Kobulga rasmiy tashrif bilan borgan Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari – milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarin Ostona Transafg‘on temir yo‘li loyihasiga 500 million dollar sarmoya kiritishini ma’lum qildi. Bu mablag‘ hind mutaxassislari yordamida afg‘on-nemis “Bakhtar” kompaniyasi loyihalayotgan “Torgundi-Hirot” temir yo‘l uchastkasi (113 km) qurilishiga yo‘naltirilishi kutilmoqda.
Bir yil oldin Turkmaniston va Qozog‘iston Hind okeanidagi Pokiston portlariga chiqish imkoniyatini beruvchi “Torgundi-Hirot-Qandahor-Spin-Buldak” temir yo‘l yo‘lagini qurish loyihasini birgalikda amalga oshirishga kelishib olgan edi. Bu yo‘nalish asosan Afg‘onistonning g‘arbiy viloyatlari bo‘ylab o‘tadi va u yerdan Eron hamda uning Chobahor okean portiga yo‘naltirilishi mumkin.
Qozog‘iston uchun “Torgundi-Hirot” temir yo‘l liniyasi “Shimol-Janub” xalqaro transport yo‘lagini Afg‘onistonga kengaytirish nuqtai nazaridan muhim bo‘lib, bu mamlakat tranzit mavqeini Janubiy va G‘arbiy Osiyo yo‘nalishidagi mintaqalararo tashuvlarda mustahkamlaydi.
An’anaviy tushunchada “Shimol-Janub” xalqaro transport yo‘lagining sharqiy tarmog‘i Rossiyani Qozog‘iston va Turkmaniston temir yo‘l tarmoqlari orqali Eron bilan bog‘laydi. Keyin yuklar dengiz yo‘llari orqali Hindistonga yetkaziladi. “Tolibon” hukumati va Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar, avvalo O‘zbekistonning transafg‘on savdosini rivojlantirish bo‘yicha faol siyosati “Shimol-Janub” tushunchasiga yangi mazmun baxsh etmoqda. Toshkentning Kobul yo‘lagini (“Termiz-Mozori Sharif-Kobul-Peshovar” temir yo‘li) qurish tashabbusi, shuningdek, Ashxobod va Ostona ilgari surayotgan Qandahor orqali muqobil temir yo‘l yo‘lagini barpo etish g‘oyasi Moskvada faol qo‘llab-quvvatlanayotgani bejiz emas.
Aprel oyi boshida Rossiya tomoni ikkala yo‘nalish bo‘yicha Transafg‘on temir yo‘lining texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlashda ishtirok etishini e’lon qildi. Ehtimol, keyingi qadam loyihaning moliyaviy konsorsiumiga qo‘shilish bo‘ladi. Bu Eron tranzitiga qo‘shimcha ravishda muhim resurslarni, jumladan, energiya tashuvchilarni Janubiy Osiyo va Fors ko‘rfazi mamlakatlarining keng bozoriga eksport qilishning muqobil kanalini boshqarish imkonini beradi. Xuddi shunday vaziyat TAPI gaz quvuri yo‘nalishida ham kuzatilmoqda, bu yerda Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston ham mustahkam hamkorlikda harakat qilmoqchi.
Janubiy yo‘nalishdagi Rossiya yuk oqimi Qozog‘istonga tranzit xizmatlaridan barqaror daromad keltiradi hamda Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatini beradi. Tovar ayirboshlashni 3 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Shuningdek, Ostona Afg‘oniston foydali qazilmalarini qidirish va o‘zlashtirishga qiziqish bildirmoqda. Bu vazifalarni amalga oshirishda Afg‘oniston bilan ishonchli transport aloqalarini yo‘lga qo‘yish asosiy masala bo‘lib qolmoqda. Bu borada Markaziy Osiyo mamlakatlarining yagona, pragmatik yondashuv asosida o‘zaro muvofiqlikka erishishi muhim ahamiyat kasb etadi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.