Yetakchi ilmiy xodim
Mehriniso Abdurasulova (O‘zbekiston) – Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) Osiyo-Tinch okeani mintaqasini o‘rganish markazining yetakchi ilmiy xodimi. Bu lavozimda Abdurasulova Osiyo-Tinch okeani mintaqasining dolzarb masalalari, ushbu mintaqa va O‘zbekiston o‘rtasidagi xalqaro munosabatlar bo‘yicha tadqiqotlar olib borish, tahliliy maqolalar, materiallar, ma’lumotnomalar, ilmiy ishlar va hisobotlarni tayyorlash hamda nashr etish uchun mas’uldir. Shuningdek, u xorijiy grantlarni jalb qilish vazifasini ham bajaradi.
Bundan tashqari, M. Abdurasulova Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha xalqaro tashkilotlar va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan konferensiyalar, simpoziumlar va davra suhbatlarini tashkil etadi. Hozirgi lavozimiga tayinlanishidan oldin u O‘zbekiston Respublikasi Senati Xalqaro departamentida referent bo‘lib ish olib borgan, u yerda hukumat delegatsiyalari va investorlar uchun yozma va sinxron tarjima bilan shug‘ullangan. 2018-yildan beri u mahalliy sayyohlik agentligining ham egasi hisoblanadi. 2022-yildan boshlab u IXTIda Yaponiya tadqiqotlari dasturiga rahbarlik qilmoqda.
Abdurasulova Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining xalqaro munosabatlar yo‘nalishi bo‘yicha imtiyozli bakalavr darajasiga (2019) ega bo‘lib, hozirda Tsukuba universitetida (Yaponiya) gumanitar va ijtimoiy fanlar doirasida xalqaro ommaviy siyosat bo‘yicha doktorlik (PhD) dasturida tahsil olmoqda. Uning ilmiy qiziqishlari sharqshunoslik, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarining Markaziy Osiyodagi tashqi siyosati, Yaponiya va Markaziy Osiyo munosabatlari, xorijiy investitsiyalar va turizmni qamrab oladi.
E-mail: m.abdurasulova@iais.uz