outputs_in

Sharh

24 Iyun 2026

Turkiy davlatlar tashkiloti integratsiyasi va Markaziy Osiyo integratsiyasi: o‘zaro raqobat yoki to‘ldiruvchan hamkorlik?

Muallif: Zulxumor Maxmudova, JIDU tayanch doktoranti XXI asrning ikkinchi o‘n yilligidan boshlab Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va integratsiya jarayonlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, O‘zbekiston tashqi siyosatida yuz bergan transformatsiyalar mintaqa davlatlari o‘rtasidagi siyosiy muloqotni faollashtirib, Markaziy Osiyo integratsiyasining yangi modelini shakllantirdi. Shu bilan bir qatorda, Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT) ham oddiy madaniy-gumanitar platformadan siyosiy, iqtisodiy va geostrategik hamkorlikning muhim institutiga aylanib bormoqda. Mazkur ikki integratsion jarayonning parallel rivojlanishi ilmiy doiralarda muhim savolni yuzaga chiqarmoqda: TDT va Markaziy Osiyo integratsiyasi o‘zaro raqobatlashuvchi loyihalarmi yoki ular turli darajadagi siyosiy integratsiyaning bir-birini to‘ldiruvchi shakllarimi? Ko‘plab tadqiqotchilar Markaziy Osiyo integratsiyasini geografik yaqinlikka asoslangan hududiy integratsiya modeli sifatida baholaydilar. Haqiqatan ham, mintaqa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik umumiy tarixiy taraqqiyot, xavfsizlik muammolari, ekologik tahdidlar, suv resurslaridan foydalanish va iqtisodiy bog‘liqlik kabi omillarga asoslanadi. 2018-yildan boshlab muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy siyosiy muloqotning asosiy maydoniga aylandi. Ayniqsa, 2024-yilda Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan VI Maslahat uchrashuvida “Markaziy Osiyo – 2040” taraqqiyot konsepsiyasining qabul qilinishi mintaqa davlatlari o‘rtasidagi siyosiy yaqinlashuvning yangi bosqichga ko‘tarilganligini ko‘rsatdi. Ushbu hujjat mintaqaviy hamkorlikning uzoq muddatli strategik yo‘nalishlarini belgilab berdi hamda siyosiy muloqot, iqtisodiy hamkorlik va xavfsizlik masalalarida umumiy yondashuvlarni shakllantirishga qaratildi. Biroq Markaziy Osiyo integratsiyasining o‘ziga xos xususiyati shundaki, u hali to‘liq institutsionallashmagan. Mintaqada Yevropa Ittifoqi, ASEAN yoki hatto TDTga o‘xshash doimiy kotibiyat, parlament yoki maxsus integratsion organlar mavjud emas. Qarorlar asosan davlat rahbarlari darajasidagi siyosiy muloqot va konsensus asosida qabul qilinadi. Bu holat bir tomondan integratsiyaning moslashuvchanligini ta’minlasa, ikkinchi tomondan uning institutsional barqarorligini cheklab qo‘ymoqda. Shu sababli Markaziy Osiyo integratsiyasini hozirgi bosqichda siyosiy konsolidatsiya va mintaqaviy ishonchni mustahkamlash modeli sifatida tavsiflash mumkin. Turkiy Davlatlar Tashkiloti esa siyosiy integratsiyaning boshqa modelini namoyon etadi. Agar Markaziy Osiyo integratsiyasi geografik yaqinlikka asoslansa, TDT umumiy tarix, til, madaniyat va turkiy o‘zlik omillariga tayanadi. Bu jihatdan TDT hududiy emas, balki transregional integratsiya modelini ifodalaydi. Tashkilot tarkibiga Markaziy Osiyo davlatlaridan tashqari Turkiya va Ozarbayjon ham kirishi uning geografik qamrovini sezilarli