Ozarbayjon Janubiy Osiyo yo‘nalishida istiqbolli tovar tashish marshrutlarini yaratish va rivojlantirish jarayoniga faol kirishib, toliblar hukumati bilan siyosiy-iqtisodiy aloqalarini kuchaytirmoqda. 2018-yilda Afg‘oniston, Ozarbayjon, Turkiya, Gruziya va Turkmanistonning qo‘shma tashabbusi bilan Buyuk Ipak yo‘lining qadimiy marshrutiga o‘xshatib ishga tushirilgan Lojuvard yo‘lak bu jarayonda peshqadamlik qilmoqda.
2025-yil 2-iyul kuni Ozarbayjonning Xankendi shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida Afg‘oniston Bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul G‘ani Baradar bilan Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Bokunin Afg‘oniston bilan eksport va import hajmini oshirishga tayyorligi ta’kidlandi. Shuningdek, “Janubiy Osiyo-Kavkaz-Yevropa” yo‘nalishi bo‘yicha yuk tashishni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Amalda, Lojuvard yo‘lagini Pokiston va Hindistongacha kengaytirish masalasi ko‘tarildi. Bu esa yo‘nalish ishtirokchilariga Hindiston va Yevropa Ittifoqi tranzit yuklarini o‘ziga jalb qilish imkonini beradi. Ikki iqtisodiy gigantning o‘zaro savdosi barqaror o‘sib borayotganini hisobga olsak, bu istiqbol jiddiy ahamiyatga ega. 2024-yil yakuniga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 137 milliard dollardan oshgan.
Biroq, Yevropadan Hindistongacha Janubiy Kavkaz, Turkmaniston va Afg‘oniston orqali o‘tadigan tranzit yo‘lagi O‘zbekiston taklif etgan “Belarus-Rossiya-Qozog‘iston-O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston-Hind okeani portlari” multimodal yo‘lagining istiqboliga xavf solishi mumkin. Ushbu tashabbus “Termiz-Naybobod-Maydonshahar-Lo‘gar-Xarlachi” yo‘nalishi bo‘yicha yiliga 20 million tonnagacha yuk tashish quvvatiga ega bo‘lgan Transafg‘on temir yo‘lini (Qobul yo‘lagi) qurish loyihasi bilan bog‘liq. Agar Lojuvard yo‘lagi kengaytirilgan shaklda faollashsa, Toshkent bu oqimlarni yo‘qotish xavfi ostida qoladi, chunki yuklar mamlakatni chetlab o‘tadi.
Ashxobod va Astona tomonidan Qobul yo‘lagiga muqobil sifatida ilgari surilayotgan “Turg‘undi-Hirot-Qandahor-Spin-Buldog‘” yo‘nalishi bo‘yicha G‘arbiy Transafg‘on temir yo‘li bilan Lojuvard yo‘lagining birlashishi ehtimoli yuqori. Bu ham O‘zbekiston manfaatlariga zid keladi.
Rossiya Lojuvard yo‘lakka jiddiy qiziqish bildirishi mumkin. Ayniqsa, Moskva Turkmanistonning port va temir yo‘l infratuzilmasidan foydalangan holda Kaspiy dengizi orqali Afg‘oniston bilan bog‘lanish niyatini allaqachon e’lon qilganini hisobga olsak.
Trans-Yevroosiyo, shuningdek, transafg‘on tashuvlari sohasida o‘zining raqobatbardosh ustunliklarini saqlab qolish va ko‘paytirish uchun O‘zbekiston yaqin hamkor davlatlar, jumladan, Ozarbayjon bilan transport va tranzit masalasida hamkorlikni kuchaytirishi lozim. O‘rta yo‘lakni Afg‘onistonga O‘zbekiston hududi orqali kengaytirish va Qobul yo‘lagi orqali Pokistongacha bo‘lgan yo‘nalishni davom ettirish variantini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.