Nargiza Umarova Hindiston Markaziy Osiyo va Yevroosiyo bilan transport aloqalarini mustahkamlash uchun muqobil yo‘nalish sifatida Transafg‘on yo‘lagiga nima sababdan ko‘proq e’tibor qaratishi zarurligini tahlil qiladi. AQSHning Eronga qarshi sanksiyalari qayta tiklanishi va Yaqin Sharqdagi beqarorlikning kuchayishi fonida Hindistonning Chobahor portiga hamda “Shimol-Janub” xalqaro transport yo‘lagiga bog‘liqligi tobora noaniqlashib bormoqda. Tahliliy sharhda qayd etilishicha, bu o‘zgarishlar Dehli uchun o‘z transport imkoniyatlarini diversifikatsiya qilish va Eronni chetlab o‘tuvchi yo‘nalishlarni ko‘rib chiqishdek strategik zaruratni yuzaga keltirmoqda.
Muallif, shuningdek, Transafg‘on yoki Kobul yo‘lagi nomi bilan ham tanilgan Termiz–Naybobod–Maydonshahr–Logar–Xarlachi temiryo‘li loyihasining iqtisodiy va geosiyosiy ahamiyatini alohida ta’kidlaydi. O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokistonni o‘zaro bog‘laydigan ushbu yo‘lak Hindiston uchun Markaziy Osiyo va Yevroosiyo bozorlariga chiqishning qisqaroq va iqtisodiy jihatdan manfaatliroq quruqlik yo‘lini taqdim etishi mumkin. Bu, shuningdek, yuk tashish vaqtini qisqartirish, savdo imkoniyatlarini kengaytirish va Hindistonning o‘zining “kengaytirilgan qo‘shnichiligi”ning bir qismi sifatida ko‘rayotgan mintaqadagi rolini mustahkamlashga qodir.
Shu bilan birga, tahliliy sharhda loyiha bilan bog‘liq siyosiy cheklovlar, jumladan, Hindistonning Pokiston bilan murakkab munosabatlari, Afg‘oniston-Pokiston chegarasidagi beqarorlik va Xitoy-Pokiston iqtisodiy yo‘lagi orqali Xitoyning ortib borayotgan ta’siri ham e’tirof etiladi. Ushbu qiyinchiliklarga qaramay, muallif O‘zbekiston Hindiston bilan diplomatik aloqalarni faollashtirishi, Kobul yo‘lagining iqtisodiy maqsadga muvofiqligini tushuntirishi va transport sohasidagi hamkorlik masalalari bo‘yicha Hindistonning tegishli idoralari bilan muntazam maslahatlashuvlarni yo‘lga qo‘yishi lozim, deb hisoblaydi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.