darajada kengaytiradi. Shu sababli TDTni faqat mintaqaviy tashkilot sifatida emas, balki turkiy dunyo miqyosidagi siyosiy hamkorlik platformasi sifatida baholash mumkin. Shu o‘rinda muhim savol tug‘iladi: TDTning rivojlanishi Markaziy Osiyo integratsiyasiga tahdid soladimi? Rossiya, Yevropa va AQSh ekspertlik doiralarida TDT hamda Markaziy Osiyo integratsiyasi o‘rtasidagi munosabatlarga nisbatan turli yondashuvlar mavjud. Rossiyalik tadqiqotchilar V.Avatkov, A.Lukin va boshqa ekspertlar TDTning kuchayishini Yevroosiyoda shakllanayotgan yangi mintaqaviy hamkorlik formatlaridan biri sifatida baholaydilar. Ularning fikricha, TDT turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni institutsional jihatdan mustahkamlayotgan bo‘lsa-da, yaqin istiqbolda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi yoki MDH kabi tuzilmalarga muqobil geosiyosiy markazga aylanish salohiyatiga ega emas. Shu bilan birga, ayrim rossiyalik ekspertlar TDTning siyosiy va iqtisodiy faollashuvi Markaziy Osiyoda Turkiyaning ta’sirini kuchaytirishi mumkinligini ta’kidlaydilar. G‘arb ekspertlari orasida esa boshqa yondashuv ustunlik qiladi. AQSh va Yevropa tadqiqot markazlari TDTni ko‘proq mintaqaviy hamkorlik va transport bog‘liqligini rivojlantirishga xizmat qiluvchi platforma sifatida baholaydilar. Ularning fikricha, tashkilotning kuchayishi Markaziy Osiyo davlatlarining xalqaro maydondagi siyosiy subyektligini mustahkamlash kengaytiradi va mintaqaning biror geosiyosiy markazga haddan tashqari qaram bo‘lib qolishining oldini oladi. Ayniqsa, Yevropa ekspertlari TDTni Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi va O‘rta koridorning rivojlanishi bilan bog‘liq holda tahlil qilib, uni Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi yangi geoiqtisodiy bog‘liqlikning muhim elementi sifatida ko‘rmoqdalar. Shu bilan birga, AQShning ayrim strategik markazlari Markaziy Osiyo integratsiyasini mintaqa davlatlarining siyosiy subyektligini mustahkamlovchi omil sifatida baholaydi. Ularning fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqada mustaqil siyosiy kun tartibini shakllantirishga xizmat qilmoqda. TDT esa ushbu jarayonni kengroq turkiy makonda qo‘llab-quvvatlovchi qo‘shimcha platforma vazifasini bajarmoqda. Shuning uchun G‘arb ekspertlarining aksariyati TDT va Markaziy Osiyo integratsiyasini o‘zaro raqobatlashuvchi emas, balki turli darajadagi integratsion mexanizmlar sifatida talqin qiladilar. Mazkur yondashuvlarni qiyosiy tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, Rossiya ekspertlari ko‘proq geosiyosiy oqibatlarga e’tibor qaratayotgan bo‘lsalar, Yevropa va AQSh tadqiqotchilari TDT hamda Markaziy Osiyo integratsiyasini transport bog‘liqligi, iqtisodiy diversifikatsiya va mintaqaviy barqarorlik nuqtai nazaridan baholamoqdalar. Biroq har uchala ekspertlik maktabida ham TDT va Markaziy Osiyo integratsiyasi o‘rtasidagi munosabatlarni to‘liq raqobat modeli orqali izohlash tobora qiyinlashib borayotgani e’tirof etilmoqda. Birinchidan, TDTga a’zo Markaziy Osiyo davlatlari bir vaqtning o‘zida mintaqaviy maslahatlashuv formatlarining ham faol