtasida muvozanatni saqlashdir. Bu jarayonda Yevropa davlatlari NATO doirasida o‘z rolini mustahkamlab, AQShga ortiqcha qaramlikni kamaytirishga intiladi, biroq kollektiv mudofaa tizimining asoslarini zaiflashtirmaslikka harakat qiladi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; buyerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aksettirmaydi.