outputs_in

Sharh

23 Aprel 2025

O‘zbekiston oltin talvasasi sinoviga bardosh bera oladimi?

O‘tgan hafta oltin narxi tarixiy yuqori cho‘qqiga yetib, bir unsiya uchun 3500 AQSH dollarini (31,1 gramm) tashkil etdi. Jahon bozorida bu resurs qiymatining o‘sishi an’anaviy tarzda ijobiy omil sifatida baholanadi, chunki u davlat zaxiralarini mustahkamlash, eksport tushumlarini oshirish va boshqa makroiqtisodiy afzalliklarni ta’minlaydi. Biroq, bir qator mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, xomashyo farovonligi uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiy rivojlanishni to‘xtatib qo‘yuvchi omilga aylanishi mumkin.   O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil boshida mamlakat oltin zaxiralari hajmi 11,5 million troya unsiyasi miqdorida baholangan. O‘zbekiston jahonning yetakchi oltin ishlab chiqaruvchilari qatoriga kiradi: 2024-yil yakunlariga ko‘ra, uning yillik qazib olish hajmi taxminan 105 tonnani tashkil etib, global reytingda birinchi o‘ntalikdan joy olishini ta’minlagan.   Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda hozirgi bozor konyunkturasi bilan bog‘liq ham potensial foyda, ham xavflar anglangan. Bir tomondan, oltinning yuqori narxi mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli fiskal va eksport bonusini taqdim etadi. Boshqa tomondan, asosiy masala narxlar o‘sishining o‘zida emas, balki eksportdan olingan qo‘shimcha daromadlarning qanchalik samarali taqsimlanishidadir.   Hozirgi kunda O‘zbekiston qulay bozor vaziyatidan oqilona foydalanishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Xomashyodan olingan qo‘shimcha daromadlarning katta qismi ta’lim, sog‘liqni saqlash va texnologiya sohalarini rivojlantirish kabi uzoq muddatli loyihalarga yo‘naltirilmoqda. Shu bilan birga, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, logistika va IT-sohasi kabi xomashyoga bog‘liq bo‘lmagan tarmoqlarga sarmoyalar kiritilmoqda, bu esa qo‘shimcha qiymat va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilmoqda.   “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” kabi ijtimoiy dasturlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu raqamli platformalar aholining tegishli toifalarini manzilli qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan. Bunday loyihalarning amalga oshirilishi nafaqat ijtimoiy barqarorlikni ta’minlaydi, balki aholining yirik shaharlarga va chet ellarga ko‘chib ketishini kamaytirish orqali migratsiya bosimini ham pasaytiradi.   Shunday qilib, oltin narxining hozirgi o‘sishi O‘zbekiston uchun iqtisodiy o‘zgarishlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda. Ko‘plab xomashyo iqtisodiyotlariga xos bo‘lgan “resurs la’nati”dan qochish mumkinmi, degan savol hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston nafaqat oltin qazib olishdan olinadigan daromadlarni ko‘paytirish, balki inson kapitaliga sarmoya kiritish va innovatsion tarmoqlar orqali iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga intilayotganini ko‘rsatmoqda. Bu strategiya qanchalik muvaffaqiyatli bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi.   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Sharh

