Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoga nigohi qayta tiklandimi?

Sharh

09 Aprel 2025

Ulashish

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoga nigohi qayta tiklandimi?

AQSH vitse-prezidenti J. D. Vensning jahon va Yevropa qit’asidagi xavfsizlik masalalarini qayta ko‘rib chiqish haqidagi Myunxen nutqi xavfsizlik tizimi masalalariga oid Yevropa qarashlarini qayta baholashga turtki bo‘lmoqda. Yevropa institutlari, yondashuvlari va qadriyat tizimi o‘z davomiyligini saqlab qoladi, biroq ularning kelajakdagi rivojlanishi AQShning cheklangan yoki minimal ishtiroki istiqbolini hisobga olgan holda tobora ko‘proq shakllanib boradi. Shu nuqtai nazardan, Yevropaning Xitoy, Hindiston, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari, shuningdek Yaqin Sharq va Kavkazga nisbatan siyosati o‘zgarishi kutilmoqda. Sharq va G‘arb o‘rtasida bog‘lovchi halqa vazifasini bajarishi mumkin bo‘lgan Kavkaz va Markaziy Osiyoga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu hududlarning geosiyosiy joylashuvi ularni Yevropa Ittifoqi uchun juda jozibador qiladi. Bu 4-aprelda Samarqandda Qo‘shma deklaratsiyani imzolash bilan yakunlangan “Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo” birinchi sammitida o‘z tasdig‘ini topdi.

 

Sammit yakunlari. Yevropa Ittifoqi “byurokratik mashinasi”ning to‘liq safarbar etilishi sammit natijalarini hamkorlikning yuqori tizimli darajasiga olib chiqish imkonini berdi. Tashqi ishlar vazirlari, ishchi guruhlar va yuqori darajadagi platformalarning muntazam uchrashuvlari shaklida ikki tomonlama hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

 

Rahbarlar iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish borasida tomonlarning intilishi qat’iy ekanini ta’kidladilar. Aytish joizki, Yevropa Ittifoqi savdo aylanmasi hajmi bo‘yicha Markaziy Osiyoda Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Shavkat Mirziyoyev sammitda ta’kidlaganidek, 2024-yilda ikki mintaqa o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 54 milliard yevroga yetgan. Bundan tashqari, sammit davomida Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasida mamlakatda Yevropa investitsiya bankining (YIB) mintaqaviy vakolatxonasini ochish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Bu mintaqaviy loyihalarga kiritilgan Yevropa sarmoyalari hajmi allaqachon Markaziy Osiyodagi umumiy xorijiy investitsiyalarning 40 foiziga yetganligi bilan bog‘liq. Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen raqamli aloqa, suv va energetika, shuningdek, muhim xomashyo sohalarida hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 12 milliard yevrolik Global Gateway yangi investitsiya dasturi ishga tushirilganini e’lon qildi.

 

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi “yashil” o‘tish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, energetika, barqaror qishloq xo‘jaligi kabi asosiy yo‘nalishlarda Markaziy Osiyo bo‘yicha Global strategiyasini (2019) davom ettirishga, shuningdek Erasmus+, Horizon Europe, Digital Education, Marie Skłodowska-Curie Actions orqali ta’lim dasturlarini qo‘llab-quvvatlashni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

 

Shuningdek, xavfsizlik sohasidagi hamkorlik, ya’ni terrorizm, ekstremizm, giyohvand moddalar savdosi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashni yaxshilash, hamda LEICA va BOMCA platformalari orqali chegaralar va migratsiyani boshqarish bo‘yicha maqsadlar belgilab olindi.

 

Yevrosiyo magistrali. Sammitda xalqaro savdoning asosiy transport tugunlarida tobora chuqurlashib borayotgan global parchalanish va geosiyosiy beqarorlik sharoitida keng qamrovli logistika yo‘nalishlari va ta’minot zanjirlari tarmog‘ini rivojlantirish alohida ahamiyatga ega ekani yana bir bor ta’kidlandi. Shu munosabat bilan Yevropa Ittifoqi uchun Markaziy Osiyo, Kaspiy va Qora dengizlar orqali Xitoyni Yevropa bilan bog‘laydigan O‘rta koridor nomi bilan mashhur bo‘lgan Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi (TXTY) eng katta qiziqish uyg‘otmoqda. Uni qo‘llab-quvvatlash uchun Yevropa institutlari 2024-yil yanvar oyida Bryusselda bo‘lib o‘tadigan investitsiya forumi doirasida 10 milliard yevro ajratishga va’da bergan. Global Gateway bu borada Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi infratuzilmaviy hamkorlikning asosiy vositasi sifatida tan olinmoqda. Shu tariqa, savdo endi eng qisqa yoki eng kam xarajatli yo‘nalishlarni izlashga muhtoj emas – noaniqlikka qarshi tura oladigan va strategik mustaqillikni mustahkamlaydigan eng ishonchli va siyosiy barqaror ta’minot zanjirlari zarur.