ishtirokchilari hisoblanadi. O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Markaziy Osiyo integratsiyasining ham, TDTning ham asosiy ishtirokchilari sifatida maydonga chiqmoqda. Agar mazkur ikki loyiha o‘zaro raqobatlashayotgan bo‘lsa, davlatlar ulardan birini tanlashga majbur bo‘lar edi. Amalda esa bunday holat kuzatilmayapti. Ikkinchidan, TDT va Markaziy Osiyo integratsiyasi turli siyosiy funksiyalarni bajaradi. Markaziy Osiyo integratsiyasi mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash, qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash va umumiy muammolarni hal qilishga qaratilgan. TDT esa ushbu hamkorlikni kengroq geosiyosiy makonga olib chiqadi. Boshqacha aytganda, Markaziy Osiyo integratsiyasi “ichki siyosiy konsolidatsiya” vazifasini bajarsa, TDT “tashqi siyosiy proyeksiya” funksiyasini amalga oshirmoqda. Bu holat O‘zbekiston tashqi siyosatida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Prezident Sh. Mirziyoyev so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo hamkorligini O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab kelmoqda. Shu bilan birga, TDT sammitlarida ham faol tashabbuslar ilgari surib, tashkilotning iqtisodiy va siyosiy salohiyatini kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu esa O‘zbekistonning ushbu ikki integratsion platformani bir-biriga qarama-qarshi emas, balki o‘zaro bog‘liq mexanizmlar sifatida ko‘rayotganidan dalolat beradi. Neoliberal institutsionalizm nuqtai nazaridan qaralganda, TDT va Markaziy Osiyo integratsiyasi davlatlar manfaatlarini muvofiqlashtirishning turli darajadagi institutlari hisoblanadi. Markaziy Osiyo formati mintaqa ichidagi ishonch va hamkorlikni shakllantirayotgan bo‘lsa, TDT ushbu hamkorlikni institutsional jihatdan mustahkamlash va xalqaro maydondagi ta’sirini kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Konstruktivistik yondashuv nuqtai nazaridan esa Markaziy Osiyo integratsiyasi hududiy identiklikni mustahkamlayotgan bo‘lsa, TDT turkiy o‘zlik va umumiy tarixiy xotira asosida kengroq siyosiy hamjamiyat shakllantirmoqda. Xulosa qilib aytganda, Turkiy Davlatlar Tashkiloti va Markaziy Osiyo integratsiyasi o‘rtasidagi munosabatlarni “raqobat” tushunchasi orqali izohlash tobora qiyinlashib bormoqda. Zamonaviy siyosiy jarayonlar ushbu ikki integratsion formatning turli vazifalarni bajarishini ko‘rsatmoqda. Markaziy Osiyo integratsiyasi mintaqaviy siyosiy birdamlik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilayotgan bo‘lsa, TDT ushbu birdamlikni kengroq turkiy makonda siyosiy hamkorlik va xalqaro ta’sir imkoniyatlariga transformatsiya qilmoqda. Shu sababli ularni alternativ loyihalar sifatida emas, balki ko‘p darajali siyosiy integratsiyaning o‘zaro bog‘liq va bir-birini to‘ldiruvchi elementlari sifatida baholash ilmiy jihatdan asosliroq hisoblanadi. Aynan shunday yondashuv O‘zbekistonning milliy manfaatlari, ko‘p vektorli tashqi siyosati va mintaqaviy diplomatiyasining mazmunini to‘liq aks ettiradi. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; buyerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Sharh

