IXTI katta ilmiy xodimi Nargiza Umarovaning “Consultations on International Policy and Economy” tahliliy markazi rahbari Fikrat Shabanovga bergan intervyusida Markaziy Osiyodagi transport geosiyosatiga oid keng qamrovli mavzular muhokama qilindi. Umarova xalqaro munosabatlarda transport yo‘laklarining mohiyati va ahamiyatini batafsil tushuntirib, ularning ikki yoqlama vazifasini – iqtisodiy integratsiya vositasi va geosiyosiy ta’sir quroli sifatida xizmat qilishini ta’kidladi. O‘rta (Transkaspiy) yo‘lagiga alohida e’tibor qaratildi. Uning aytishicha, sanksiyalar bosimi tufayli Rossiya va Belarus orqali o‘tuvchi shimoliy yo‘nalishning zaiflashishi fonida bu yo‘lak tobora muhim strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Umarova mintaqa davlatlari, xususan, O‘zbekiston hozirgi geosiyosiy vaziyatni yangi yo‘nalishlarni rivojlantirish uchun imkoniyat sifatida qo‘llayotganini ta’kidladi. Qozog‘iston, Kaspiy dengizi, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya orqali o‘tadigan O‘rta yo‘lak Jahon banki va YeTTB tadqiqotlari tufayli modernizatsiya va raqamlashtirishning asosiy obyektiga aylandi. Uning fikricha, Ozarbayjon Boku-Tbilisi-Kars loyihalari va Alat portini modernizatsiya qilish orqali Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog‘lovchi infratuzilmada muhim rol o‘ynamoqda.
O‘zbekistonni Afg‘oniston orqali Pokiston portlari bilan bog‘laydigan janubiy yo‘nalishni rivojlantirish ham muhim mavzu bo‘ldi. Umarova Transafg‘on temir yo‘lini barpo etish tashabbusi aynan O‘zbekistonga tegishli ekanligini va bu g‘oya Ukraina inqirozidan oldin paydo bo‘lganini alohida ta’kidladi. Ushbu loyiha nafaqat eksport yo‘llarini xilma-xil qilish usuli, balki O‘zbekistonning geoiqtisodiy ahamiyatini oshirish vositasi sifatida ham qaralmoqda. U mintaqaga Hind okeaniga chiqish imkoniyatini va Eron hamda Rossiya yo‘nalishlariga muqobil yo‘lni taqdim etadi. Bu ayniqsa sanksiyalar va beqarorlik sharoitida dolzarb ahamiyatga ega.
Shuningdek, intervyuda O‘zbekistondan Fransiyaga uran kabi strategik tovarlarni yetkazib berishning siyosiy va logistik jihatlari muhokama qilindi. Umarovaning ta’kidlashicha, Ozarbayjonning pozitsiyasi va geosiyosiy keskinlik bilan bog‘liq cheklovlarga qaramay, Rossiya orqali yetkazib berish davom etmoqda, chunki temir yo‘l aloqasi hamon faoliyat yuritmoqda. Uning nutqida O‘zbekiston kabi kichik davlatlar nafaqat tashqi ta’sir obyektlari, balki logistika strategiyasining mustaqil tashabbuskorlari va faol ishtirokchilari bo‘lishi mumkinligi haqidagi fikr muhim o‘rin egalladi.
Suhbat yakunida Nargiza Umarova transport siyosatidagi zamonaviy raqobat an’anaviy infratuzilma tushunchasidan ancha kengayganini – u raqamlashtirish, tariflarni muvofiqlashrish, ekologik jihatlar va siyosiy barqarorlikni o‘z ichiga olishini ta’kidladi. Barqaror, ko‘p variantli logistika aloqalarini shakllantirish Markaziy Osiyo uchun ustuvor vazifaga aylanmoqda. Mintaqa mamlakatlarining o‘z tranzit holatini strategik ustunlikka aylantira olishi ularning hamjihatlikda harakat qilish qobiliyatiga bog‘liq.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.