Markaziy Osiyo davlatlari Afg‘onistondagi strategik tashabbuslarini o‘zaro muvofiqlashtirishi zarur

Sharh

10 Fevral 2026

Ulashish

Markaziy Osiyo davlatlari Afg‘onistondagi strategik tashabbuslarini o‘zaro muvofiqlashtirishi zarur

So‘nggi haftalardagi voqealar Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘onistonda o‘z infratuzilmaviy loyihalarini ilgari surishga qat’iy bel bog‘laganini ko‘rsatmoqda. Ayrim tashabbuslar Afg‘oniston–Pokiston chegarasida saqlanib qolayotgan keskinlik, shuningdek, Nyu-Dehli va Islomobod o‘rtasidagi ziddiyatli munosabatlarga qaramay amaliy bosqichga o‘tmoqda.

Yanvar oyining oxirida Qozog‘istonning Pokistondagi elchisi Ostona “Torg‘undi–Hirot–Qandahor–Spin-Boldak” temir yo‘l liniyasi, ya’ni G‘arbiy Transafg‘on temir yo‘li qurilishini moliyalashtirishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Loyihaning qiymati taxminan 7 mlrd AQSh dollarini tashkil etadi. Mazkur qaror, shubhasiz, mamlakatning “Shimol–Janub” yo‘nalishidagi tranzit tashuvlaridagi pozitsiyalarini mustahkamlash, jumladan, Eron orqali mavjud yo‘nalishlarni va Afg‘oniston hududidan o‘tuvchi yangi transport koridorlarini faollashtirish istagidan kelib chiqadi.

Shu bilan birga, Ostona O‘zbekiston tomonidan 2018 yilda taklif etilgan “Termiz–Naibobod–Maydonshahr–Logar–Xarlachi” yo‘nalishidagi Kobul koridorini ishga tushirish tashabbusini qo‘llab-quvvatlamoqda. “O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston” (O‘AP) temir yo‘l loyihasi 2025 yil iyul oyida uch tomonlama hukumatlararo ramka bitimi imzolangach yangi bosqichga o‘tdi. 2026 yil 4 fevralda O‘zbekiston ushbu bitimni ratifikatsiya qildi hamda Pokiston bilan transport koridori bo‘yicha dala tadqiqotlarini boshlashga kelishib oldi.

Ushbu loyiha Qozog‘iston–O‘zbekiston–Afg‘oniston orqali yangi “Shimol–Janub” o‘qini shakllantirishga zamin yaratadi. Bu esa Yevropa, Rossiya va Janubiy Osiyo bozorlarini dengiz yo‘llaridan foydalanmasdan, eng qisqa quruqlik yo‘li orqali bog‘lash imkonini beradi. Shu nuqtai nazardan, Toshkent tashabbusi bilan “Belarus–Rossiya–Qozog‘iston–O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston” multimodal koridori shakllantirilmoqda, u dengiz orqali yetkazib berish yo‘llaridan uch baravar qisqaroqdir. Qozog‘istonning loyihadagi ishtiroki 2026 yil 4 fevralda Prezident Qosim-Jomart Toqayevning Pokistonga davlat tashrifi chog‘ida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda muhokama qilindi. Tomonlar, shuningdek, “Turkmaniston–Afg‘oniston–Pokiston” (TAP) temir yo‘l koridori istiqbollarini ham ko‘rib chiqdilar.

Qozog‘iston 2024 yilda Turkmaniston taklifiga binoan Qandahor viloyatidagi Torg‘undidan Spin-Boldakkacha bo‘lgan temir yo‘l qurilishi tashabbusiga qo‘shildi. 2025 yil iyul oyida Ostona va Kobul loyiha bo‘yicha memorandum imzoladi. Qozog‘iston Hirotgacha temir yo‘l liniyasi va unga tutash infratuzilmani, jumladan, Afg‘oniston shimolida logistika xabini barpo etish uchun 500 mln AQSh dollari ajratishni zimmasiga olgan edi. Hozirda esa G‘arbiy Transafg‘on yo‘nalishining to‘liq budjetini qoplash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Ostonaning TAP loyihasiga qiziqishi “Turkmaniston–Afg‘oniston–Pokiston–Hindiston” (TAPI) gaz quvuri loyihasining joriy dinamikasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. 1840 km uzunlikdagi quvurning afg‘on uchastkasini yotqizish ishlari 2024 yil dekabr oyida boshlangan. 2026 yil oxiriga kelib u Hirot viloyatiga yetib borishi kutilmoqda.

TAPI loyihasi Rossiya e’tibor markazida bo‘lib, u Yevropa bozorining yo‘qotilishi fonida energiya eksportini diversifikatsiya qilish va barqarorligini saqlash imkoniyati sifatida ko‘rilmoqda. Bu kontekstda Qozog‘iston tranzit daromadlariga umid qilishi mumkin, bu esa Torg‘undi–Spin-Boldak temir yo‘lining rentabelligiga qo‘shimcha asos yaratadi, chunki ikki transport yo‘nalishi o‘zaro sinxronlashtirilishi kutilmoqda.

2026 yil 1 fevralda Hirotda Afg‘oniston Bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mulla Abdul G‘ani Barodar va Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar TAPI gaz quvuri, Turkmaniston–Afg‘oniston–Pokiston elektr uzatish liniyasi hamda “Torg‘undi–Hirot” temir yo‘li qurilishining borishini muhokama qildilar.

Ashxobod va Kobul TAPI loyihasini jadallashtirishga intilmoqda. Turkmaniston elchisi Xo‘ja Ovezov va Afg‘onistonning konchilik va neft vaziri vazifasini bajaruvchi Hidoyatulloh Badriy o‘rtasidagi yaqindagi uchrashuvda gaz quvurining afg‘on uchastkasida ishlar yuqori sur’atda olib borilayotgani ta’kidlandi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘nalishning bir qismi allaqachon quvurlarni yotqizishga tayyor holatga keltirilgan.

Afg‘oniston bilan munosabatlarning jadal rivojlanishi Markaziy Osiyo davlatlari oldiga o‘zaro muvofiqlashtirishni kuchaytirish vazifasini qo‘ymoqda. Bu amalga oshirilayotgan infratuzilmaviy tashabbuslarning siyosiy-iqtisodiy samaradorligini o‘zaro to‘ldiruvchi tarzda ta’minlash imkonini beradi.

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.