22 Iyun 2026

Muloqotdan amaliyotga: Frank-Valter Shtaynmayerning O‘zbekistonga tashrifi nimani anglatadi?

Muallif: Jasurbek Xamrakulov, JIDU talabasi, IXTI amaliyotchisi Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer 2026-yil 17–18-iyun kunlari Osiyo bo‘ylab safari doirasida O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi. Tashrif O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlar rivojida muhim bosqich bo‘lib, mamlakatda amalga oshirilayotgan pragmatik iqtisodiy islohotlar hamda Germaniyaning ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish, mehnat hamkorligini kengaytirish va “yashil” transformatsiya loyihalarini rivojlantirishga bo‘lgan qiziqishi fonida amalga oshirildi. Germaniya 1992-yilda diplomatik aloqalar o‘rnatilganidan buyon O‘zbekistonning eng ishonchli Yevropa hamkorlaridan biri bo‘lib kelmoqda. So‘nggi yillarda ikki tomonlama savdo hajmi qariyb 1,2–1,4 milliard yevroga yetdi. Bunda Germaniyadan mashina va uskunalar, transport vositalari hamda farmatsevtika mahsulotlari eksporti asosiy o‘rinni egallaydi. Bugungi kunda O‘zbekistonda nemis kapitali ishtirokidagi 225 dan ortiq korxona faoliyat yuritayotgani iqtisodiy hamkorlikning tobora chuqurlashib borayotganini ma’lum qiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga tashriflari va Federal kansler Olaf Sholsning 2024-yilda O‘zbekistonga qilgan tashrifi kabi oliy darajadagi muloqotlar bugungi hamkorlik bosqichi uchun mustahkam zamin yaratdi. Tashrif O‘zbekistonning xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan eng yirik maydonlaridan biri bo‘lgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF) doirasida bo‘lib o‘tdi. Shu nuqtai nazardan, Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Frank-Valter Shtaynmayer o‘rtasidagi muzokaralarda savdo, investitsiyalar, ta’lim, mehnat migratsiyasi hamda barqaror rivojlanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Muzokaralar yakunida ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi Qo‘shma bayonot qabul qilindi. Tashrifning eng muhim amaliy natijalaridan biri qator qo‘shma iqtisodiy loyihalarning ishga tushirilishi bo‘ldi. Xususan, Toshkentda “Volkswagen” avtomobillarini yirik uzelli yig‘ish korxonasini tashkil etish, Andijon viloyatida logistika markazini barpo etish hamda maishiy yuvish vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Ushbu tashabbuslar siyosiy muloqotdan amaliy sanoat hamkorligi va texnologiyalar transferiga o‘tilayotganini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, inson kapitalini rivojlantirish va kasbiy ta’lim masalalari ham kun tartibidan muhim o‘rin oldi. Tomonlar temiryo‘l sohasi mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar. Bu yo‘nalish O‘zbekiston transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va mintaqaviy bog‘liqlikni kuchaytirish sharoitida tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, zamonaviy imtihon va sertifikatlashtirish markazlarini tashkil etish rejalari e’lon qilindi. Mazkur tashabbuslar mutaxassislar malakasini oshirish, ularning ichki va tashqi mehnat bozorlarida raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qiladi. Bu esa O‘zbekiston–Germaniya munosabatlarida ta’lim, malaka oshirish va mehnat mobilligining ahamiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi. Muzokaralar davomida O‘zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan moliyaviy kelishuvlarga ham erishildi. Germaniya institutlari barqaror shahar rivoji, ekologik boshqaruv va infratuzilmani modernizatsiya qilish loyihalari uchun grantlar hamda imtiyozli moliyalashtirish mexanizmlarini taqdim etishga tayyorligini bildirdi. Bu tashabbuslar O‘zbekistonning “Strategiya–2030” maqsadlari hamda Germaniyaning hamkor davlatlarda ekologik barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash siyosati bilan uyg‘unlashadi. Iqtisodiy hamkorlik bilan bir qatorda, tashrif madaniy-gumanitar aloqalarning ahamiyatini ham namoyon etdi. Tashrif dasturi doirasida Prezident Shtaynmayer Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Germaniya ishtirokidagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning ko‘p qirrali xususiyat kasb etayotganini ko‘rsatdi. Tashrifning asosiy ahamiyati uning amaliy natijalarga yo‘naltirilganidadir. Avtomobilsozlik, logistika, kasbiy ta’lim va barqaror rivojlanish sohalarida erishilgan kelishuvlar iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishning aniq mexanizmlarini yaratmoqda. Shu bilan birga, mehnat mobilligi va kadrlar tayyorlashga oid tashabbuslar Germaniyaning malakali ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qilsa, O‘zbekiston uchun inson kapitalini rivojlantirish va yangi mehnat imkoniyatlarini yaratishga yordam beradi. Frank-Valter Shtaynmayerning O‘zbekistonga tashrifi Germaniyaning Markaziy Osiyoga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini, shuningdek, O‘zbekistonning Yevropa uchun muhim hamkor sifatidagi mavqei mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi. Erishilgan kelishuvlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi, strategik bosqichga olib chiqishi mumkin. Eng muhimi, ushbu tashrif O‘zbekistonning Germaniyaning Markaziy Osiyodagi asosiy hamkorlaridan biriga aylanib borayotganini tasdiqlaydi hamda Yevropaning mintaqadagi ishtirokini kengaytirish uchun qulay sharoit yaratadi. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Sharh

26 May 2026

O‘zbekiston-АQSh migratsiya muloqoti: yangi imkoniyatlar va strategik yondashuvlar

