Jahon siyosatida ko‘pincha yirik davlatlarning so‘z va harakatlari birinchi bo‘lib tahlil qilinadi. Bu esa muhim qaror va tashabbuslarni ilgari surishda ularning o‘ta katta o’rin o‘ynayotgani haqida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otishi mumkin. Biroq har doim ham shunday emas. Kichik davlatlar ham xalqaro kun tartibiga ohang bera oladi. Buning yorqin misoli sifatida Xitoyning Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) yubiley sammiti qayd etilishi mumkin.
SHHTning asosini Markaziy Osiyo davlatlari tashkil etadi. Ular hozirgi taraqqiyot bosqichida xalqaro munosabatlarda mas’uliyatli aktor sifatida shakllanib bormoqda. Endilikda mintaqa uchun umumiy taqdirni barpo etish yo‘lida kuchlarni birlashtirish zarurligi tobora chuqurroq anglanmoqda. Ushbu uzoq kutilgan mintaqaviy birlashuvning ilk alomatlarini tashqi siyosatning dolzarb masalalari bo‘yicha pozitsiyalarning yaqinlashuvida ko‘rish mumkin.
Tyanszin sammitida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bir ovozdan mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, savdo to‘siqlarini bartaraf etish, suv, energetika va tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, sanoat ishlab chiqarishining istiqbolli sohalariga, jumladan, strategik foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlashga investitsiyalarni jalb etish zarurligi haqida fikr bildirdi. Muhimi, bu masalalar yordam so‘rab emas, balki taklif va tashabbus bilan chiqish nuqtayi nazaridan taqdim etildi. Shu bois “Shanxay oilasi”ga aniq va dadil g‘oyalar ilgari surildi. Ulardan biri alohida e’tiborga loyiq.
O‘zbekiston Prezidenti SHHT yagona transport makonini yaratish tashabbusini ilgari surdi. Aslida bu barcha SHHT a’zolarini geografik joylashuvidan qat’i nazar bog‘lovchi raqamlashtirilgan transport koridorlari tarmog‘ini barpo etishga qaratilgan da’vatdir.
Ushbu tashabbus markazida muhim muammo yotadi: SHHT davlatlarining avtomobil va temir yo‘l tarmoqlari yetarli darajada integratsiyalashmagan. Masalan, Janubiy Osiyoning yirik davlatlari — Hindiston va Pokiston, SHHTning to‘laqonli a’zolari sifatida, na Markaziy Osiyoga, na Yevrosiyo shimoliy kengliklariga (Rossiya va Belarus) to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniga ega emas. Mavjud yo‘llar haddan tashqari uzoq va qimmat bo‘lib, o‘zaro savdoni jiddiy cheklab qo‘ymoqda.
Yana bir misol: Eron Islom Respublikasi Yevrosiyo transport-tranzit arxitekturasining markazida turib, Sharq va Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog‘lovchi Janubiy temir yo‘l koridorini amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda. Biroq Eron temir yo‘llari hali Markaziy Osiyo respublikalari va kengroq kontekstdagi MDH davlatlari (ularning ko‘pi SHHT a’zosi) transport makoniga to‘liq integratsiyalashmagan. Transport qonunchiligi, yuk hujjatlari, texnik standartlar, chegara va bojxona tartibotlarining farqliligi mintaqalararo transport yo‘laklarining samarali ishlashiga jiddiy to‘sqinlik qilmoqda.
O‘zbekiston hozirda Transafg‘on (Kobul) koridorini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Termez–Naybabad–Maydanshahr–Logar–Xarlachi yo‘nalishi bo‘ylab barpo etiladigan ushbu yo‘lak Yevropa, Xitoy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi transport ko‘prigi vazifasini bajaradi. Mazkur loyiha Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston yuqori tog‘li temir yo‘li hamda Shimoliy koridor bilan uyg‘unlashtiriladi. Bu esa Markaziy Osiyo davlatlarining eksport va tranzit salohiyatini sezilarli kengaytirib, ularni uzoq kutilgan Hind okeani portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri temir yo‘l orqali chiqaradi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston yiliga qo‘shimcha 20 million tonnagacha, Qirg‘iziston va Tojikiston esa 5 million tonnagacha tranzit oqimini jalb qilishi mumkin. Shu istiqbolni inobatga olib, O‘zbekiston SHHT hamkorlarini yagona transport makonini yaratishga chaqirmoqda va mazkur konsepsiyani ishlab chiqishni boshladi. Uning amalga oshirilishi ehtimol SHHT mamlakatlari temir yo‘l makonlarini integratsiyalash Kengashi zimmasiga yuklanadi. Mazkur kengashni tashkil etish taklifi o‘tgan yili ilgari surilgan bo‘lib, uning shtab-kvartirasi Toshkentda joylashishi nazarda tutilgan.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.