23 Aprel 2025

Bangladesh va Pokiston: Munosabatlarda yangi sahifa

Joriy yil 17-aprelda Pokiston tashqi ishlar vaziri Muhammad Is’hoq Dar Bangladesh poytaxti Dakkaga tashrif buyurdi va Bangladesh tashqi ishlar vaziri Jashim Uddin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu 2010-yildan beri ikki davlat o‘rtasidagi birinchi yuqori darajadagi diplomatik aloqa bo‘ldi.   Bangladesh mustaqil bo’lganidan 2010-yillargacha bo‘lgan davrda Pokiston va Bangladesh o‘rtasidagi munosabatlar nisbatan iliq bo‘lgan. Pokiston rasmiy ravishda 1974-yil fevral oyida, Bosh vazir Zufiqor Ali Bhutto davrida Bangladeshni tan olgan. Bu 1972-yilgi Shimla bitimi va Bangladesh tomonidan Pokiston harbiy asirlarining ozod qilinishidan keyin sodir bo‘lgan. O‘sha yili Bhutto Dakkaga tashrif buyurib, 1971-yildagi voqealar uchun afsusligini bildirgan va iqtisodiy sohada hamkorlik qilish haqida gap ochgan, biroq u rasmiy ravishda uzr so‘ramagan.   Munosabatlar 1970-yillarning oxiri va 1980-yillarda yaxshilana boshladi. 1978-yilda Pokiston Bangladeshga to‘rtta Shenyang F-6 qiruvchi samolyotlarini berdi, bu harbiy hamkorlikning belgisi edi. Ikkala davlat Prezident Muhammad Ershadning (1982–1990) davrida ham muloqotni davom ettirdi. U 1986-yilda Pokistonga tashrif buyurdi va tashrif davomida tomonlar savdo va mintaqaviy hamkorlikni muhokama qilishdi. Bu muzokaralar 1985-yilda tashkil etilgan SAARC doirasida olib borilgan. SAARC Ershad va Ziya-ul-Haq kabi mintaqaviy yetakchilar uchun uchrashish imkoniyatini yaratdi. Biroq, Bangladesh–Pokiston munosabatlaridagi siljish juda sekin kechdi. Chunki Bangladeshda, ayniqsa Avom Liganing ko‘plab tarafdorlari, 1971-yilgi voqealar uchun adolatni tiklashga qaratilgan harakatlarni davom ettirdilar. Ular, shuningdek, Hindiston bilan yaqin aloqalarni saqlashni afzal ko‘rishdi. Muhim burilish 2002-yil iyul oyida yuz berdi — Pokiston Prezidenti Pervez Musharraf Dakkaga tashrif buyurdi; bu 1974-yildan beri Pokiston davlat rahbarining Bangladeshga ilk tashrifi edi. U Qahramonlar yodgorligida 1971-yildagi “zo‘ravonliklar” uchun afsus bildirgan. Buni Bangladesh Milliy Partiyasi (BNP) mamnuniyat bilan qabul qilgan bo‘lsa-da, Avom Liga bu yetarli emasligini aytdi. Bundan tashqari, 2009-yilda Shayx Hasina hokimiyatga qaytgach, munosabatlar sovuqlasha boshladi. Uning hukumati Hindiston bilan aloqalarni ustuvor yo‘nalish sifatida belgiladi va 1971-yilda Pokiston armiyasiga yordam berganlikda ayblanganlarga qarshi sud jarayonlarini boshladi. Pokiston bu sudlarni siyosiy motivlarga asoslangan deb tanqid qildi. Garchi savdo hajmi 400–450 million AQSh dollariga yetgan bo‘lsa-da, 2010-yilga kelib, yuqori darajadagi muzokaralar deyarli to‘xtab qoldi.   Yangi elita. 2024-yil avgust oyida talabalar boshchiligidagi norozilik namoyishlari tufayli Bangladesh hukumati o‘zgardi va Bosh vazir Sheyx Hasina lavozimidan ketishga majbur bo‘ldi. Hozirda Nobel mukofoti sohibi Muhammad Yunus muvaqqat hukumatni boshqarmoqda. Yunus Bangladesh faqat Hindiston bilan emas, balki bir nechta davlatlar bilan yaxshi munosabatlarga ega bo‘lishini istaydi. Uning muvaqqat hukumati Dehlini tanqid qilganidan so‘ng (ya’ni Hindiston ag‘darilgan Sheyx Hasinani panohiga olgani uchun tanbeh bergach va uning ekstraditsiyasini talab qilgach) Hindiston bilan yaqin munosabatlari uzildi. Bu keskin qadam Pokiston uchun Bangladesh bilan munosabatlarni tiklash va mustahkamlash yo‘lida yangi imkoniyat ochdi. Bu o‘zgarish shunchaki vaziyatga javob tarzida qabul qilingan harakat emas, balki Bangladeshning milliy o‘zligi va tashqi siyosatini qaytadan shakllantirishga qaratilgan ongli va strategik urinishdir. Bangladesh Pokiston bilan hamkorlik orqali Hindistonga qaram bo‘lgan avvalgi tashqi siyosatdan voz kechib, Bangladeshni kengroq mintaqaviy hamkorlik va ko‘p qirrali diplomatik aloqalar sari yetaklashni maqsad qilgan.   