АQSh bilan migratsiya sohasidagi yangi muloqotlar O‘zbekiston tashqi mehnat siyosatida sifat jihatidan yangi bosqich boshlanayotganini kO‘rsatadi. Eʼtiborli jihati shundaki, mazkur hamkorliklar faqat mehnat eksportini oshirishga emas, balki inson kapitalini xalqaro standartlar asosida tayyorlashga qaratilmoqda. Nyu-Yorkdagi International Migration Review Forum (IMRF) doirasida O‘tgan uchrashuvlar O‘zbekistonning global migratsiya kun tartibida tobora faol ishtirokchiga aylanayotganini namoyon qildi. Аyniqsa, migratsiyani “iqtisodiy zarurat” emas, “inson kapitaliga investitsiya” sifatida talqin qilinishi zamonaviy migratsiya siyosatining muhim kontseptual O‘zgarishidir. Bu yondashuv mehnat migratsiyasini faqat valyuta tushumi yoki ishsizlikni yumshatish vositasi sifatida emas, balki milliy kadrlar salohiyatini xalqaro mehnat bozori talablariga integratsiya qilish mexanizmi sifatida kO‘rishni anglatadi.  АQShning tibbiyot, transport va agrosanoat sohalari bilan O‘rnatilayotgan institutsional hamkorliklar bir necha strategik vazifani hal qiladi. Birinchidan, migrantlarning kasbiy va til kompetentsiyalarini oshirish orqali raqobatbardosh kadrlar tayyorlanadi. Ikkinchidan, noqonuniy migratsiya xavflari qisqaradi, chunki rasmiy va maqsadli rekruting kanallari kengayadi. Uchinchidan, O‘zbekistonlik mehnat migrantlarining huquqiy himoyasi masalasi ikki tomonlama muloqotning markaziga chiqmoqda. Shu bilan birga, mazkur jarayon O‘zbekiston tashqi siyosatida “mehnat diplomatiyasi” tushunchasining shakllanayotganini ham anglatadi. Bugun migratsiya masalasi faqat ijtimoiy yoki iqtisodiy emas, balki geosiyosiy va demografik omilga ham aylanib bormoqda. АQSh kabi yuqori malakali mehnat bozoriga chiqish imkoniyatlari O‘zbekiston uchun inson resurslarini global qiymat zanjiriga integratsiya qilish imkonini beradi. 18–19 may kunlari Toshkent shahri xalqaro migratsiya masalalari bO‘yicha muhim muloqot maydoniga aylandi. “Toshkent xalqaro migratsiya forumi – 2026” doirasida dunyoning qariyb 50 ta davlatidan kelgan 600 dan ortiq ekspert, rasmiy va xalqaro tashkilotlar vakillari bir maydonda jam bO‘ldi. Toshkentda Xalqaro migratsiya forumini O‘tkazish tashabbusi esa mamlakatning Markaziy Osiyoda migratsiya siyosatini shakllantiruvchi mintaqaviy platformaga aylanish niyatini kO‘rsatadi. Migratsiya agentligi direktori Behzod Musaev forumidagi nutqida: “migratsiya masalasi bugun faqat mehnat bozori yoki iqtisodiy jarayon emas, balki inson qadri, ishonch va umumiy masʼuliyat masalasiga aylangan”-, deya taʼkidladi. Bugungi global sharoitda davlatlar faqat chegaralar bilan emas, balki ishonch, hamkorlik va inson qadriga munosabat bilan ham baholanadi. O‘zbekiston esa aynan shu tamoyil asosida yangi migratsiya siyosatini shakllantirishga harakat qilmoqda. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Sharh

