outputs_in

Sharh

22 May 2025

Trampning Fors ko‘rfazidagi 4 trillion dollarlik jadal safari: Yaqin Sharqdagi Amerika siyosatini qayta ko‘rib chiqish

13-maydan 16-maygacha Fors ko‘rfazi davlatlariga tashrifi bilan Donald Tramp Oq uyga qaytganidan so‘ng birinchi marta Yevropadan tashqariga chiqdi (Papa Fransiskning dafn marosimiga Rimga safari bundan mustasno). Safar Saudiya Arabistoni, Qatar va BAAni qamrab oldi, biroq Isroilning chetlatilishi va Suriyaning yangi rahbari bilan kutilmagan uchrashuv e’tiborni tortdi. Bu qadamlar Amerika ma’muriyatining Yaqin Sharq strategiyasini qayta yo‘naltirish va e’tiborni arab monarxiyalariga qaratish istagidan darak beradi.   Uchrashuvning iqtisodiy kun tartibi misli ko‘rilmagan darajada keng ko‘lamli bo‘ldi: Ar-Riyodda Saudiya Arabistoni Amerika iqtisodiyotiga taxminan 600 milliard dollar sarmoya kiritishga va’da berdi. Sun’iy intellekt uchun ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini rivojlantirish, yirik mudofaa xaridlari (140 milliard dollardan ortiq) va Google, Oracle hamda Uber ishtirokidagi texnologik loyihalarga sarmoya kiritish masalalari muhokama qilindi.   Qatardagi bosqich ham shunga o‘xshash natijalarni ko‘rsatdi: tomonlarning majburiyatlari 1,2 trillion dollardan oshdi. Ular orasida Qatar Airways aviakompaniyasining qariyb 100 milliard dollarlik 200 dan ortiq Boeing samolyotlariga buyurtmasi alohida ajralib turadi. Bundan tashqari, uchuvchisiz uchish apparatlarini yetkazib berish va Amerika harbiy obyektlarini moliyalashtirish, xususan, Al-Udeyd aviabazasini modernizatsiya qilish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.   BAA ham texnologiya, sun’iy intellekt va energetikaga e’tibor qaratgan holda kelgusi o‘n yil ichida 1,4 trillion dollardan ortiq sarmoya kiritishga tayyorligini tasdiqladi. 200 milliard dollardan ortiq bitimlarga ExxonMobil va Occidental Petroleum neft kompaniyalarining Abu-Dabi bilan qariyb 60 milliard dollarlik sanoat shartnomalari qo‘shildi.   Kapital oqimini tezlashtirish uchun Vashington Xorijiy investitsiyalar qo‘mitasi qoidalarini oldindan yumshatdi. Bu esa ma’muriyatning hatto iqtisodiyotning nozik sohalarida ham Ko‘rfaz ittifoqchilariga yordam berishga tayyorligini ko‘rsatadi.   Tashrifning siyosiy jihati ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Isroilning yo‘nalishdan chetlatilishi va maxsus vakil Stiv Uitkoffning keskin bayonotlari Isroil rahbariyatining G‘azo mojarosi va Falastin bilan munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha qarorlaridan norozilik kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.   AQShning Suriya rahbariyati bilan aloqalari va e’lon qilingan sanksiyalarning bekor qilinishi 2000-yillardan beri Damashqni mintaqaviy muloqotga qayta jalb etish bo‘yicha birinchi qadam bo‘ldi. Bu Saudiya Arabistoni va Turkiyaning Amerika siyosatiga ta’sirini aks ettiradi va Suriyada barqarorlikni ta’minlash uchun yangi imkoniyatlar ochadi.   Eron masalasida Vashington Tehronning yadroviy ambitsiyalardan voz kechishiga qarab "maksimal bosim" yoki kelishuvni va’da qilib, muzokaralarni faol qo‘llab-quvvatladi. O‘z navbatida, Eron sanksiyalarni bekor qilish evaziga yuqori boyitilgan uran zaxiralarini yo‘q qilishga tayyor ekanligini bildirdi. Bu esa mintaqaviy ziddiyatlarni yumshatish uchun zamin yaratadi.   Turne yakunlari bo‘yicha Falastin-Isroil masalasida siljish kuzatilmadi: Tramp faqat G‘azo aholisi uchun yaxshiroq hayot zarurligini ta’kidlab, vaziyatni hal qilishning aniq mexanizmlarini taklif etmadi. Bu fonda Netanyaxu pozitsiyasining qat’iyligi kelishuvlarga erishish qiyinligini yana bir bor tasdiqladi.   Umuman olganda, Donald Trampning may oyidagi Yaqin Sharqqa safari deklaratsiyalardan keng ko‘lamli iqtisodiy va harbiy kelishuvlargacha bo‘lgan o‘zaro hamkorlikning yangi modelini namoyish etdi. 4 trillion dollardan ortiq shartnomalarning umumiy hajmi AQShning mintaqadagi mavqeini mustahkamlaydi va tashqi siyosatni arab monarxiyalari bilan mustahkam strategik ittifoqlarga yo‘naltirishga xizmat qiladi.   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Sharh

