Islomxon Gafarovning “Afghanistan Monitor” jurnalining sakkizinchi jildida e’lon qilingan “Tolibon evolyutsiyasi: xulq-atvor va strategiyadagi o‘zgarishlar” tahliliy maqolasi 2021-yil avgust oyida toliblar hokimiyatga qaytganidan so‘ng ularning boshqaruv modelidagi strategik o‘zgarishlarga bag‘ishlangan. Gafarov, islom huquqining deobandiy talqinlariga asoslangan mafkuraviy qat’iyatga qaramay, toliblar boshqaruv va tashqi siyosatga yondashuvlarida amaliy o‘zgarishlarni namoyish etganini ta’kidlaydi.
Muallif, Tolibonning so‘nggi ichki islohotlari yanada oqilona va strategik boshqaruvga o‘tishdan dalolat berishini ta’kidlaydi. Ularning asosiy mafkurasi, xususan, shariat va pushtunvali tamoyillariga sodiqlik o‘zgarmagan bo‘lsa-da, ichki boshqaruvda ham, xalqaro munosabatlarda ham amaliyroq yondashuv belgilari ko‘zga tashlanmoqda. Gafarov tahlilining muhim jihati – Tolibonning terrorizmga nisbatan o‘zgargan munosabatidir. Afg‘oniston global jihodchi tarmoqlar uchun boshpana bo‘lgan avvalgi boshqaruvdan farqli o‘laroq, hozirgi tuzum “Al-Qoida” va ISHID-Xuroson kabi guruhlarga qarshi faol kurash olib bormoqda.
U, shuningdek, Tolibonning rivojlanayotgan tashqi siyosatini ta’kidlab, ularning g‘ayrimuslim mamlakatlar bilan diplomatik aloqalari kuchayganiga e’tibor qaratadi. Bu esa 1990-yillardagi izolyatsion siyosatdan voz kechishni anglatadi. Bunga Xitoy, Rossiya va Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlar bilan iqtisodiy investitsiyalarni jalb qilish va infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik kiradi. Yaqqol pragmatizmga qaramay, Islomxon Gafarov bu o‘zgarishlar vaqtinchalik bo‘lishi va mamlakat ichida ham, xalqaro miqyosda ham aniq siyosiy manfaatlarga erishishga qaratilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilib, o‘z baholarida ehtiyotkorlikni saqlab qolmoqda.
Ushbu tahliliy maqola Tolibonning o‘zgaruvchan strategiyalariga tanqidiy nazar tashlab, o‘zining asosiy mafkuraviy o‘ziga xosligini saqlab qolishga intilib, yangi voqeliklarga ehtiyotkorlik bilan moslashayotgan tuzumni tasvirlaydi.
Ma’lumot uchun: Afghanistan Monitor – bu Pokistondagi Fridrix Ebert jamg‘armasining keng qamrovli nashri bo‘lib, unda 2024-yilning iyunidan avgustigacha bo‘lgan davrda Afg‘onistondagi siyosiy, iqtisodiy, xavfsizlik va gumanitar vaziyatning batafsil tahlili keltirilgan. Toliblar hokimiyatni qo‘lga olganidan buyon o‘tgan uch yilga bag‘ishlangan ushbu nashrda mamlakat duch kelayotgan muammolar va o‘zgarishlar chuqur tahlil qilingan. Unda inson huquqlari, iqtisodiy voqealar, infratuzilma loyihalari va diplomatik munosabatlar kabi keng ko‘lamli mavzular ko‘rib chiqiladi, mutaxassislar esa Tolibon hukmronligi davrida Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishini o‘rganishadi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.