19 May 2026

O‘zbekistonning TDTdagi ishtirokining texnologik yo‘nalishi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2026 yil 15 may kuni Turkistonda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) norasmiy sammitidagi ishtiroki O‘zbekistonning TDTga nisbatan siyosati evolyutsiyasida yangi bosqichni boshlab berdi hamda tashkilotning texnologik kun tartibini faol shakllantirish sari o‘tishni namoyon etdi. 2020 yildan boshlab Toshkent turkiy integratsiya makonidagi ishtirokini izchil ravishda kengaytirib bordi va unga tobora yaqqol pragmatik mazmun berdi. 2022 yilgi Samarqand sammiti O‘zbekistonning tashkilot kun tartibini shakllantiruvchi markazlardan biri sifatidagi o‘rnini mustahkamladi. 2026 yilgi Turkiston sammiti esa ushbu tendensiyani sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi, chunki O‘zbekiston TDTning raqamli strategiyasi me’morlaridan biri sifatida namoyon bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev tomonidan sammitda ilgari surilgan “Raqamli turkiy koridor”, Turkiy kiberxavfsizlik alyansi, iqlim xatarlarini sun’iy yo‘ldosh orqali monitoring qilish tizimi, qo‘shma venchur jamg‘armasi va boshqa tashabbuslar o‘zining turli yo‘nalishlariga qaramay yagona mantiq bilan birlashadi. O‘zbekiston turkiy integratsiyani bosqichma bosqich infratuzilmaviy jihatdan ta’minlangan, texnologik jihatdan zamonaviy va institutsional jihatdan yetuk hamkorlik tizimiga aylantirish tarafdori bo‘lib chiqmoqda. E’tiborlisi shundaki, har bir tashabbus mavjud milliy salohiyatga tayanadi, jumladan data markazlariga kiritilgan olti milliard dollar investitsiya yoki amalda faoliyat yuritayotgan “E-permit” tizimi bunga misol bo‘la oladi. Umuman olganda, Turkistonda bo‘lib o‘tgan sammit TDT doirasida O‘zbekiston Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosiy doktrinasiga xos bo‘lgan tamoyilni izchil amalga oshirayotganini ko‘rsatdi. Mazkur tamoyil ko‘p vektorli hamkorlikni aniq mexanizmlar bilan mustahkamlash hamda uni TDT makonining barqaror mintaqaviy rivojlanishiga aylantirish qobiliyatini o‘z ichiga oladi. Shu tariqa Tashkilot tobora ko‘proq qardosh davlatlar o‘rtasidagi savdo iqtisodiy, yuqori texnologik, raqamli hamda madaniy gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi maydonga aylanib bormoqda. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Sharh

09 May 2026

Samarqand Yevrosiyoning yangi iqtisodiy kelajagini shakllantirish maydoniga aylandi