1971-yilgi urushda yetkazilgan zararlar uchun Bangladesh Pokistondan uzr so‘rashini talab qildi. Pokiston esa urushdagi bu talafotlarda o’zini aybdor deb hisoblamaydi. Biroq bu holat Bangladesh tomonidan Pokiston bilan munosabatlarni tiklash uchun qo‘yilgan majburiy shart sifatida ko‘rilmasligi kerak, chunki har ikkala davlat ham aloqalarni qayta yo‘lga qo‘yishga qattiq intilayotganini ko‘rish mumkin. Bu esa ularning SAARKni qayta tiklash borasidagi muzokaralarida ham yaqqol ko’rinadi. SAARK – bu Janubiy Osiyo Mintaqaviy Hamkorlik Assotsiatsiyasi bo’lib, mintaqa uchun ASEAN’ga o‘xshash tashkilot.   Bangladesh va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlarning yangilanishiga asosiy sabablaridan biri iqtisodiy hamkorlikdir. Ularning ikki tomonlama savdo hajmi allaqachon $1 milliard dollardan oshgan. Bangladesh asosan tikuvchilik mahsulotlarini eksport qilsa, Pokiston paxta, guruch va bug‘doy yetkazib beradi. 2025-yil fevral oyida muvaqqat rahbar Muhammad Yunus ish boshlagach, ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni katta guruch tranziti bilan qayta boshladi, bu esa kuchayib borayotgan iqtisodiy aloqalarning belgisi hisoblanadi. Bangladesh va Pokiston o’rtasida bevosita aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va viza tartiblarini soddalashtirish rejasi ham muhokamada bo‘lib, bu ikki davlat o‘rtasidagi aloqadorlikni kuchaytirishga qaratilgan.   Xitoy omili. Bu jarayon ortida Xitoyning yashirin ta’siri sezilmoqda. Pokiston hanuzgacha Pekin bilan yaqin ittifoqdosh bo‘lib qolmoqda, Bangladesh esa yo‘llar, portlar va boshqa infratuzilma loyihalari uchun Xitoy investitsiyasiga katta darajada bog‘liq. Har ikkala davlat – Pokiston ham, Bangladesh ham – Xitoyning Janubiy Osiyodagi geostrategik manfaatlariga mos ravishda harakat qilishlari mumkin. Ular o‘rtasidagi mustahkam aloqalar Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusiga kuchli turtki bo‘lishi mumkin.   Bunday hamohanglik Hindiston uchun xavotirli signal bo‘lib, mintaqadagi kuch muvozanatining Xitoy foydasiga o‘zgarayotganini anglatadi. Shu bois Hindiston bu muzokaralarni diqqat bilan kuzatmoqda. Ayniqsa, Hindiston yaqinda Bangladesh bilan tuzilgan tranzit savdo bitimini bekor qilgani ortidan ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar susaygan. Bu qaror Bangladeshning $39 milliard dollarlik kiyim-kechak eksport sanoatiga jiddiy zarar yetkazdi va ularning o‘zaro iqtisodiy ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.   Markaziy Osiyoga ta’siri. Pokiston Bangladesh uchun tranzit markazlaridan hisoblanadi, ya’ni Afg‘oniston yo’lidan kelgan Bangladesh mahsulotlari, albatta Pokistondan o‘tishi lozim. Bu tranzit yo’li O‘zbekiston va Turkmaniston kabi Markaziy Osiyo davlatlari bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishi mumkin. Afg‘oniston Markaziy Osiyoga darvoza vazifasini bajaradi. Ikkala davlat ham ushbu mintaqaga e’tibor qaratmoqda. Hamkorlikning kuchayishi orqali o’zaro energiya yoki infratuzilma loyihalari boshlanishi mumkin. Bundan tashqari, Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi Bangladesh va Pokistonni Markaziy Osiyo bozorlariga ulashi mumkin. Bu orqali yangi savdo yo‘llari paydo bo‘lishi ehtimoli mavjud.   Firdavs Azimkulov   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Sharh