19 May 2025

O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarida vizasiz rejim xalq diplomatiyasini mustahkamlash vositasi sifatida

So‘nggi yillarda Xitoy Xalq Respublikasi Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni izchil ravishda faollashtirmoqda. Bu, xususan, XXR Raisi Si Szinpin tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Xitoy – Markaziy Osiyo” davlat rahbarlari darajasidagi ko‘p tomonlama muloqot platformasida namoyon bo‘lmoqda. O‘zbekiston va XXR o‘rtasidagi chuqurlashib borayotgan ikki tomonlama hamkorlikning aniq natijalaridan biri 2024-yil 1-dekabrda imzolangan vizasiz rejimni joriy etish to‘g‘risidagi bitim bo‘ldi.   Erishilgan kelishuvlarga ko‘ra, 2025-yil 1-iyundan boshlab ikki davlat fuqarolari 30 kungacha bo‘lgan muddatga o‘zaro tashrif buyurishlarini viza rasmiylashtirishsiz amalga oshira oladilar. Bitimning belgilangan sanada kuchga kirishi ichki huquqiy va ma’muriy jarayonlarni yakunlash, idoralararo hamkorlik mexanizmlarini muvofiqlashtirish, shuningdek, infratuzilma va chegara nazorati tizimini texnik jihatdan tayyorlash zarurati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, 1-iyun sanasi tanlanishi mavsumiy omil bilan izohlanishi mumkin – yoz oylarida an’anaviy ravishda sayyohlik va ishbilarmonlik oqimining o‘sishi kuzatiladi, bu esa bitimni qo‘llashni ayniqsa dolzarb qiladi.   Ta’kidlash joizki, bitimni imzolash va amalga oshirish nafaqat huquqiy-amaliy, balki muhim siyosiy ahamiyatga ham ega. U ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro ishonchning yuksak darajasi va strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga intilishning ramzidir. Kirish tartibining soddalashtirilishi fuqarolik jamiyatlari, ta’lim muassasalari, madaniy va ilmiy almashinuvlar darajasidagi aloqalarni jadallashtirish, ya’ni davlatlararo munosabatlarni norasmiy, ammo barqaror gorizontal aloqalar bilan to‘ldiradigan xalq diplomatiyasini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.   Iqtisodiy jihatdan viza rejimining bekor qilinishi savdo, investitsiyalar, transport va logistika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘lishi mumkin. Xitoy allaqachon O‘zbekistondagi xorijiy investorlar orasida yetakchi o‘rinni egallab, muhim infratuzilma loyihalarini, jumladan, “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda. Chegarani kesib o‘tish tartib-qoidalarining soddalashtirilishi ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish, delegatsiyalar almashish va ikki mamlakat tadbirkorlik doiralarining qo‘shma loyihalarda ishtirok etishi uchun qulay sharoit yaratadi.   Shunday qilib, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi vizasiz rejim nafaqat vizani liberallashtirish sohasidagi amaliy qadam, balki siyosiy muloqot, iqtisodiy hamkorlik va insoniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan vositadir. Uning amalga oshirilishi yaxshi qo‘shnichilik, strategik hamkorlik va o‘zaro manfaatdorlik ruhidagi ikki tomonlama aloqalarni har tomonlama rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Sharh