 

“Mintaqa-mintaqa” hamkorlik shakli. Sammit Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy integratsiya jarayonlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini, so‘nggi yillarda Yevropa tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar aniq mintaqaviy xususiyatga ega ekanligini namoyish etdi. Hamkorlik samaradorligini saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan barqaror ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish bilan bir qatorda, mintaqa davlatlari Ozarbayjon bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali C5+1 formatidan tashqariga chiqishi mumkin. Bunday hamkorlik Yevropa Ittifoqi oldida yangi “Yevropa Ittifoqining Transkaspiy sheriklik” dasturining Sharqiy yo‘nalishiga muqobil shakllanish imkoniyatini ochadi.

 

Shu bilan birga, tranzit yo‘laklari va energetik hamkorlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydigan Yevropaning alohida subhududlari bilan yanada manzilli hamkorlik qilish zarurati ortib bormoqda. Markaziy Osiyo allaqachon o‘zini mintaqaning faol iqtisodiy va sarmoyaviy hamkori sifatida ko‘rsatgan Boltiqbo‘yi mamlakatlari bilan barqaror aloqalarga ega. O‘zaro hamkorlikning mavjud tajribasi Shimoliy Yevropa davlatlari bilan sheriklik ufqlarini kengaytirish va hamkorlikni chuqurlashtirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishi, tashqi iqtisodiy aloqalarni xilma-xil qilish va ko‘p qirrali muloqotni mustahkamlashga yordam berishi mumkin.

 

Afg‘on dilemmasi. Global o‘zgarishlar sharoitida Yevropa Ittifoqi Afg‘onistonga nisbatan o‘z siyosatini qayta ko‘rib chiqishi mumkin. Yevropa Ittifoqining yaqin atrofida uning strategik ittifoqchisi AQSH Kobul bilan siyosiy aloqalarni asta-sekin tiklash alomatlarini ko‘rsatmoqda. Xususan, AQShning Afg‘onistondagi sobiq maxsus vakili Zalmay Xalilzod 2025-yil mart oyida Afg‘onistonga norasmiy tashrif buyurgan. Shunday bo‘lsa-da, Yevropa Ittifoqi bir necha sababga ko‘ra Kobulga nisbatan ehtiyotkorlikni saqlab qolmoqda:

 

Birinchidan, Yevropa Ittifoqi obro‘siga putur yetishidan xavotirda bo‘lishi mumkin. Tolibon harakati bilan muzokaralar va keyingi hamkorlik demokratik dunyo tomonidan tanqidga uchraydi deb taxmin qilinmoqda.

 

Ikkinchidan, Afg‘oniston bilan munosabatlarning tiklanishi Yevropa Ittifoqi ichki munozaralarining o‘zgarishiga olib kelishi mumkin, chunki saylovchilar Afg‘onistonda fuqarolik jamiyatini qurish masalasida Tolibon bilan bir xil fikrda emas.

 

Uchinchidan, hozirgi strategik ustuvorliklar nuqtai nazaridan Afg‘oniston Yevropa Ittifoqining qit’aviy siyosatidagi manfaatlariga katta ta’sir ko‘rsatmaydigan chekka hudud sifatida qabul qilinishi mumkin. Ammo Yevropa Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni chuqurlashtirish uchun ko‘proq e’tibor qaratsa, Afg‘oniston strategik ahamiyatga ega nuqta sifatida yangidan dolzarb bo‘lishi mumkin.

 

Shu nuqtai nazardan, Yevropa Ittifoqi Afg‘oniston bilan uchinchi tomon vositachiligi orqali muloqot qilish strategiyasini tanlashi mumkin. O‘zbekiston esa bunday vositachilik uchun eng mos platforma hisoblanadi. Yevropa davlatlari Afg‘onistonda barqarorlik va taraqqiyotni, eng avvalo, iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashdagi umumiy manfaatlarni hisobga olgan holda, Toshkentning Afg‘oniston masalasidagi asosiy rolini tan oladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” birinchi sammitida Afg‘onistonni asosiy mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb etish zarurligi to‘g‘risida bildirgan g‘oyalari Yevropaning nuqtai nazariga mos keladi. Bunday tashabbuslar Yevropa moliya institutlarining Afg‘oniston hududidagi investitsiya loyihalariga e’tiborini jalb qilishi mumkin, bu esa mamlakat iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ladi.

 

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.