19 Aprel 2025

Donald Trampning tarif siyosatiga Xitoyning munosabati

So‘nggi oylarda biz AQSHning ko‘plab mamlakatlar, ayniqsa Xitoyga nisbatan misli ko‘rilmagan tarif siyosatini qabul qilganiga guvoh bo‘ldik. Donald Trampning saylovoldi nutqlaridan ma’lum bo‘lganidek, u hokimiyatga kelgach Pekinga nisbatan qattiq savdo siyosatini yuritishi kutilgan edi. Bu bashoratlar o‘zini oqladi, biroq Xitoy tovarlariga bojlarning 145 foizga oshirilishi hamda Xitoy hukumatining o‘z navbatida Amerika tovarlariga bojlarni 125 foizga ko‘tarishi ko‘pchilik uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Javob choralarini ko‘rar ekan, Xitoy AQSH tahdidlariga bo‘ysunmasligini va bu savdo urushida “oxirigacha kurashishi”ni ma’lum qildi.   O‘z navbatida, Oq uy Xitoyning harakatlariga javoban qo‘shimcha bojlarni 245 foizgacha oshirish bilan tahdid qildi. The Wall Street Journal gazetasi xabar berishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp import bojlarini bekor qilish evaziga 70 dan ortiq davlatni Xitoy iqtisodiyotini izolyatsiya qilishga ko‘ndirishni rejalashtirmoqda.   Bunga javoban Pekin Yevropa Ittifoqi, ASEAN va “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusiga a’zo mamlakatlar bozorlariga bosqichma-bosqich yo‘nalish olishni boshladi. Bundan tashqari, Xitoy savdo aloqalarini diversifikatsiya qilish doirasida o‘z ishlab chiqarish quvvatlarini Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari va Meksikaga muvaffaqiyatli ko‘chirdi. Shuningdek, yuqori bojlar sharoitida Pekin Vashington bojlarining oshishidan zarar ko‘rgan yirik davlatlar hukumatlariga rasmiy maktublar yo‘lladi. Xususan, AQShning sharqiy ittifoqchilari – Janubiy Koreya, Yaponiya va Avstraliya bilan faol muzokaralar olib borilmoqda, 13-17 aprel kunlari esa Si Szinpinning Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari – Vetnam, Malayziya va Kambodja bo‘ylab safari amalga oshirildi.   Shu bilan birga, Tramp va Sining o‘zaro kelishuvga tayyor emasligiga e’tibor qaratish lozim. Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshida Xitoy vakillarining Vashington bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishga urinishlari natijasiz qoldi, Oq uyning yangi ma’muriyati esa Pekin bilan muzokaralarni boshlashga shoshilmayapti. Rahbarlar va ularning ishonchli vakillari o‘rtasida barqaror aloqa kanallarining yo‘qligi AQSH-Xitoy kelishmovchiliklarining yanada kuchayishi xavfini tug‘dirmoqda. Ehtimol, tomonlarning keyingi qadamlari o‘zaro aks etuvchi xususiyatga ega bo‘ladi, bu esa yuqori darajadagi to‘laqonli muzokaralarni boshlash istiqbollarini yanada murakkablashtiradi.   Shunday qilib, AQSH va Xitoyning jahon iqtisodiyotidagi umumiy ulushini (taxminan 43%) hisobga olsak, dunyoning ikki yetakchi iqtisodiyoti o‘rtasidagi savdo qarama-qarshiligining ko‘lami va chuqurligi misli ko‘rilmagan darajaga yetdi. Bu butun jahon iqtisodiyoti uchun, ayniqsa ta’minot zanjiri barqarorligini ta’minlash nuqtai nazaridan salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan global savdoda jiddiy keskinlikni keltirib chiqarishi mumkin. Yangi muammolarni hisobga olgan holda, ko‘plab mamlakatlar o‘z tashqi savdo aloqalarini diversifikatsiya qilishga intilmoqda, bu esa jahon savdosi tuzilmasining qayta ko‘rib chiqilishi va qayta shakllantirilishiga olib kelmoqda.   Tahlilchilarning fikricha, yuqori tariflarning joriy etilishi barqarorligi ko‘p jihatdan eksport daromadlariga bog‘liq bo‘lgan o‘rta darajada rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotiga ayniqsa og‘ir zarba beradi. Yaqin kelajakda bunday davlatlar kapitalning chiqib ketishi va o‘sish sur’atlarining pasayishiga duch kelishi mumkin. Biroq, AQSH va Xitoy o‘rtasidagi uzoq davom etayotgan savdo ziddiyatlari sharoitida yangi imkoniyatlar ham paydo bo‘lmoqda - xususan, har ikki tomondan investitsiyalarni jalb qilish, qo‘shma korxonalar tashkil etish va muqobil transport-logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha.   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Sharh