15 May 2025

Yangi Rim Papasi saylanishining ahamiyati: O‘zbekistondan nigoh

O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik, ayniqsa, mamlakatimiz aholisining ko‘p millatli va ko‘p konfessiyaliligi sharoitida davlat siyosati va ijtimoiy hayotning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Mamlakatimizda davlat diniy tashkilotlardan ajratilgan bo‘lib, barcha diniy birlashmalar qonun oldida tengdir.   So‘nggi yillarda mamlakatda diniy sohani erkinlashtirish davom etmoqda. Jumladan, O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Bu va boshqa chora-tadbirlar mamlakat obro‘sining oshishiga va diniy erkinlik sohasidagi taraqqiyotning e’tirof etilishiga ko‘maklashdi.   Bugungi kunda o‘zbek jamiyati diniy bag‘rikenglikning yuqori darajasi bilan tavsiflanadi. Turli konfessiya vakillari, jumladan, musulmonlar, nasroniylar, yahudiylar va boshqalar tinch-totuv yashab, dinlararo muloqotda faol ishtirok etmoqda. Mamlakatda masjidlar, cherkovlar, sinagogalar va boshqa diniy muassasalar faoliyat yuritib, dindorlarning o‘z e’tiqodiga erkin amal qilishlari ta’minlanmoqda.   Bu O‘zbekistonda taxminan 3,5 ming kishini tashkil etuvchi katoliklarga ham to‘liq taalluqlidir. Katolik jamoasi Toshkent, Samarqand, Buxoro va boshqa shaharlardagi bir nechta ibodatxonalarni o‘z ichiga olgan O‘zbekiston Apostol ma’muriyatiga birlashtirilgan. Bugungi kunda u kam sonli bo‘lishiga qaramay, konfessiyalararo muloqot va ijtimoiy faoliyatda faol ishtirok etmoqda. Ibodatlar ingliz, koreys, rus va polyak tillarida olib borilishi jamoaning xalqaro tarkibini aks ettiradi.   Yaqinda kardinal Robert Frensis Prevoning papalik taxtiga saylanishi mamlakatimiz katoliklari uchun ham muhim voqea bo‘ldi. Fikrimcha, Lev XIV ismini tanlash ramziy ma’noda o‘zining ijtimoiy ta’limoti va mehnatkashlarni qo‘llab-quvvatlashi bilan tanilgan Papa Lev XIII ga ishora qiladi. Bu orqali o‘tmishdoshlari boshlagan ijtimoiy adolat va islohotlar yo‘li davom ettirilishi haqida xabar berilmoqda.   O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatida konfessiyalararo muloqot va gumanitar hamkorlikni mustahkamlash tarafdori ekanini ta’kidlash joiz. O‘zbekistonlik mutaxassislar Vatikanning ezgulik va mehr-shafqat g‘oyalarini targ‘ib qilish, shuningdek, butun dunyo bo‘ylab muhtojlarni qo‘llab-quvvatlashga qo‘shayotgan hissasini yuqori baholamoqda. Shunday qilib, to‘la ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston va Vatikan o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat va muloqotga intilish asosida yanada rivojlanadi.   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Sharh

14 May 2025

Nega O‘rta koridor Markaziy Osiyo davlatlari uchun bir xil ustuvorlikka ega emas?

