Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashuvi O‘zbekiston uchun yuklarni Yevropa va Janubiy Osiyo kabi istiqbolli eksport bozorlariga yetkazib berishning samarali yo‘llaridan foydalanish xavfini oshirmoqda.
Bir oy avval O‘zbekiston Transport vazirligi muammoli mamlakatlarni chetlab o‘tish uchun muqobil transport yo‘laklarini taqdim etgan edi. Ular orasida Eron, Afg‘oniston va Pokiston orqali o‘tadigan yo‘nalishlar ham e’lon qilingan. Biroq hozirga kelib har uchala davlat bir vaqtning o‘zida harbiy mojarolarning faol bosqichiga jalb etilgani sababli, ularning hududi orqali yuk tashish imkoniyatlari cheklanib qoldi. Bu esa ochiq dengizlardan geografik uzoqligi tufayli tashqi savdoda shundoq ham yuqori transport xarajatlariga mahkum bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlarini o‘ta qiyin ahvolga solib qo‘yadi.
2025-yilning yozida 12 kunlik Eron–Isroil urushi paytida O‘zbekiston Eronning janubiy portlariga zudlik bilan o‘rinbosar izlashga majbur bo‘lgan, bu esa logistika xarajatlarining 30 foizga oshishiga olib kelgandi. Hozirgi sharoitda mamlakat nafaqat Eron, balki Hind okeaniga chiqish imkonini beruvchi Afg‘oniston-Pokiston tranzitidan ham vaqtincha voz kechish zarurati tufayli bundan-da ko‘proq zarar ko‘rishi mumkin.
2025-yil davomida O‘zbekiston Eron orqali jami 1,2 million tonna yuk tashidi. Yuklar asosan Turkiya va G‘arb davlatlari yo‘nalishida jo‘natildi. Shu bilan birga, Eron portlari 330 ming tonnadan ortiq O‘zbekiston yuklariga xizmat ko‘rsatdi.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozining deyarli yopib qo‘yilishi dunyoning ushbu eng muhim transport-energetika arteriyasida savdo kemalari, ayniqsa, neft tankerlari harakatini keskin cheklamoqda. Bo‘g‘oz akvatoriyasi doirasida dengiz sug‘urtasi nafaqat haddan tashqari qimmatlashdi, balki uni topish ham qiyinlashib qoldi, bu esa tranzit kemalari qatnovining 80 foizga qisqarishiga olib keldi. Bularning barchasi mintaqadagi eng yirik transport tuguni – Fors ko‘rfazining Eron sohilida joylashgan Bandar Abbos porti faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ehtiyot chorasi sifatida Eronning shimoliy portlari – Kaspiy va Anzali ham o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Hozircha quruqlikdagi savdo yo‘llari, jumladan, Saraxs chegara o‘tkazish punkti orqali Eron-Turkmaniston chegarasini kesib o‘tuvchi yo‘laklar faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Eron “Xof–Hirot” temiryo‘l liniyasi orqali Afg‘oniston bilan transport aloqasini saqlab qolgan. Yaqinda Afg‘oniston tomoni shaharlar o‘rtasida yuk poyezdlari uzluksiz qatnayotganini ma’lum qildi.
Janubiy yo‘nalishdagi xavfsizlikka oid tahdid tufayli O‘zbekiston yuk oqimlarini murakkabroq va uzunroq yo‘nalishlarga yo‘naltirishga majbur bo‘lmoqda. Gibraltar bo‘g‘ozi, O‘rta yer, Egey, Marmar va Qora dengizlar orqali, so‘ngra Rossiya va Qozog‘iston temiryo‘llari orqali amalga oshiriladigan aralash tashuvlar ko‘rib chiqilishi mumkin. O‘zbekiston (Andijon) – Qirg‘iziston (O‘sh, Ergashtom) – Xitoy (Qashqar, Urumchi) / Xitoyning Tinch okeani portlari transport yo‘lagi yana bir muqobil variant sifatida ko‘rilmoqda. Yevropa Ittifoqiga olib boruvchi Shimoliy temiryo‘l koridori ham o‘z dolzarbligini saqlab qolmoqda.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.