Ommaviy axborot vositalarida chiqishlar

outputs_in

Ommaviy axborot vositalarida chiqishlar

03 Iyun 2025

Odilbek Manabov O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

IXTI yetakchi ilmiy xodimi Odilbek Manabov “O‘zbekiston 24” telekanalining “Xalqaro nigoh” ko‘rsatuvida ishtirok etib, O‘zbekistonning Italiya bilan strategik sherikligini rivojlantirishning dolzarb jihatlari haqida batafsil fikr bildirdi. Suhbat davomida Manabov so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik ham siyosiy, ham iqtisodiy sohalarda sezilarli darajada kengaygani va chuqurlashganini ta’kidladi.   Mutaxassisning qayd etishicha, o‘tgan yil davomida aynan Italiya Yevropa Ittifoqidan O‘zbekistonga eng ko‘p sayyoh tashrif buyurgan mamlakat bo‘ldi. Uning tushuntirishicha, buning sababi nafaqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar, balki o‘zbek madaniy-tarixiy merosining italiyalik ziyoratchilar orasida tobora ommalashib borayotgani bilan ham bog‘liq.   Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni bilan Samarqandda o‘tkazgan uchrashuvi tahlil qilindi. Manabovning ta’kidlashicha, muzokaralar yakunida investitsiyalar, turizm, ekologiya va ta’lim sohalarida bir qator muhim kelishuvlar imzolandi. Tomonlarning barqaror rivojlanish ustuvorliklariga mos keladigan suv resurslarini saqlash va cho‘llanishga qarshi kurashga qaratilgan qo‘shma ekologik loyihalarni rivojlantirish niyati alohida qayd etildi.   Ta’lim sohasida akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi – Italiya universitetlari o‘zbekistonlik talabalar va aspirantlar uchun qo‘shimcha grantlar ajratadi, O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari esa o‘qituvchilar almashinuvi va amaliyot o‘tashni qo‘llab-quvvatlaydi.   Uning so‘zlariga ko‘ra, imzolangan bitimlarning kelgusi oylarda samarali amalga oshirilishi iqtisodiy o‘sishni mustahkamlashga, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga hamda ta’lim va madaniy almashinuvlar orqali yoshlar uchun imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Ommaviy axborot vositalarida chiqishlar

13 May 2025

Markaziy Osiyo integratsiyasi masalalari bo‘yicha dolzarb suhbat: Nargiza Umarova ishtirokidagi podkast efirda

Markaziy Osiyoning bugungi integratsiya jarayonlari va mintaqaviy hamkorlik istiqbollari mavzusiga bag‘ishlangan navbatdagi podkast efirga uzatildi. Ushbu dasturda mehmon sifatida IXTI katta ilmiy xodimi Nargiza Umarova ishtirok etdi. U o‘zining sohaga oid tajribasi va tahlillari bilan tinglovchilarga Markaziy Osiyodagi integratsiya holatining bugungi manzarasi va uning siyosiy-iqtisodiy jihatlari haqida chuqur fikrlar taqdim etdi.   Podkast davomida ekspertlar va mutaxassislar ishtirokida olib borilgan suhbatlarda integratsiya masalasi romantik tarixiy qarashlardan tashqariga chiqib, aniq geosiyosiy va iqtisodiy realiyalar kontekstida tahlil qilindi. Jumladan, dastlabki daqiqalarda Markaziy Osiyo integratsiyasining faqat bugungi holat emas, balki muzlatilgan bosqichlari ham muhokama qilinib, bu jarayonning sabab va oqibatlari atroflicha yoritildi.   Suhbat ishtirokchilari Ozarbayjonning mintaqaviy iqtisodiy manfaatlari, Afg‘onistondagi siyosiy vaziyat va Tolibon harakati bilan bo‘layotgan aloqalarga ham to‘xtalib o‘tishdi. Ayniqsa, Afg‘oniston bilan suv resurslari masalasidagi muzokaralar va kelajakdagi infratuzilma loyihalari Markaziy Osiyo davlatlari uchun qanday strategik ahamiyat kasb etishi tahlil qilindi.   Podkastda, shuningdek, transport koridorlari masalasi, ayniqsa O‘zbekistonning mintaqadagi logistika salohiyati haqida muhim mulohazalar ilgari surildi. Mutaxassislar fikricha, O‘zbekistonning geostrategik joylashuvi uni transmilliy transport tizimlarida markaziy o‘yinchiga aylantirmoqda.   Dastur yakunida Nargiza Umarova hamda boshqa mutaxassislar integratsiya jarayonlari uchun zarur bo‘lgan siyosiy iroda, iqtisodiy manfaatlarning uyg‘unligi va tashqi kuchlarning ta’siri haqida o‘zlarining umumiy xulosalarini bildirishdi.   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Ommaviy axborot vositalarida chiqishlar

06 May 2025

Pokiston va Hindiston urushi: HA yoki YO‘Q?