Jahon banki baholashlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari dunyodagi eng kam bog‘langan iqtisodiyotlardan biri bo‘lib qolmoqda, bu esa ularning farovonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, mintaqaning transport xizmatlari eksportidan olinadigan global daromadlardagi ulushi 1 foizdan oshmaydi. Shu sababli bugungi kunda Markaziy Osiyo orqali dunyoning eng yirik bozorlarini bog‘lash imkonini beradigan samarali tranzit yo‘laklarini yaratish va o‘zaro manfaatli asosda ilgari surish vazifasi ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Shunday yo‘laklardan biri Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi (TXTM) yoki O‘rta koridor bo‘lib, u Sharq-G‘arb-Sharq quruqlik aloqalarida ishtirok etadi.   Hozirgi sharoitda Yevropa Ittifoqi ushbu yo‘nalishning infratuzilmaviy rivojlanishiga eng katta amaliy qiziqish bildirmoqda. Yevropaning "Global Gateway" tashabbusi doirasida Markaziy Osiyo respublikalari uchun 10 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam e’lon qilindi. 2025-yil 4-aprelda Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” yuqori darajadagi sammitida Yevropa Ittifoqi 12 milliard yevrolik navbatdagi investitsiya paketini e’lon qildi. Ushbu mablag‘ning chorak qismi transport sohasidagi loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.   Bunday dinamika Markaziy Osiyodan Yevropa va boshqa tegishli mintaqalarga yetkazib berishning keng tarmog‘ini shakllantirishga yordam berishi kutilmoqda.   Transkaspiy tashuvlarining faollashuvi bir qator geosiyosiy va geoiqtisodiy afzalliklarni keltirib chiqaradi.   Birinchidan, Markaziy Osiyo Yevroosiyoning tranzit markaziga aylanish uchun noyob imkoniyatga ega bo‘ladi. Bu mintaqaning xalqaro subyektliligini kuchaytirishga olib keladi, bu esa jahon siyosatining nufuzli subyektlari bilan teng huquqli munosabatlarni o‘rnatish nuqtai nazaridan juda muhimdir.   Ikkinchidan, O‘rta koridor salohiyatini kengaytirish Markaziy Osiyo mamlakatlarining tashqi savdo oqimlarini diversifikatsiya qilish vazifasi qo‘yilgan milliy transport strategiyalari bilan uyg‘unlashadi.  Yuk tashishning g‘arbiy yo‘nalishini rivojlantirish mintaqaga yangi eksport bozorlarini ochish orqali shimoliy yo‘nalishlarga qaramlikni kamaytirish imkonini beradi.   Uchinchidan, yangi mintaqalararo savdo yo‘nalishlarini ishga tushirish orqali Markaziy Osiyo transport landshafti tubdan o‘zgarmoqda, bu esa mintaqa ichidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, shuningdek, tovarlarni tashish xarajatlarini kamaytirish uchun mustahkam zamin yaratadi.   To‘rtinchidan, Transkaspiy tashuvlari Yevropa Ittifoqi, Janubiy Kavkaz davlatlari va Turkiya bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilib, Markaziy Osiyo taraqqiyotiga qo‘shimcha turtki beradi.   Biroq, zamonaviy tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, qator obyektiv sabablarga ko‘ra, O‘rta koridor butun Markaziy Osiyo "beshligi"ga teng tranzit foydasini ta’minlay olmaydi. Bu G‘arbga yo‘naltirilgan potensial yuk oqimining ular o‘rtasida nomutanosib taqsimlanishi bilan bog‘liq. Umumiy hajmning 93 foizdan ortig‘i Qozog‘istonga to‘g‘ri keladi, Turkmanistonning ulushi 3 foiz, O‘zbekiston 2,3 foiz, Qirg‘iziston 1,1 foiz, Tojikiston esa atigi 0,03 foizni tashkil etadi. Bundan kelib chiqadiki, TXTMni takomillashtirish Yevropa Ittifoqiga boradigan eng qisqa va qulay savdo yo‘li sifatida Qozog‘iston va Turkmanistonning iqtisodiy rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston uchun O‘rta koridor Janubiy Yevropa, AQSH, Kanada va boshqa tashqi savdo hamkorlari bilan eksport-import ta’minotini diversifikatsiya qilishga yordam beradigan qo‘shimcha yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Sharh