19 Aprel 2025

Tramp tarif siyosatining ta’siri

Trampning tarif siyosati tahlili quyidagi xulosalarga olib keladi: Asosiy fond bozorlaridagi beqarorlikning ma’lum darajada ko‘tarilishi va xomashyo narxlarining o‘zgaruvchanligiga qaramay, jahon moliya bozorlari barqarorligini saqlab qoldi. Davlatlar, xalqaro biznes va sanoat, shuningdek, xalqaro iqtisodiyotning ayrim tarmoqlari xalqaro savdoning yangi sharoitlariga moslashadi. Bir qator mamlakatlar, transmilliy korporatsiyalar va xalqaro kompaniyalar ma’lum bir davrda yetkazib berish zanjirlarining buzilishi xavfiga duch keladi. Tramp tariflarining uzoq muddatli ta’siri darajasi manfaatdor mamlakatlar o‘rtasidagi kelgusi muzokaralar va ehtimoliy diplomatik kelishuvga bog‘liq bo‘ladi.   Umuman olganda, uzoq muddatli tarif siyosati quyidagi oqibatlarga olib kelishi mumkin: mintaqaviy iqtisodiy bloklar, yangi iqtisodiy hamkorliklar va yangi xalqaro yetkazib berish zanjirlari shakllanishi bilan global iqtisodiyotning parchalanishi; xalqaro moliyaviy-iqtisodiy institutlar va ularning ko‘p tomonlama savdo mexanizmlaridagi rolining zaiflashuvi; iqtisodiy millatchilik va himoyachilik choralarining kuchayishi; xalqaro savdo-iqtisodiy tizimning tubdan o‘zgarishi yoki butunlay qayta shakllanishi.   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Sharh

19 Aprel 2025

Rossiya va Tolibon: Siyosiy yaqinlashuv

17-aprel kuni Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi mamlakat hududida Tolibon harakati faoliyatiga qo‘yilgan taqiqni to‘xtatdi. Ushbu qaror orqali Rossiya rasmiy ravishda Tolibonni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqardi. Moskvaning bunday qarorga kelishiga bir qator omillar sabab bo‘lishi mumkin:   Birinchidan, xalqaro sanksiyalar sharoitida Rossiya Global Janub mamlakatlari bilan aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda, bu borada Afg‘oniston muhim tranzit hududi sifatida strategik o‘rin tutadi.    Ikkinchidan, Afg‘oniston Rossiya uchun yangi eksport bozoriga aylanishi mumkin. Tomonlar joriy yilda o‘zaro savdo hajmini 3 milliard AQSh dollarigacha oshirishni rejalashtirmoqda.    Uchinchidan, Rossiya Federatsiyasi Afg‘onistonda mavjud bo‘lgan tabiiy resurslar – xususan, litiy, mis va noyob yer elementlariga katta qiziqish bildirmoqda.   To‘rtinchidan, Moskva Tolibonni IShID-Xuroson terroristik tarmog‘iga qarshi kurashda muhim hamkor sifatida ko‘rayotgan bo‘lishi mumkin, ayniqsa Crocus City Halldagi voqealardan so‘ng bu masala dolzarb tus oldi.   Beshinchidan, Rossiya Federatsiyasining Tolibon bilan siyosiy yaqinlashuvi AQShning afg‘on yo‘nalishidagi harakatlariga javob tariqasida qaralishi mumkin. Jumladan, AQShning Afg‘oniston bo‘yicha sobiq maxsus vakili Zalmay Halilzodning joriy yil mart oyida Kobulga qilgan tashrifi bunga misol bo‘la oladi.    Oltinchidan, Afg‘oniston bilan yaqinlashuv Rossiya Federatsiyasining Yevrosiyo qit’asidagi grand-strategiyasining tarkibiy qismi bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Bu doirada Afg‘oniston strategik jihatdan muhim davlat sifatida talqin qilinmoqda.   Rossiyaning Tolibonni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarishi boshqa davlatlarning, ayniqsa, hozirda kutish pozitsiyasini egallagan mamlakatlarning pozitsiyasiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan pretsedent (namuna) yaratmoqda. Xususan, Eron, Pokiston va Hindiston Afg‘oniston bilan hamkorligini kuchaytirishi mumkin. Moskva de-yure tan olinmagan hukumat bilan muloqotga tayyor ekanligini namoyon qilmoqda, bu esa boshqa davlatlarni ham Kobulga nisbatan yanada moslashuvchan siyosat yuritishga undashi mumkin. Uzoq muddatda bu holat Tolibonning xalqaro miqyosdagi yakkalanishini susaytirishi mumkin.   Umuman olganda, Rossiya Federatsiyasining Afg‘oniston borasidagi siyosati ayrim jihatlari bilan Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlariga ham mos kelishi mumkin. Bu yerda muhim jihatlardan biri – Moskvaning tashqi siyosiy qarashidir. Unga ko‘ra, Afg‘oniston Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida qaralmoqda. Rossiya Afg‘oniston bo‘yicha yagona mintaqaviy strategiyani shakllantirishga ko‘maklashuvchi hamkor maqomida maydonga chiqishi mumkin.   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Sharh