Samarqand shahri yana bir bor xalqaro siyosiy va iqtisodiy muloqotning muhim markazlaridan biri sifatidagi maqomini tasdiqladi. 2026 yil may oyining boshida Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59 yillik yig‘ilishi o‘tkazilgani nafaqat yirik xalqaro voqea, balki Yangi O‘zbekistonning jahon maydonidagi ortib borayotgan nufuzining ramziga aylandi. “Progress chorrahalari va mintaqaning o‘zaro bog‘langan kelajagini ilgari surish” shiori ostida o‘tgan forumda yuzdan ortiq davlatdan to‘rt mingdan ziyod vakillar, jumladan xalqaro ekspertlar, hukumat vakillari, moliyaviy institutlar hamda biznes doiralari ishtirok etdi. Tadbirning ko‘lami xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga va mamlakatning mintaqaviy hamkorlikning yangi me’morchiligini shakllantirishdagi roliga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Forum doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi alohida e’tiborni tortdi. Unda mamlakat islohotlar siyosatining asosiy natijalari bayon etildi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etmoqda. 2016 yildan buyon mamlakatga qariyb 150 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilindi, yalpi ichki mahsulot hajmi deyarli uch barobar oshdi, kambag‘allik darajasi esa sezilarli kamaydi. Ushbu ko‘rsatkichlar davlat boshqaruvining tizimli modernizatsiyasi, iqtisodiyotni liberallashtirish va xalqaro hamkorlikning kengayishini aks ettirmoqda. O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasidagi hamkorlikning sifat jihatidan rivojlanishi ham muhim ahamiyatga ega. O‘ttiz yil davomida hamkorlik alohida infratuzilmaviy loyihalardan kompleks strategik sheriklik modeliga aylandi. Amalga oshirilgan va davom etayotgan loyihalarning umumiy portfeli qariyb 16 milliard dollarga yetdi. Samarqandda imzolangan “O‘zbekiston va OTB 2030 yilgacha” hamkorlik dasturi esa 12,5 milliard dollar miqdoridagi moliyalashtirishni nazarda tutadi. Hamkorlikning hozirgi bosqichidagi muhim jihatlardan biri uzoq muddatli texnologik va infratuzilmaviy transformatsiyalarga yo‘naltirilganidir. Prezident tomonidan belgilangan strategik yo‘nalishlar orasida raqamli transformatsiya, sun’iy intellektni rivojlantirish, “yashil” energetikaga o‘tish, strategik mineral resurslarni rivojlantirish hamda mintaqaviy bog‘liqlikni mustahkamlash alohida o‘rin egallaydi. Toshkent shahrida “Osiyo uchun raqamli magistral” dasturining mintaqaviy muvofiqlashtirish markazini tashkil etish va sun’iy intellektni rivojlantirish tashabbusi alohida e’tiborga loyiqdir. Bu O‘zbekistonning nafaqat global texnologik o‘zgarishlarga moslashishga, balki Markaziy Osiyoda ushbu jarayonlarni shakllantiruvchi markazlardan biriga aylanishga intilayotganini ko‘rsatadi. Energetika sohasida O‘zbekiston allaqachon sezilarli natijalarga erishmoqda. Mamlakatda yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirildi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi esa izchil ortib bormoqda. Xalqaro moliyaviy institutlar ko‘magi O‘zbekistonni Yevrosiyoda shakllanayotgan “yashil” energetika makonining muhim ishtirokchilaridan biriga aylantirmoqda. Samarqand forumi zamonaviy O‘zbekiston nafaqat ichki taraqqiyotga, balki o‘zaro bog‘liqlik, investitsiyalar va texnologik modernizatsiyaga asoslangan barqaror mintaqaviy hamkorlik modelini shakllantirishga intilayotganini namoyish etdi. Tarixan Samarqand Buyuk ipak yo‘lining savdo va madaniy yo‘nalishlari kesishgan maskan bo‘lgan. Bugungi kunda esa ushbu shahar yana mintaqaning kelajak taraqqiyoti g‘oyalari shakllanadigan va xalqaro sheriklikning yangi avlod mexanizmlari ishlab chiqiladigan maydonga aylanmoqda. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Sharh

09 May 2026

Qozog‘iston uchun neft tranzitining to‘xtatilishi ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari

Muallif: Mohidil Nizamova, JIDU doktoranti   Qozog‘iston neftining “Do‘stlik” neft quvuri orqali Germaniyadagi Shvedt neftni qayta ishlash zavodi yo‘nalishida tranzitining ehtimoliy to‘xtatilishi faqatgina texnik yo‘nalishning o‘zgarishi emas, balki Yevropaning muhim bozoriga chiqish kanallaridan birining qisqarishini anglatadi. Rossiya infratuzilmasiga mavjud yuqori darajadagi bog‘liqlik hamda sanksiyalar bosimi sharoitida ushbu holat Qozog‘istonning xomashyo eksportiga asoslangan iqtisodiy modelining zaifligini kuchaytiradi va aholiga ijtimoiy hamda iqtisodiy xavflar shaklida ta’sir ko‘rsatadi. Birinchidan, Yevropa Ittifoqiga neft eksporti Qozog‘iston uchun strategik ahamiyatga ega. Mamlakat Yevropa Ittifoqining eng yirik besh neft yetkazib beruvchisi qatoriga kiradi, bunda tranzit asosan Rossiya hududi orqali amalga oshiriladi. Rossiya infratuzilmasidan foydalanish hozirgi sharoitda Kaspiy dengizi orqali Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya yo‘nalishidagi “O‘rta yo‘lak”ga nisbatan iqtisodiy jihatdan arzonroq hisoblanadi. Biroq ushbu muqobil yo‘nalish qimmat, quvvat jihatidan cheklangan hamda mintaqaviy beqarorliklarga sezgir hisoblanadi. “Do‘stlik” neft quvuri orqali Germaniyaga neft yetkazib berishning to‘xtatilishi Qozog‘istonning Yevropa bozoridagi harakat imkoniyatlarini kamaytiradi va muqobil yo‘nalishlar yetarli darajada kengaytirilmagan taqdirda eksport tushumlarining qisqarishiga olib kelishi mumkin. Ikkinchidan, Rossiyaga qarshi sanksiyalar Qozog‘iston uchun Yevropa bozorida raqobat va xavflar muhitini shakllantirdi. Bir tomondan, Rossiya eksportiga bosim Qozog‘iston egallashga intilayotgan bozor imkoniyatlarini kengaytiradi; ikkinchi tomondan esa Rossiya infratuzilmasidan foydalanish siyosiy va iqtisodiy bosim vositasiga aylanib bormoqda, jumladan, ayrim tranzit yo‘nalishlarining vaqtincha to‘xtatilishi orqali. Germaniya yo‘nalishining yopilishi investorlar uchun noaniqlikni kuchaytiradi, tranzit xavflarini sug‘urtalash xarajatlarini oshiradi hamda logistika xarajatlarining ortishiga sabab bo‘ladi. Bu esa investitsiyalar hajmining kamayishi, davlat byudjetiga bosimning kuchayishi va natijada ijtimoiy dasturlar, infratuzilma hamda bandlik sohalarini moliyalashtirish imkoniyatlarining cheklanishiga olib kelishi mumkin. Uchinchidan, aholiga ta’sir etuvchi ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlar bir nechta kanallar orqali namoyon bo‘ladi. Neft-gaz sektori eksport tushumlari va soliq bazasining muhim qismini shakllantiradi, shuning uchun eksport oqimlarining qisqarishi davlat sektorida ish haqlarini oshirish, ijtimoiy to‘lovlar hamda hududiy rivojlanish dasturlari uchun moliyaviy imkoniyatlarni cheklaydi. Qozog‘iston xom neftni deyarli to‘liq eksport qiladi, shu sababli tashqi bozorlar va narxlar ichki iqtisodiy jarayonlarga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Tashqi sharoitlar yomonlashgan taqdirda iqtisodiy o‘sish sur’atlarining sekinlashuvi, logistika, xizmat ko‘rsatish va qurilish sohalarida bandlikning kamayishi hamda daromadlar bo‘yicha hududiy tafovutlarning kuchayishi ehtimoli mavjud. To‘rtinchidan, ushbu ta’sirlar Qozog‘iston neft sektorini diversifikatsiya qilish jarayonlari tezlashtirilsa, ma’lum darajada yumshatilishi mumkin. Bunda quyidagi yo‘nalishlar muhim hisoblanadi: Kaspiy va Qora dengiz yo‘laklari orqali eksport hajmini kengaytirish (Kaspiy quvurlar konsorsiumi, Boku–Tbilisi–Jeyhan yo‘nalishi), mamlakat ichida neftni qayta ishlash va neft-kimyo sanoatini rivojlantirish, shuningdek, eksportni mintaqaviy bozorlarga (Markaziy Osiyo, Xitoy) yo‘naltirish, Rossiya bilan “ayirboshlash” (svop) mexanizmlaridan foydalanish. Biroq qisqa muddatda hech bir muqobil yo‘nalish Rossiya infratuzilmasini to‘liq almashtira olmaydi. Shu sababli “Do‘stlik” neft quvuri orqali tranzit to‘xtatilgan taqdirda moslashuv davrida yuqori xarajatlar va iqtisodiy xavflar saqlanib qoladi. Yuqoridagi tahlillar shuni ko‘rsatadiki, Qozog‘iston neftining “Do‘stlik” quvuri orqali tranzitining ehtimoliy to‘xtatilishi ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan uning davomiyligi, chuqurligi, muqobil yo‘nalishlarning tezkor ishga tushirilishi hamda davlat siyosatining samaradorligiga bog‘liq holda turlicha ta’sir ko‘rsatadi. Tezkor moslashuv va oqimlarni qayta yo‘naltirish sharoitida ta’sirlar asosan qisqa muddatli logistika va narx o‘zgarishlari bilan cheklanadi. Aksincha, uzoq davom etadigan cheklovlar va diversifikatsiyaning sustligi eksport daromadlarining kamayishi, davlat moliyasiga bosimning kuchayishi hamda ijtimoiy keskinlikning ortishiga olib kelishi mumkin. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.