13 May 2025

Sun’iy intellektdan foydalangan holda moliyaviy texnologiyalar tendensiyalari kuchayib bormoqda

Zamonaviy moliyaviy texnologiyalarning (fintech) keng tarqalishi banklar va biznesdan raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan (SI) uzluksiz foydalanishni talab etmoqda. Zamonaviy fintech kompaniyalari iqtisodiyotning barcha sohalariga shiddat bilan kirib kelmoqda. Bunga quyidagi misollar dalil bo‘la oladi.   PYMNTS ma’lumotlariga ko‘ra, Financial Times’ga tayanib, Britaniyaning yetakchi transmilliy Revolut Neobank va Fintech kompaniyasi “foydalanuvchilarga uyda cheksiz qo‘ng‘iroqlar, matnli xabarlar va ma’lumotlar almashinuvini, shuningdek, Yevropa va AQSH bo‘ylab 20 GB roumingni taklif etadigan” mobil xizmatni ishga tushirishini e’lon qildi. Bu xizmat dastlab Buyuk Britaniya va Germaniyada ishga tushiriladi. Bu esa fintech sohasidagi kompaniyalar telekommunikatsiya sohasiga kirib kelayotganini tasdiqlaydi. Ushbu PYMNTS xabarlaridan kelib chiqadiki, “mobil telefonlarning jahon bozoriga kirib borishi telekommunikatsiya va moliyaviy xizmatlar o‘rtasidagi chegarani yo‘qotmoqda”. Bu esa, o‘z navbatida, “raqamli banklar, ayniqsa, neobanklar aloqa va mobil to‘lovlarga o‘tmoqda, telekommunikatsiya kompaniyalari esa moliya sohasiga tobora faolroq kirib bormoqda” degan xulosaga olib keladi.   Global makroiqtisodiy beqarorlik davom etayotganiga qaramay, moliyaviy texnologiyalarga talab ortib borayotgani haqida 29 aprel kuni BNamericas nashriga bergan intervyusida Germaniyaning Texnologik yechimlar guruhi (Gesellschaft für Technologietransfer - GFT) bosh direktori Marko Santos ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, GFT yetakchi va to‘liq sun’iy intellektga yo‘naltirilgan kompaniya bo‘lish uchun aniq tasavvur va uzoq muddatli istiqbolga ega. Ma’lumotlarga ko‘ra, GFT kompaniyasi AQShda faoliyat yuritadi va uning mavjudligi xalqaro savdodagi keskinlik oqibatlarini yumshatishga yordam berishi mumkin. Banklar “xarajatlarni optimallashtirish”ni “tuzilmaga sarmoya kiritish” deb hisoblab, bank sohasidagi xarajatlarni kamaytirish va texnologiyalarga, ayniqsa sun’iy intellektga bo‘lgan talabni rag‘batlantirish orqali jarayonlarni soddalashtirish hamda mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga katta mablag‘ sarflamoqdalar.   Biznesning ko‘plab sohalarida sun’iy intellekt vositalarining jadal joriy etilishiga qaramay, fuqarolarning pul mablag‘larini boshqarish bilan bog‘liq me’yoriy talablar tufayli fintech ilovalarida sun’iy intellektni joriy etish hozircha sekin kechmoqda. Muallifning ta’kidlashicha, bugungi kunda fintexdagi sun’iy intellektning aksariyat funksiyalari mijozlarga xizmat ko‘rsatish, buxgalteriya hisobi va boshqa operatsiyalar kabi vazifalarni tezlashtirishga qaratilgan. Hozirda fintexda yangi yo‘nalish paydo bo‘ldi: bankirlar va investorlarning chuqur investitsiya tadqiqotlari uchun sun’iy intellektdan foydalanish.   O‘z navbatida, an’anaviy banklar raqamli transformatsiyaga sarmoya kiritmoqda va raqamli xizmatlarini yaxshilash uchun fintech kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu hamkorlik raqamli hamyonlar, teng huquqli to‘lovlar va ilg‘or kreditlash yechimlari kabi moliyaviy yechimlarni birlashtirishga yordam beradi, moliyaviy institutlar va fintech o‘rtasidagi farqni yo‘qotadi. Fintech bilan hamkorlik qiluvchi banklar innovatsiyalar, moslashuvchanlik, iqtisodiy samaradorlik va mijozlarga yo‘naltirilgan xizmat ko‘rsatishdan foyda ko‘radi. Sun’iy intellektdan foydalanish moliyaviy xizmatlar sanoati uchun qiziqish uyg‘otadi, chunki banklar qaror qabul qilish va operatsion samaradorlikni oshirishning innovatsion usullarini ehtiyotkorlik bilan izlaydilar, shuningdek, me’yoriy talablarga javob berish uchun texnologiyalardan foydalanadilar. Bir nechta mamlakatlarda operatsiyalarni amalga oshiruvchi banklar uchun sun’iy intellektdan foydalanish turli yurisdiksiyalarda murakkab hisobotlarni qayta ishlashni osonlashtiradi.   Xulosa qilib aytganda, raqamli transformatsiya, moliyaviy texnologiyalar va sun’iy intellektga sarmoya kiritish fintech kompaniyalari va banklarga o‘zlarining raqamli xizmatlarini yaxshilash va mijozlarning o‘sib borayotgan talablariga javob berish uchun raqobatbardosh bo‘lishga yordam beradi.   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Sharh