19 Aprel 2025

Amerika yordamini cheklash va O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining rivojlanishi

AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining siyosati xalqaro tashabbuslarni moliyalashtirishni qisqartirishning barqaror yo‘nalishini ko‘rsatmoqda. Ushbu strategiya doirasida Amerika tomoni tashqi yordam ko‘rsatish ko‘lami va yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqmoqda, bu esa allaqachon aniq dasturlarga, jumladan, O‘zbekistondagi loyihalarga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, yaqinda AQSH Davlat departamentining respublikada fuqarolik faolligini rag‘batlantirish uchun mo‘ljallangan 2,5 million dollarlik grantni ajratish to‘g‘risidagi qarori bekor qilindi.   Amerika qo‘llab-quvvatlash tizimida AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) muhim o‘rin tutadi. 2020-yilda Toshkentda USAID vakolatxonasi ochilgandan so‘ng, uning Amerika yordamini taqsimlashdagi ishtiroki sezilarli darajada oshdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2024-yilga kelib USAIDning ulushi 24,2 foizdan 73,5 foizga ko‘tarildi, bu ularning mamlakatdagi mavqeyi institutsional jihatdan mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi. Biroq, 2025-yil yanvar oyida Donald Tramp dasturlarni “Amerika qadriyatlari” va AQSH tashqi siyosatining milliy ustuvorliklariga muvofiqligini qayta ko‘rib chiqish maqsadida USAIDning barcha xorijiy yordamlarini 90 kunga vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risida farmoyish chiqardi.   Bunday choralar izolyatsionistik yondashuvlarga qaytish va ichki muammolarni hal qilish foydasiga resurslarni taqsimlash tamoyillarini qayta ko‘rib chiqishning keng qamrovli kontekstiga mos keladi. Shu ma’noda ma’muriyatning hozirgi qadamlarini kutilmagan deb bo‘lmaydi: ular Trampning davlat xarajatlarini qisqartirish, xalqaro majburiyatlar ustidan nazoratni kuchaytirish va tashqi siyosat tashabbuslarini mafkuraviy saralashni nazarda tutuvchi saylovoldi va’dalarining davomidir.   Shunga qaramay, ushbu qarorlarning O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati rivojlanishiga ta’siri cheklangan ko‘rinadi. 2021-yilda e’lon qilingan “Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasida jamoatchilik tashabbuslarini institutsionallashtirish, nodavlat tashkilotlarning rolini kuchaytirish va fuqarolik ishtiroki mexanizmlarini kengaytirishga izchil e’tibor qaratilgan. Shu nuqtai nazardan, xalqaro qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, Amerika yordami ko‘proq qo‘shimcha, ammo hal qiluvchi omil bo‘lmagan holda namoyon bo‘lmoqda.   Binobarin, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarining rivojlanishi tashqi grant mablag‘lari qisqargan taqdirda ham, rahbariyatning siyosiy irodasi va jamiyatning modernizatsiyaga bo‘lgan ehtiyojiga tayanib, ichki barqarorligini saqlab qolmoqda.   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.