Xalqaro munosabatlar va geosiyosiy tahdidlarni chuqur tahlil qilishga bag‘ishlangan intervyuda IXTI Afg‘oniston va Janubiy Osiyoni o‘rganish markazi rahbari Hamza Boltayev mintaqadagi keskinlik manbalariga oid muhim fikrlarini bildirdi. Intervyu davomida, shuningdek, Kashmir masalasining dolzarbligi, Afg‘onistonning bu jarayonga bevosita va bilvosita aloqalari va Eron atrofidagi keskinlik fonida yuzaga kelayotgan xavf-xatarlar tahlil qilindi.   Hamza Boltayevning ta’kidlashicha, Pokiston va Hindiston o‘rtasidagi tarixiy ziddiyatlar, ayniqsa Kashmir mojarosi, bugungi kunda ham Markaziy va Janubiy Osiyoda xavfsizlik muvozanatini izdan chiqarmoqda. Tomonlarning har ikkisi yadro qurollariga ega ekani mojaroni bevosita harbiy to‘qnashuvga aylantirish xavfini oshirmoqda.   Xitoyning mintaqadagi roliga alohida e’tibor qaratildidi. Xitoy uzoq yillardan buyon Pokiston bilan “temir birodarlik” deb ataluvchi yaqin strategik sheriklikni saqlab kelmoqda. Bu aloqalar harbiy-texnik hamkorlik va diplomatik qo‘llab-quvvatlash shaklida namoyon bo‘ladi. Xitoy Hindiston bilan esa asosan chegaraviy nizolar, savdo mojarolari va regional liderlik uchun raqobat kontekstida murakkab aloqalarga ega. Shu sababli, Xitoy Kashmir masalasida Pokistonga yaqin turadi va Hindistonning bu hududdagi harakatlarini tanqid qilgan hollari bor. Bu esa, mintaqadagi geosiyosiy kuchlar muvozanatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.   Eronni o‘rab turgan geosiyosiy tanglik ham intervyuda alohida urg‘u bilan yoritildi. G‘arb bilan munosabatlarning yomonlashuvi, Yaqin Sharqdagi harbiy to‘qnashuvlar, hamda Tehronning harbiy imkoniyatlari mintaqadagi boshqa mojarolarni ham kuchaytirishi mumkin. Mutaxassisga ko‘ra, Eron atrofidagi beqarorlik Pokiston va Hindiston uchun ham geosiyosiy muvozanatni hisobdan chiqarmaslik zaruratini keltirib chiqarmoqda. Ayniqsa, Pokistonning Eronga qo‘shni bo‘lishi, uni bu mojarolarda bilvosita ishtirokchi sifatida ko‘rsatadi.   Hamza Boltayev intervyuda yirik davlatlarning bu mojaro va mintaqaviy ziddiyatlarga bo‘lgan yondashuvi turli manfaatlar, strategiyalar va tarixiy aloqalarga asoslanganini ta’kidladi. Bu esa, Kashmir atrofidagi har qanday keskinlik mintaqaviy emas, balki global geosiyosiy raqobat maydoniga aylanishi mumkinligini ko‘rsatadi.   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Ommaviy axborot vositalarida chiqishlar

30 Aprel 2025

Zangezur yo‘lagi strategik tashabbus bo‘lib, uni Markaziy Osiyoning barcha davlatlari qo‘llab-quvvatlamoqda

Ozarbayjon davlat axborot agentligi AZERTAJ saytida Nargiza Umarova bilan batafsil suhbat e’lon qilindi. Unda Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi transport-logistika aloqalarining hozirgi rivojlanish tendensiyalari, jumladan, Ozarbayjon, O‘zbekiston va boshqa mintaqaviy ishtirokchilarning shakllanayotgan O‘rta yo‘lakdagi o‘rni atroflicha yoritilgan   Suhbatda Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagining ahamiyati, shuningdek, Umarova ta’kidlaganidek, Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari qo‘llab-quvvatlaydigan tashabbus – Zangezur yo‘lagining istiqbollariga alohida e’tibor qaratilgan. O‘zbekiston kabi davlatlar uchun dengizga chiqish imkoniyati cheklangan sharoitda bu yo‘nalishlar oddiy infratuzilma loyihalari emas, balki strategik mustaqillik, eksport raqobatbardoshligini oshirish va jahon bozorlariga chiqish vositasiga aylanmoqda   Suhbatda O‘zbekistonning transport oqimlarini xilma-xil qilishdagi, jumladan, Pokistonning Hind okeani portlariga chiqadigan Transafg‘on yo‘lagini rivojlantirishdagi o‘rni ham ochib berilgan. Umarova ta’kidlashicha, ushbu yo‘nalishlar nafaqat mintaqaviy aloqadorlikni mustahkamlaydi, balki Markaziy va Janubiy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Yevropani qamrab oluvchi Yevroosiyo integratsiyasining yangi modeli uchun zamin yaratadi   Suhbat yakunida Nargiza Umarova CASCA+ multimodal yo‘lagi va Kaspiy dengizidagi port infratuzilmasini rivojlantirish kabi energetika va logistika tashabbuslarining muhimligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, ushbu loyihalar mintaqalar o‘rtasidagi barqaror iqtisodiy hamkorlik va sheriklikning yangi darajasi uchun poydevor yaratadi   Suhbatni AZERTAJda o‘qing   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.