12 May 2025

Papalikka ham da’vo qilgan Tramp qanday shaxs?

Fazliddin Djamalovning fikriga ko‘ra, Donald Tramp shaxsiy ambitsiyalari chuqur, mag‘rur va o‘z kuchiga mutloq ishongan rahbar sifatida namoyon bo‘ladi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, u o‘zini dunyoni yo‘naltiruvchi kuchli shaxs deb hisoblaydi, har bir qarorida “foyda bormi – bajaraman” tamoyilini qo‘llaydi va odatda muayyan kichik-tashkiliy masalalarning ichki-ichki jihatlariga kam e’tibor beradi. Tramp kuchli iroda, sadoqat va moslashuvchanlik xususiyatlariga ega bo‘lib, o‘zi “xalq tanlagan lider” deb tan olinishini istaydi va hamrohlar bilan shaxsan hurmatga asoslangan aloqani afzal ko‘radi.   Mutaxassisning fikriga ko‘ra, Trampning siyosiy qarashi asosan konservativ tamoyillarga tayangan: u an’anaviy qadriyatlarni faol himoya qilib, globalizm, liberaldemokratiya va ko‘p tomonlama diplomatiyani keskin tanqid qiladi. Djamalov aytishicha, Tramp “Amerika amerikaliklar uchun” shiori asosida harakat qilib, liberallar, Demokrat partiya va G‘arbiy Yevropa ijobiy progessiv partiyalariga qarshi chiqqan holda, Rossiya, Isroil va boshqa konservativ davlatlarni qo‘llab-quvvatlash siyosatini ilgari suradi.   Mutaxassis fikriga ko‘ra, Trampning tashqi siyosati neorealistik modelga asoslanib, xalqaro masalalarda ikki tomonlama muzokaralarga urg‘u beradi va “Buyuk Amerika” g‘oyasini milliy manfaatdan ustun qo‘yadi. U Parij iqlim kelishuvidan chiqish va NATOdagi majburiyatlarni qayta ko‘rib chiqish orqali mustaqil siyosat yuritishni maqsad qilgan, jahon hamkorligida faqat AQSh manfaatlari to‘g‘ri kelsa ishtirok etadi.   Mutaxassisning fikriga ko‘ra, Tramp qaror qabul qilishda ommaviy fikrga unchalik tayanmaydi, aksincha, “deal-maker” sifatida quvvat va foyda omillarini asosiy mezon deb biladi. U siyosiy vaziyatga tez moslashish imkonini beruvchi noan’anaviy, dinamik uslubni afzal ko‘rar ekan, bu yondashuv uning global sahnadagi yetakchiligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.   To‘liq intervyuni O‘zA saytida o‘qing   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.